O‘zbekiston rasmiysi Rossiyani kadrlar tayyorlashning ustuvor yo‘nalishi deb atadi

Jamiyat

image

Rossiya oliy o‘quv yurtlari bilan birgalikda muhandis-texnik kadrlar tayyorlash O‘zbekiston uchun ustuvor yo‘nalish hisoblanadi. Bu haqda O‘zbekiston Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Komiljon Karimov Sankt-Peterburgda bo‘lib o‘tgan Rossiya Federatsiyasi va O‘zbekiston Respublikasi universitetlari rektorlarining III hududlararo konferensiyasida ma’lum qildi, deb yozmoqda TASS. 

“O‘zbekiston uchun – bu haqda bugungi konferensiyaning ochilishida ham gapirgan edik – Rossiya oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlikda muhandis-texnik kadrlar tayyorlash mutlaq ustuvor vazifadir. Muhandislar deganda biz juda keng mutaxassisliklarni, xoh mashinasozlik, xoh transport, xoh energetika, xoh qurilish bo‘lsin – ulkan qatlamni nazarda tutamiz. Rossiya Federatsiyasi universitetlarida mavjud bo‘lgan katta ilmiy va ta’lim salohiyatini hisobga olgan holda, bu biz uchun ustuvor yo‘nalishdir”, deydi Komiljon Karimov. 

Qayd etilishicha, konferensiya doirasida Sankt-Peterburg davlat universiteti va O‘zbekiston Respublikasi Maktab va maktabgacha ta’lim vazirligi o‘rtasida matematika, fizika, kimyo, biologiya va rus tili fani o‘qituvchilarining tajriba almashishi va ularning malakasini oshirish bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumi imzolangan. Qo‘shma ta’lim dasturlari va boshqa loyihalarni amalga oshirish Sankt-Peterburg davlat universitetining Toshkentdagi filiali negizida amalga oshiriladi.

“Sankt-Peterburg universitetiga O‘zbekistondan kelgan yigitlar sobiq ittifoqning boshqa respublikalaridan ko‘ra yaxshiroq o‘qiydilar. Magistraturaga kelgan yigitlar, O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlari bitiruvchilari bizni va dasturlarimizni yaxshiroq tushunishadi”, deydi Sankt-Peterburg davlat universiteti rektori Nikolay Kropachev. 

Sankt-Peterburg davlat universiteti O‘zbekistonning 11 ta oliy o‘quv yurti va tashkilotlari, jumladan, Buxoro davlat tibbiyot instituti, Toshkent davlat sharqshunoslik instituti, Samarqand davlat universiteti va boshqalar bilan hamkorlik qilish bo‘yicha asosli shartnomalarga ega. Kropachevning aytishicha, tibbiyot, matematika va dasturlash fanlari Sankt-Peterburg davlat universitetining o‘zbekistonlik talabalari orasida juda mashhur.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston-Rossiya Komiljon Karimov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing