O‘zbekiston Rossiya bilan turizm bo‘yicha aloqalarni rivojlantirmoqchi
Olam
−
14 iyun
2696O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi turizm sohasini rivojlantirish bo‘yicha O‘zbekiston-Rossiya qo‘shma loyihalarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyor. Bu haqda qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Jamshid Abdusalomov Rossiya poytaxtida bo‘lib o‘tayotgan “Sayohat qil” turizm forumida so‘z ochgan.
“Rossiya va O‘zbekiston turizm sohasida hali foydalanilmagan ulkan salohiyatga ega, biz faolroq va keng ko‘lamda hamkorlik qilishimiz kerak. O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi qo‘shma loyihalarni amalga oshirishda mamlakatlarimiz turizm biznesini qo‘llab-quvvatlashga tayyor”, deydi u.
Shu bilan birga, u mamlakatda turizm iqtisodiyotning drayveri sifatida belgilangani va Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan keyingi yillarda bu sohani rivojlantirish bo‘yicha misli ko‘rilmagan chora-tadbirlar amalga oshirilayotganini qayd etgan.
Avvalroq Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning 26-28 may kunlari O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida 2025-2026 yillarga mo‘ljallangan turistlar oqimini oshirish bo‘yicha ikki tomonlama dastur hamda turizm sohasida hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha yo‘l xaritasi imzolangani xabar qilingandi. Mutaxassislarning fikricha, ushbu hujjatlarning hayotga tatbiq etilishi 2027 yilga borib o‘zaro sayyohlar oqimini 40 foizga, yiliga 2 million sayyohga yetkazadi.
Hozir rossiyalik sayyohlar O‘zbekistonga tashrif buyurish bo‘yicha Qozog‘iston, Tojikiston va Qirg‘izistondan keyin to‘rtinchi o‘rinni egallab turibdi. 2023 yilda O‘zbekistonga Rossiya Federatsiyasidan 714,2 ming turist tashrif buyurdi, bu 2022 yilga nisbatan 25,8 foizga ko‘pdir.