O‘zbekiston pansionatlar bo‘yicha sudda Qirg‘izistonni yutdimi?

Olam

image

Qirg‘iziston Hukumati Xalqaro arbitraj sudida pansionatlar bo‘yicha sud ishida O‘zbekistonga yutqazgani haqidagi xabarlarni inkor qildi. Qirg‘iziston Hukumati apparatining axborot ta’minoti bo‘limi sud ishi haqida ma’lumot berdi.

“Bugungi kunda ushbu ishni Xalqaro arbitraj sudida ko‘rib chiqish davom etmoqda.

Shuni ta’kidlash kerakki, bu kabi da’vo arizalarini ko‘rib chiqishda dastlab da’voning o‘zi emas, bu da’voni Halqaro arbitraj ko‘rib chiqish vakolatiga ega yoki ega emasligi muhokama qilinadi. Shundan so‘ng masalani ko‘rib chiqish jarayoni boshlanadi.

Joriy yilning may oyi boshida birinchi bosqich yakunlandi, unda xalqaro arbitraj bu masalani ko‘rib chiqishga vakolatli ekani to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Shu munosabat bilan Qirg‘iziston Hukumatining xalqaro arbitraj sudda bu masala bo‘yicha yutqazgani haqidagi ma’lumot haqiqatdan yiroqdir.

Bugungi kunda Hukumat tomonidan keng qamrovli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda va dalillar bazasini yaratish hamda da’vogarning dalillarini o‘rganish bo‘yicha ishlar davom etmoqda”, deyiladi xabarda.

2016 yil 4 aprelida Qirg‘izistonning o‘sha paytdagi Bosh vaziri Temir Sariyev Issiqko‘ldagi O‘zbekistonga qarashli “Dilorom”, “Rohat”, “Oltin qum” va “Bo‘ston” pansionatlarini Qirg‘iziston ixtiyoriga o‘tkazish to‘g‘risida qaror imzoladi.

2017 yilning dekabrida Qirg‘iziston Parlamenti pansionatlarni O‘zbekistonga qaytarish bo‘yicha Toshkent bilan imzolangan shartnomani ratifikatsiya qilgan va shundan so‘ng, o‘sha paytdagi Bosh vazir Sapar Isaqov to‘rt pansionatni O‘zbekistonga qaytarish to‘g‘risidagi qarorni imzolagandi.

Ammo pansionatlar O‘zbekistonga qaytarilmagani sababli 2017 yilda rasmiy Toshkent Xalqaro arbitraj sudiga da’vo bilan chiqqan.

Ma’lumot uchun, XX asrning 1960-yillarida Sovet Ittifoqi Ministrlar kengashi Issiqko‘lni butunittifoq sog‘lomlashtirish markazi sifatida e’lon qilgandi. O‘shanda O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘z mablag‘i hisobidan Issiqko‘lda to‘rttadan pansionat barpo etgan.


Maqola muallifi

Teglar

Qirg'iziston pansionat

Baholaganlar

130

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing