O‘zbekiston rahbariyati yiliga 1100 bemor umrini 10 yilga uzaytirish ustida bosh qotiryapti
Jamiyat
−
05 avgust 2020
8967O‘zbekistonda davlat rahbari boshchiligida buyrak kasalligiga chalingan bemorlarning umrini yana 10 yilga uzaytarish xususida bosh qotirilyapti. Xo‘sh, bunga qanday erishiladi. Bugun, 5 avgust kuni energetika, transport, kommunal xo‘jalik va tibbiyot sohalarida davlat-xususiy sheriklikni kengaytirish yuzasidan Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda shu haqda so‘z borgan.
Yig‘ilishda Prezident Shavkat Mirziyoyev sog‘liqni saqlash sohasida 270 million dollarlik 14 ta loyihalarni jadallashtirishni tayinlagan.
Ahamiyatli jihati shundaki, ikki oy muddatda Qoraqalpog‘iston, Xorazm va Toshkentda gemodializ markazlarini tashkil etish bo‘yicha tenderlarni yakunlash vazifasi qo‘yilgan. Qayd etilishicha, ushbu loyihalar doirasida yiliga 1 100 bemorning umrini 10 yilga uzaytirish imkoni yaratiladi. Gemodializ xarajatlari uchun byudjetdan yiliga 100 milliard so‘m ajratiladi.
Mamlakatda har yili 20 mingdan ziyod onkologik bemor ro‘yxatga olinadi. Mutasaddilarga yil yakuniga qadar 2 ta radioterapiya markazini davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etish topshirig‘i berildi. Shuningdek, yil yakuniga qadar Nurafshon shahrida “qurish – boshqarish – topshirish” prinsipi asosida 1 ming o‘rinli ko‘p tarmoqli klinik shifoxona tashkil etish bo‘yicha loyiha hujjatlari ishlab chiqish yuklatildi.