O‘zbekiston paralimpiadachilari yana 3 ta medalga sazovor bo‘ldi
Sport
−
01 Sentabr
21868Fransiyada o‘tkazilayotgan 2024 yilgi Parij yozgi Paralimpiada o‘yinlari qizg‘in bahslar bilan davom etmoqda. O‘yinlarning taekvondo turi bo‘yicha yana ikki nafar o‘zbekistonlik sportchi va bir nafar yengil atletikachi O‘zbekiston delegatsiyasi hisobiga medallarni qo‘shib qo‘ydi.
Para taekvondoning K44 klassida -80 kg vazn toifasida ishtirok etgan o‘zbekistonlik Asadbek Toshtemirov Paralimpiada o‘yinlari g‘olibiga aylandi. Toshtemirov chempionlik jangida meksikalik Luis Naxeraga hech qanday imkon qoldirmadi.
Para yengil atletika bo‘yicha F57 klassining nayza uloqtirish bahslarida yana bir O‘zbekiston sportchisi Yorqinbek Odilov oltin medalga sazovor bo‘ldi. Tokio-2020 yozgi Paralimpiada o‘yinlarini 4-o‘rinda yakunlagan Odilov Parijda 50.32 metr natija ko‘rsatishga erishdi.
Para taekvondochi Guljanoy Naimova Paralimpiada o‘yinlaridagi ikkinchi medalini qo‘lga kiritdi. K44 klassida +65 kg vazn toifasida qatnashgan Naimova britaniyalik Emi Tryusdeylga qarshi chempionlik jangida jarohat sabab bahsni yakunlay olmadi va kumush medal bilan cheklandi.
Bu Guljanoy Naimova uchun Paralimpiada o‘yinlaridagi ikkinchi medal bo‘ldi. Tokio-2020 yozgi Paralimpiada o‘yinlarida u oltin medalga ega chiqqan edi.
Shu tariqa O‘zbekiston delegatsiyasi hisobidagi medallar soni 11 taga yetdi: 5 ta oltin, 3 ta kumush va 3 ta bronza.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq o‘zbekistonlik yana ikki taekvondochi Paralimpiada finaliga chiqqani xabar qilingandi.
LiveBarchasi