O‘zbekiston RFdan nodavlat OTMlarini tartibga chaqirib qo‘yishni so‘radi

Jamiyat

image

Avvalroq, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi mamlakatda noqonuniy oliy ta’lim muassasalari faoliyat yuritayotgani haqida ogohlantirgandi.

Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi sohta OTMlari bo‘yicha navbatdagi bayonotini e’lon qildi. Unda birinchi maqola fuqarolarning og‘zaki yoki yozma murojaatlari asosida tayyorlanganligi, unda ta’kidlangan hamma masalalar ham o‘zining to‘liq huquqiy isbotini topmaganligi aytib o‘tilgan. 

“Jumladan, mazkur maqola e’lon qilinganidan so‘ng respublika fuqarolari ko‘plab ma’lumotlarga ega bo‘lishi bilan bir qatorda, maqolada nomi qayd etilgan Rossiya Federatsiyasining Tomsk davlat boshqaruv tizimi va radioyelektronika universiteti rahbariyati ushbu maqoladagi holatlarni jiddiy o‘rganib chiqish maqsadida universitetning “Studentlarni yig‘ish va taqsimlash” bo‘limi boshlig‘i Mozgunov Aleksey Viktorovichni O‘zbekiston Respublikasiga xizmat safariga yubordi.

Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi Rossiya Federatsiyasining Tomsk davlat boshqaruv tizimi va radioyelektronika universiteti bilan hamkorlikda fuqarolarning murojaatlari o‘rganib chiqildi. O‘rganish jarayonida Tomsk davlat boshqaruv tizimi va radioyelektronika universiteti bilan O‘zbekiston Respublikasidagi ayrim konsalting firmalari shartnoma asosida abituriyentlardan hujjatlarni qabul qilish va universitetga taqdim etish bo‘yicha xizmat ko‘rsatayotganligi ma’lum bo‘ldi. Universitetning 2019-2020 o‘quv yiliga qabul qilish qoidalarida 2019 yil 15 oktyabrgacha kechki ta’lim shakli uchun hamda 2019 yil 13 dekabrgacha sirtqi ta’lim shakli uchun hujjatlar qabul qilish belgilanganligi sababli, konsalting firmalari tomonidan mazkur qoidalarga asosan abituriyentlardan kechki va sirtqi ta’lim shakllari uchun hujjatlar qabul qilinganligi aniqlandi.

O‘zbekiston Respublikasida amalda bo‘lgan Nizomga ko‘ra, xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish uchun: ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatni bergan ta’lim muassasasi o‘sha davlat tomonidan tan olingan bo‘lishi ya’ni akkreditatsiya guvohnomasiga ega bo‘lishi; O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida nazarda tutilgan ta’lim shaklida o‘qib olingan bo‘lishi; shu bilan birga ushbu ta’lim muassasasi bakalavriatining kunduzgi ta’lim shakli uchun kamida 4 yil, sirtqi ta’lim shakli uchun kamida 5 yil ta’lim olgan bo‘lishi talab etilishi universitet vakiliga tushuntirib o‘tildi.

Shuningdek, hamkorlikdagi o‘rganishlar jarayonida Tomsk davlat boshqaruv tizimi va radioyelektronika universitetida O‘zbekiston Respublikasining jami 681 nafar fuqarosi bugungi kunda ta’lim olayotganligi ma’lum bo‘ldi. Shundan 52 nafari kunduzgi ta’lim shaklida, 17 nafari kechki ta’lim shaklida va 612 nafari (shundan 598 nafari masofaviy ta’lim elementlarini qo‘llagan holda) sirtqi ta’lim shaklida ta’lim olayotganligi e’tirof etildi.

Universitet vakiliga 598 nafar masofaviy ta’lim elementlarini qo‘llagan holda sirtqi ta’limda tahsil olayotgan talabalarga O‘zbekiston Respublikasida masofaviy shaklda ta’lim olish amalda mavjud emasligi sababli bu shaklda o‘qib olingan diplomlar tan olinmasligini hamda tan olinmagan ta’lim hujjati O‘zbekiston Respublikasi hududida qonuniy kuchga ega bo‘lmasligini tushuntirib o‘tishlari lozimligi ta’kidlandi. Shuningdek, kelgusida universitetga masofaviy ta’lim elementlarini qo‘llagan holda sirtqi ta’limda tahsil olish uchun hujjat topshiruvchi O‘zbekistonlik abituriyentlarga hujjat qabul qilish jarayonida tan olishga qo‘yiladigan talablar tushuntirib o‘tish kerakligi yana bir bor eslatib o‘tildi”, deyladi xabarda.

Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi 2019 yil 29 noyabr kuni Rossiya Federatsiyasining Ta’lim sohasini nazorat qilish bo‘yicha Federal xizmatiga rasmiy xat bilan murojaat qilgan holda Rossiya Federatsiyasining ayrim nodavlat oliy ta’lim muassasalari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi hududida noqonuniy faoliyat olib borish holatlari kuzatilayotganligi, ularning faoliyatini nazoratga olish va chora ko‘rish so‘ralgan.

Tomsk davlat boshqaruv tizimi va radioyelektronika universiteti bilan birgalikda maqoladagi masalalar o‘rganib chiqilganligi, aniqlik kiritilganligi va bartaraf etilganligi sababli, mazkur xatda Tomsk davlat boshqaruv tizimi va radioyelektronika universiteti nomi qayd etilmagan.

“Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi Tomsk davlat boshqaruv tizimi va radioyelektronika universiteti rahbariyatiga maqolada e’lon qilingan masalalarga tezkor ravishda o‘z munosabatini bildirganligi hamda mazkur holatlarni o‘rganib chiqish uchun ko‘rsatgan amaliy yordamlari uchun minnatdorchilik bildiradi. Davlat inspeksiyasi va universitet ma’muriyati kelgusida hamkorlikdagi faoliyatini yanada kengaytirishga va turli noqonuniy xatti-harakatlarning oldini olishda birgalikda kurashishga kelishib olindi”, deyiladi inspeksiya bayonotida.


Maqola muallifi

Teglar

OTM abiturient ta'lim inspektsiyasi

Baholaganlar

27

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing