O‘zbekiston pandemiyaga qarshi qanday kurashyapti? Mutaxassis javob berdi

Intervyu

image

Xabaringiz bor, O‘zbekiston Respublikasiga koronavirus kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini qayta tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan joriy yilning 10 iyuldan 1 avgustga qadar karantin choralari kuchaytiriladi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Hakimov karantin choralarining qaytarilish sabablari, O‘zbekistonning pandemiya davrida olib borayotgan siyosati va vaziyatning rivojlanish prognozlari haqidagi fikrlarini bildirdi.

Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan O‘zbekistonda koronavirusga qarshi kurash bo‘yicha karantin cheklovlari 10 iyuldan 1 avgustgacha kuchaytirildi. Mazkur cheklovlar nima sababdan kiritilmoqda?

Ta’kidlash lozimki, koronavirus bilan bog‘liq vaziyat so‘nggi paytlarda nafaqat O‘zbekistonda, balki butun dunyoda yanada murakkablashib bormoqda. Ko‘plab davlatlar infeksiyaning tarqalishini kamaytirish uchun ilgari olib tashlangan cheklovlarni qayta kiritishmoqda. Masalan, Xitoyda ayrim shahar va tumanlar qayta yopilmoqda, AQSHda ham ba’zi shahar va shtatlarda karantin rejimiga qaytarilmoqda, Yevropa davlatlari esa bekor qilingan cheklovlarni qisman tiklamoqda. Xuddi mana shunday holat bizning davlatimizda ham sodir bo‘lmoqda. Qozog‘iston hukumati epidemiologik vaziyat yomonlashayotgan fonida yana karantin choralarini kuchaytirdi. Armanistonda "niqob rejimi" kuchaytirilib, yuzlab do‘konlar, dorixonalar, go‘zallik salonlari va kafelar faoliyatiga qaytadan cheklovlar qo‘yildi. Ozarbayjonda vaziyatning keskinlashuvi tufayli karantin yana ikki haftaga uzaytirildi. 

O‘zbekistondagi vaziyat qanday o‘zgarmoqda? Amalda qat’iy va ob’ektiv cheklovlar zarurligi tufayli O‘zbekistonda kasallanishning shiddatli tarqalishi va nazoratsiz oshib ketishi oldi olindi.

Qo‘shni mamlakatlar va hatto Yevropa va AQSHdan farqli o‘laroq, bizda aholining asosiy ehtiyoj tovarlariga tanqislikning oshishi va ommaviy sarosimaga yo‘l qo‘yilmadi.

Oziq-ovqat, dori-darmon, antiseptiklar hamda dezinfeksiyalash mahsulotlari savdosini nazorat qilish bo‘yicha olib borilgan tezkor chora-tadbirlarning barchasi vaziyatni barqarorlashtirish maqsadida amalga oshirildi. 

Biroq karantin rejimining susayishi infeksiyalar sonining ortishiga olib keldi. Qattiq karantin davrida 16 martdan 10 maygacha kasallanish holatlari soni 2 418 tani tashkil etgan bo‘lsa, karantin choralari yumshaganidan so‘ng 10 maydan 9 iyulgacha bo‘lgan davrda kasallanish holatlari soni 9 029 taga yetdi. Karantin talablarining susayishi bilan koronavirus bilan kasallanganlar soni iyul oyining birinchi haftasida 2 167 taga ko‘paydi. Shulardan 1 267 (58%) holat aholi orasida aniqlangan. May oyida o‘rtacha kunlik 51 ta holat ro‘yxatga olingan bo‘lsa, iyun oyidagi ko‘rsatgich 163 taga yetdi. Iyul oyi boshidan buyon kuniga o‘rtacha 324 nafar kishi ushbu kasallikka chalindi.

Ammo cheklov choralarini qayta boshlash, avvalgidek bo‘lmasa ham iqtisodiyot va aholi daromadlariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Ushbu choralar qanday samara beradi?

Cheklov choralarining hozirgi bosqichi ob’ektiv ravishda avvalgisi bilan solishtirib bo‘lmaydi. Cheklov choralari asosan xizmat ko‘rsatish, umumiy ovqatlanish sohalari, ya’ni odamlarning ommaviy to‘planishi bilan bog‘liq bo‘lgan tarmoqlarga tegishli. Amaldagi chora-tadbirlar virus tarqalishini sekinlashtirishga qaratilgan. Bir vaqtning o‘zida kamroq odam yuqtirsa, o‘ta og‘ir bemorlarni davolash osonroq bo‘ladi. Eng samarali vosita vaqt omilidir. Iqtisodiyotda keng ko‘lamli to‘xtatib turish to‘g‘ri kelmaydi. Iqtisodiy faoliyatning umumiy pasayishini kutmaslik kerak. Aksincha, sentyabr oyiga qadar to‘xtatib qo‘yilgan korxonalarning kamida 70 %i, yil oxiriga kelib esa ushbu korxonalarning barchasini ishga tushirish rejalashtirilmoqda.

Hukumatning topshirig‘i bo‘yicha Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi cheklov choralari to‘liq olib tashlaganidan keyin yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan vaziyatni rivojlantirish uchun yangi ssenariylarni, shu jumladan, 2021 yilgacha kasallikning takrorlanish to‘lqinlarining yuqori ehtimollikdagi prognozlarini qisqa muddatlarda ishlab chiqmoqda. Bu bizning prognozimizda o‘z aksini topgan.

Pandemiya yaqin orada susaymaydi va iqtisodiy faoliyat epidemiologik vaziyatga qarab olib boriladi. Aytishim mumkinki, agar epidemiyaning yangi to‘lqini boshlanganligi sababli karantin choralari kuchaytirilmasa, Markazimizning prognozlariga ko‘ra, joriy yilning dekabr oyiga qadar koronavirus infeksiyasi bilan kasallanganlar soni deyarli 64 ming bemorga yetishi mumkin. Shu bilan birga ushbu bemorlarni parvarish qilish uchun qo‘shimcha 3,6 trillion so‘m mablag‘ kerak bo‘ladi. Bugungi kunga qadar koronavirus infeksiyasining tarqalishiga qarshi kurash xarajatlari (testlar, dorilar, himoya vositalari, tibbiyot xodimlariga to‘lanadigan to‘lovlar) uchun 750 milliard so‘mga yaqin mablag‘ sarflangan. Ko‘rib turganingizdek, bu mamlakat byudjetiga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Markaziilmiy xodimlari mazkur ssenariyni inqiroz rivojlanishining ko‘rib chiqilayotgan choralar orasida eng maqbuli deb hisoblashadi. 

Karantin choralarini kuchaytirish samarasini esa 15-20 kun ichida baholashimiz mumkin bo‘ladi. Hammasi bu bizning ushbu choralarga qanchalik rioya qilishimizga bog‘liq. Albatta, iqtisodiyot yangi xavf-xatarlarga moslashishi kerak va ayni paytda iqtisodiyot sohalari kasal fuqarolar soniga qarab ochilishi yoki yopilishi mumkin.

Cheklov choralarini paytida ijtimoiy zaif guruhlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha choralar mavjudmi?

Ha, mavjud. Respublika komissiyasining qarori bilan 20 kunlik karantin davrida 120 ming ijtimoiy muhofazaga muxtoj oilani bepul oziq-ovqat, dori-darmon va birlamchi maxsulotlar bilan ta’minlash to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Maqsadli taqsimlash va moliyaviy yordam ko‘rsatish uchun homiylik, xayriyani muvofiqlashtirish va ko‘ngillilar markazlari tashkil etiladi.

Yolg‘iz keksa odamlar, kam ta’minlangan, ko‘p bolali oilalar, og‘ir kasallar, ikki yoki undan ortiq bolani tarbiyalayotgan beva ayollar, ota-onalari nogironlar va yetimlarni tarbiyalayotgan oilalarga yordam ko‘rsatiladi. Otasi yoki onasi yoki bo‘lmasa,  ikkalasi ham ishsiz bo‘lgan va mehnatga layoqatli a’zolari bo‘lgan, ammo pandemiya sababli vaqtincha daromadlaridan mahrum bo‘lgan oilalarga yordam ko‘rsatiladi.

Sizningcha, O‘zbekiston boshqa davlatlar bilan solishtirganda pandemiya bilan qanday kurashmoqda?

O‘z vaqtida o‘tkazilgan karantin choralari tufayli, O‘zbekistonda COVID-19 pandemiyasi bo‘yicha ahvol qo‘shni davlatlar, MDH va dunyo darajasidan umuman olganda bir necha baravar yaxshi. Va bu haqiqatan ham shunday. Ayrim mamlakatlarda kuzatilayotgan kunlik yuzlab va minglab yo‘qotishlar hozirda O‘zbekistonda kuzatilmadi. Boshqa davlatlar bilan taqqoslaganda aholining soniga mutanosib ravishda zararlanishlar soni minimal ko‘rsatkichlarga yaqin. 100 ming kishiga to‘g‘ri keladigan holatlar soni bo‘yicha O‘zbekiston MDH davlatlari orasida oxirgi o‘rinda – bizda bu ko‘rsatkich 35 kishini tashkil etmoqda. Taqqoslash uchun, Rossiyada bu ko‘rsatkich – 484 kishi, Belorusiyada – 681 kishi, Qozog‘istonda – 291 kishi, Qirg‘izistonda – 143 kishi, Armanistonda – 1024 kishi. Bu ko‘rsatkich 34 million aholiga ega bo‘lgan O‘zbekistonda 18,5 million aholisi bo‘lgan Qozog‘istonga nisbatan deyarli 5 baravar kam. Mamlakatimizda koronavirusdan o‘lim darajasi dunyodagi eng past ko‘rsatkichlardan biri hisoblanadi – 0,4 foiz. Bu qo‘shni davlatlar - Qirg‘iziston va Qozog‘istonga nisbatan deyarli 2-3 baravar past. Rossiyada bu ko‘rsatkich 1,5 foizni, AQSHda 4 foizni, Braziliya 3 foizni va Hindistonda 3 foizni tashkil qiladi.

Ushbu tahlillar haqiqatan juda katta ishlar olib borilganidan dalolat bermoqda. Bu ko‘rsatkichlar qaysi choralar evaziga erishildi?

Darhaqiqat, bu borada davlat koronavirus infeksiyasi tarqalishini cheklash, aniqlash va davolash bilan bog‘liq barcha xarajatlarni to‘liq o‘z zimmasiga oldi. Koronavirus infeksiyasining tarqalishiga qarshi kurash uchun jami 1,7 trln. so‘m mablag‘ sarflandi. Shu bilan birga, o‘rta og‘irlikdagi bemorlarni davolash uchun o‘rtacha 32,3 million so‘m (3200 AQSH dollari), reanimatsiyada bo‘lgan bemorni davolash uchun 64,4 million so‘m (6300 AQSH dollari) sarflandi.

Qo‘shimcha qilish mumkin, masalan Fair Health mustaqil notijorat tashkiloti ekspertlarining hisob-kitoblariga ko‘ra, AQSHda koronavirusni davolash sug‘urta qilinmagan bemor uchun 73,3 ming dollarga, sug‘urta polisiga ega bemor uchun 38 ming dollarga tushadi, shuningdek, koronavirusni davolash 1 million dollarni tashkil qilgan bemorlar ham bor ekan.

Ajratilgan mablag‘lar evaziga sog‘liqni saqlash salohiyatini sezilarli darajada oshirish imkoniyati yaratildi. Shaxsiy himoya vositalari, sun’iy o‘pka ventilyatsiyasi uskunalari va boshqa tibbiy asbob-uskunalarni ko‘p miqdorda sotib olishga mablag‘lar ajratildi. Masalan, 878 ming dona tibbiy xodimlarning sog‘lig‘ini saqlashga imkon beradigan himoya kiyimlari sotib olindi. 

Shifokorlarga kasallikni ommaviy yuqishini oldini olishga muvaffaq bo‘ldik. Masalan, Nyu-Yorkda ushbu muammo ba’zi klinikalarda tibbiy xodimlar sonining keskin tushib ketishiga olib keldi.

Shu bilan birga, 16 ta tibbiyot muassasasining faoliyati koronavirus infeksiyasini davolashga qayta moslashtirildi. Toshkent shahrida bir paytning o‘zida sig‘imi 4 637 nafar kishi bo‘lgan 16 ta tibbiy muassasalar faoliyat yuritmoqda. Shundan 3 580 ta joy COVID-19 bilan kasallangan bemorlar uchun ajratilgan. 

Viloyatlarda COVID -19 bilan kasallanganlarni davolash uchun jami 3 367 o‘rinlik muassasalar ajratilgan. Qo‘shimcha tarzda yana 22 ta tibbiyot muassasalarida 7 130 ta zaxira yotoqlar ajratilgan. Bundan tashqari, Toshkent viloyatining Zangiota tumanida 1 ming o‘rinli yangi yuqumli kasalliklar shifoxonasi foydalanishga topshirildi.

Pandemiyaning nafaqat insonlarning salomatligiga, balki salbiy ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlari ham mavjud. Ushbu yo‘nalishda qanday choralar ko‘rildi?

Agar mamlakatda koronavirus infeksiyasining birinchi holati 16 martda aniqlangan bo‘lsa, davlat rahbarining birinchi farmoni 19 martda e’lon qilindi. Va bugungi kunga qadar respublikaning ijtimoiy-iqtisodiy hayotidagi barcha o‘zgarishlar uzluksiz tahlil qilinib, barcha zarur qarorlar qabul qilinmoqda. Shu yilning mart oyidan iyun oyiga qadar Respublikada pandemiyaning aholi turmush darajasi va iqtisodiyotga ta’sirini kamaytirishga qaratilgan davlat rahbarining 14 ta farmon va qarorlari qabul qilindi.

Natijada 500 mingdan ortiq tadbirkorlik sub’ekti va 8 milliondan ortiq fuqaroga qariyb 30 trln. so‘m miqdorida imtiyoz va preferensiyalar berildi. Bunday yirik ko‘lamli davlat ko‘magi mart oyida 10 trillion so‘m hajmdagi “Inqirozga qarshi kurashish” jamg‘armasi tashkil etilganligi va boshqa ko‘rilgan ko‘plab boshqa chora-tadbirlar tufayli amalga oshirildi.

Ta’kidlash kerakki, Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasining faoliyati shaffof bo‘lib, mablag‘larning nimaga sarf qilinayotganligi to‘g‘risida to‘liq ma’lumotlar shakllantirilgan. Shu jumladan, bugungi kunda Moliya vazirligi huzuridagi Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasining xarajatlari 5,3 trillion so‘mni tashkil qilgan bo‘lib, undan koronavirus infeksiyasining tarqalishiga qarshi kurash harajatlari 746 milliard so‘m qo‘shimcha investitsiya loyihalarini moliyalashtirish xarajatlari 1 741 milliard so‘m aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash xarajatlari 641 milliard so‘m sanoatni qo‘llab-quvvatlash xarajatlari 2 trillion 166 milliard so‘mni tashkil etdi.

Agar barcha jalb qilingan mablag‘lar haqida gapiradigan bo‘lsak, koronavirus pandemiyasi davrida aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ko‘rilgan jami chora-tadbirlarning umumiy qiymati 62,6 trillion so‘m (6,13 milliard dollardan ko‘proq)ni (O‘zbekiston Respublikasi YAIMning 10 foizdan ortig‘i) tashkil qiladi. Bu haqiqatan ham ulkan xajmdagi moliyaviy ko‘mak hisoblanadi.

Aprel oyida O‘zbekiston iqtisodiyotida keskin pasayish kuzatilganiga qaramay may oyidan iqtisodiyotning tiklanishi kuzatila boshlandi. Bunga qanday erishildi?

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi pandemiya sharoitida 165 dan ortiq mamlakatda ko‘rilgan choralarni o‘rganib chiqdi. Bu davlatlarning har biri o‘zining iqtisodiy imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda o‘z modellarini ishlab chiqishgan. Inqirozga qarshi kurashishda davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash juda muhim hisoblanib, bunda nafaqat subsidiya yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘lovlar, balki birinchi navbatda soliqlarni kamaytirish yoki ulardan ozod qilish ham muhim ahamiiyat kasb etadi. Ayni paytda, O‘zbekiston iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlashning ushbu variantidan foydalanmoqda, xususan soliq va bojxona imtiyozlari, shuningdek, kechiktirib to‘lash imkoniyatlari, maqsadli subsidiyalar shular jumlasidandir.

Davlat iqtisodiy va moliyaviy xarajatlarning katta qismini o‘z zimmasiga oldi, bu esa mamlakatdagi va dunyodagi beqaror epidemiologik vaziyat davrida iqtisodiyotga, birinchi navbatda kichik va o‘rta biznesga yetkazilgan zararni minimallashtirish maqsadida amalga oshirildi. Iqtisodiyot tarmoqlariga 2,3 trillion so‘m miqdorida soliq imtiyozlari, Inqirozga qarshi kurashish fondidan esa umumiy xajmi 3,6 trillion so‘mga teng mablag‘ ajratildi. Ushbu yordam ko‘lamini biznes bilan bevosita bog‘liq bo‘lmagan aholi his etishlari qiyin bo‘lishi mumkin. Ammo, aynan shu chora-tadbirlar tufayli ko‘pgina ish o‘rinlari saqlab qolindi va ishsizlikning oshib ketishi to‘xtatib qolindi.

Kichik va o‘rta korxonalar mamlakat yalpi ichki mahsulotining 54 foizini ishlab chiqarishini va bandlikning 76 foizini ta’minlayotganligini hisobga olib, ularni qo‘llab-quvvatlash choralari ham amalga oshirilmoqda. Xususan, mazkur turdagi korxonalar 1 iyundan 1 sentyabrgacha bo‘lgan davrda ham mulk va yer solig‘i to‘lashdan ozod etildi.

Pandemiya sharoitida nafaqat O‘zbekistonda, balki butun dunyoda aktual muammolardan biri bu – ish joylarining qisqarishi, ishsizlikning oshishi va turmush darajasining pasayishi hisoblanadi. Buning oldini olish uchun nimalar qilinmoqda?

Aholini ish bilan bandligini rag‘batlantirish, ish o‘rinlari va daromadlarini saqlash bo‘yicha juda ko‘p ishlar amalga oshirildi. Xususan:
•    jamoat ishlari jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 230 mingga yaqin ishsiz fuqarolar vaqtinchalik ish bilan ta’minlandi; 
•    kam ta’minlangan oilalarni shaxsiy tomorqa yerlarini rivojlantirish va qishloq xo‘jaligi kooperativlarini tashkil etish uchun subsidiyalar berish mexanizmi orqali 33 mingdan ortiq oilalar ish bilan ta’minlandi;
•    3 mingga yaqin ishsiz fuqaro tadbirkorlikni rivojlantirish uchun beriladigan subsidiyalar hisobiga ishga joylashtirildi;
•    20 ming ishsiz fuqaroga ishsizlik bo‘yicha nafaqa berildi.

Mazkur choralar natijasida uch oy davr mobaynida jami 374 ming fuqaro ish joyi va doimiy daromad bilan ta’minlandi. Shu bilan birga, 27 ming ishsiz fuqarolarga moddiy yordam ko‘rsatish maqsadida 10 milliard so‘m ajratildi.

Fuqarolarning ijtimoiy himoyaga muhtoj toifalari ham e’tibordan chetda qolmadi. Asosiy maqsad o‘zgargani yo‘q - fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash bilan birga davlat tomonidan o‘rnatilgan ijtimoiy majburiyatlarni bajarish. Maxsus o‘rganishlar natijalariga ko‘ra, 583 mingta “kam ta’minlangan oilalar” moliyaviy yordamga muhtojligi aniqlandi va “Sahovat va ko‘mak” umummilliy harakati doirasida ularga 307 milliard so‘mdan ortiq miqdordagi moliyaviy yordam ko‘rsatildi.

Aholini, ayniqsa, kam ta’minlangan oilalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, ishsiz aholini haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb etish maqsadida jami 279,6 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. Ijtimoiy nafaqa oluvchilar soni 595 ming oiladan 723 ming oilaga yoki 21 foizga oshirildi. 2020 yilda yangi ish o‘rinlarini yaratish va fuqarolar daromadlarini oshirish maqsadida oilaviy biznesni rivojlantirish dasturi doirasida ajratilgan kreditlar hajmi 4 trillion so‘mni tashkil etdi.

Shu bilan birga, 8 iyul kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda davlatimiz rahbari qashshoqlikni kamaytirish ishlari davom etayotganini ham kamida 257 ming kam ta’minlangan oila vakillarini ish bilan ta’minlash va oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida 37 ming oilaga kredit berish zarurligini ta’kidlab o‘tdilar.

O‘zbekistonda iqtisodiyotda anchagina katta norasmiy sektorlari mavjud bo‘lib, bu sohada ishlayotgan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlaridan foydalanish imkoniyatiga ega emas. Shuning ta’sirida ular qiyin vaziyatda qolishgan. Aynan shu toifaga mehnat muhojirlarining o‘z vataniga ommaviy ravishda qaytarilishini ham kiritish mumkin. Ushbu aholi guruhlarini qo‘llab-quvvatlash masalalari qanday hal etiladi?

To‘g‘ri ta’kidlab o‘tdingiz hukumatimiz tomonidan amalga chiqarilayotgan so‘nggi qarorlar aynan ana shu toifadagi aholini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. 

Jumladan, joriy yilning 1 iyul’idan boshlab O‘zbekistonda o‘zini-o‘z ish bilan band qilgan aholini ro‘yxatga olishning yangi tizimini joriy qildi. Bu bilan iqtisodiyotning norasmiy sektorida ishlayotgan jismoniy shaxslar huquqiy maqom berilishi bilan birga ularning daromadlari soliq solinmaydigan tizim joriy etilmoqda. Davlat ularga xufyona iqtisodiyotdan chiqib, o‘z-o‘zini ish bilan band sifatida ro‘yxatdan o‘tishga va rasmiy maqomga o‘tib foyda va preferensiyalar olish imkonini beradi.

Vaqtinchalik bandlik sertifikatlari 67 faoliyat turlari uchun beriladi, shu jumladan, repetitorlik, bolalar va qariyalarga qarash, binolarni tozalash, kichik ta’mirlash, avtomobil yuvish, chorva boqish, tabiblik (litsenziyaga ega bo‘lsa), makulatura yoki boshqa ikkilamchi xom-ashyo yig‘ish va hokazo. Guvohnoma mavjudligi mazkur toifadagi aholi soliq imtiyozlaridan foydalanish huquqini beradi. O‘zini-o‘zi ish bilan band qilganlarning daromadlariga soliq solinmaydi va tashkilotlar tomonidan ularni shartnoma asosida ishga olishda ularning mehnatiga haq to‘lashda yagona ijtimoiy to‘lov ob’ekti sifatida ko‘rilmaydi.

Shuningdek, o‘zini-o‘zi ish bilan band qilgan aholi uchun pensiyalarni hisoblab borish imkoniyatlari ham yaratildi. O‘zini-o‘zi ish bilan band qilgan shaxslar, ishlagan muddatidan qat’iy nazar, ijtimoiy soliqni 2020 yil uchun bazaviy hisoblash miqdorining kamida 50% miqdorida to‘laydilar (bugungi kunga kelib, BHM 223 ming so‘m). Bu mablag‘ byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasiga to‘liq yo‘naltiriladi. Shunga asoslanib, pensiyani hisoblash uchun daromad miqdori yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun belgilangan tartibda hisoblanadi.

O‘zini-o‘zi ish bilan band qilgan aholini tezkor ro‘yxatdan o‘tkazish uchun ham barcha sharoitlar yaratilgan bo‘lib, ular maxsus mobil ilova yoki soliq to‘lovchining shaxsiy hisobvarag‘i orqali matritsali shtrix-kod (QR-kod) berilishi bilan onlayn tarzda ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin. Qayd etish joizki, dastlabki bir necha kun ichida tizimda 45 mingdan ziyod o‘z-o‘zini ish bilan band qilgan kishilar ro‘yxatga olingan. Yil oxirigacha ularning soni 200 mingdan oshishi kutilmoqda.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan koronavirus pandemiyasining xalqimiz hayotiga ta’siri borasida qator tadqiqotlar olib borilmoqda. Ular haqida ham batafsil ma’lumot bersangiz. 

Joriy yilning iyul oyi boshlarida Markaz Jahon banki bilan hamkorlikda “O‘zbekiston fuqarolarini tinglash” (L2CU) loyihasi doirasida KOVID-19ning ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlari bo‘yicha keng ko‘lamli tadqiqot o‘tkazdi. Ushbu tadqiqotga ko‘ra, hukumatning inqirozga qarshi choralar natijasida aprel’-may oylarida ishidan ayrilgan o‘zbekistonliklar soni 19 foizdan 12 foizga kamaygan. Shunday qilib, bu davrda fuqarolarning bandlik darajasi 43 foizdan 58 foizga oshdi. May oyida oziq-ovqat ta’minotidagi uzilishlar haqidagi murojaatlar soni taxminan 6 foizga tushdi. Iyun oyida oziq-ovqat tanqisligi bo‘yicha yangi faktlar kuzatilmadi va deyarli 4 million aholi favqulodda yordam sifatida oziq-ovqat mahsulotlarini qabul qildi. Respondentlarning katta qismi hukumat tomonidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar va fuqarolar bilan ochiq muloqotni qo‘llab-quvvatlamoqda.

Markaz tomonidan BMTning Taraqqiyot dasturi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan pandemiya sharoitida hamda davlat tomonidan qo‘llaniladigan profilaktik chora-tadbirlar kichik va o‘rta korxonalarga ta’siri bo‘yicha korxonalar kesimida o‘tkazilgan so‘rovnomalar asosidagi tadqiqotlari shuni ko‘rsatdiki, korxonalarning aksariyati (78 foiz) pandemiya bilan bog‘liq cheklov choralari doirasida biznesni davom ettirmoqda.

Markazimiz tomonidan yuritilayotgan yana bir indeks - iyun oyidagi ishbilarmonlik faolligi indeksi o‘tgan oyga nisbatan o‘rtacha o‘sishni ko‘rsatdi. O‘tgan oyda bo‘lgani kabi iqtisodiyotda ham ishbilarmonlik faolligi tiklanishda davom etayotganligidan dalolat bermoqda.

Shuningdek, biz joriy qilingan karantin va cheklov choralari doirasidagi ishbilarmonlik muhitining holatini o‘rganib chiqdik. Ushbu so‘rovda mamlakatning barcha hududlaridan qariyb 1000 ta korxona ishtirok etdi. Korxonalarning 76 foizi o‘z biznesi istiqbollarini "Yaxshilanadi", 20 foiz "O‘zgarmaydi" va faqat 4 foiz "Yomonlashadi" deb baholagan. So‘rovning uchinchi davri shuni ko‘rsatdiki, ko‘pchilik respondentlarning fikriga ko‘ra, yaqin 2-3 oy ichida mamlakat iqtisodiyoti jadal rivojlanishni boshdan kechiradi. 

O‘tkazilgan barcha tadqiqotlar natijalariga ko‘ra shuni aytish mumkinki, ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida iqtisodiyotimiz pandemiya kabi krizis holatlariga (bir oy ichida keskin pasayish kuzatilgan) yetarli darajada barqarorligini namoyon qildi va iqtisodiyotda tiklanish jarayonlari juda faol amalga oshmoqda. Bu esa cheklovlarning vaqtincha kuchayishi tiklanayotgan o‘sishni to‘xtatmasligini anglatadi.

Xalqaro tashkilotlarning prognozlariga ko‘ra, ko‘rilayotgan chora-tadbirlar natijasida O‘zbekiston Respublikasi pandemiyaning salbiy oqibatlari iqtisodiyotdagi pasayish bilan emas, balki faqat iqtisodiy o‘sish sur’atlarining 1,5 foiz darajada saqlanib qolishi bilan tavsiflanadigan kichik sondagi mamlakatlar guruhiga kiradi, bu ko‘rsatkich esa boshqa davlatlarnikiga qaraganda ancha yuqori.

Ba’zi mamlakatlarda pandemiya bilan bog‘liq bo‘lgan "vertolyot pullar" usuli O‘zbekiston sharoitida maqsadga muvofiq emasligini ko‘pgina tahlilchilar bildirib o‘tishgan. Shunday bo‘lsada, ko‘plab fuqarolar mazkur tanlovni qo‘llab-quvvatlamoqda. Bu haqda nima deya olasiz?

Ba’zi mamlakatlarda "vertolyot pullari" deb ataladigan aholiga to‘lanadigan to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘lovlar ko‘rinishidagi qo‘llab-quvvatlash choralari qabul qilinishi natijasida bunday to‘lovlarni bizda ham amalga oshirish maqsadga muvofiqligi haqidagi munozaralar davom etmoqda. Biz boshidanoq bunday usullarning ta’sirini tahlil qildik va bir necha bor bunday usullarning samaradorligi pastligini tushuntirdik.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, shu paytgacha amalda bir nechta davlatlargina bunday choralarni amalda qo‘llashgan. Aksariyat hollarda ommaviy ravishda emas, balki aholini ish bilan ta’minlash va moliyaviy qo‘llab-quvvatlashning maqsadli vositalari qo‘llaniladi. Hatto mablag‘larni taqsimlash holatlarida ham, aksariyat hollarda daromadning miqdori asosda cheklovlar belgilanadi yoki mablag‘lar eng ko‘p zarur ko‘rgan yoki himoyasiz guruhlarga beriladi.

Ko‘pincha bunday yordamning namunasi sifatida keltirilgan AQSHda har bir fuqaroga 1,2 ming dollar, daromadlari 75 ming dollargacha va oiladagi har bir bola uchun yana 500 dollar to‘lanadi. Ko‘rsatilgan miqdor ushbu mamlakatdagi aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan yalpi milliy daromadning (YAMD) 1,8 foizini tashkil etadi.  Agar ushbu hisob-kitobni O‘zbekiston sharoitida olib boradigan bo‘lsak, unda to‘lov miqdori har bir ish bilan band shaxs uchun 383 ming so‘m va har bir bolaga 100 ming so‘m bo‘lishi kerak. Respublika miqyosida esa bu mablag‘larni samarasiz sochib yuborilishini anlatadi. Shunga ko‘ra, "vertolyot pullar" dan foydalanishning asosiy vazifasi bo‘lgan talabni rag‘batlantirishga erishishning iloji bo‘lmaydi.

Gonkong tajribasini O‘zbekiston sharoitidan kelib chiqib ko‘rsak. Gonkongda 18 yoshdan oshgan barcha fuqarolarga taxminan 1,2 ming dollar to‘landi - bu taxminan 7 million kishi. Aholiga pul berish uchun mablag‘larning taxminiy hajmi 9 milliard dollarni yoki Gonkong YAIMning 2,5 foizini tashkil etadi.  Agar O‘zbekistonda 18 yoshdan katta bo‘lganlarga ming dollardan to‘lansa va bu taxminan 23 million odamni tashkil qilsa, unda bu miqdor 23 milliard dollarni tashkil etadi, bu YAIMning 38 foizini va bu hozirda 30 milliard dollar bo‘lgan mamlakat oltin-valyuta zaxirasining 77 foizini tashkil etadi. 

Inflyatsiyaning tezlashishi va byudjet taqchilligining oshishi xavfini tug‘diradigan "vertolyot pullar" dan farqli o‘laroq, biz nafaqat muhtojlarga yordam berish, balki ularning iqtisodiy faolligini oshirishga imkon beradigan modelni qabul qildik. Aholining zaif qatlamlariga maqsadli yordam tashkil etilmoqda, mavjud zaxiralar iqtisodiy faoliyatni qo‘llab-quvvatlash va odamlarni ish bilan ta’minlash va shunga mos ravishda daromad olish uchun ishlatiladi.  Albatta, kelajakda ushbu chora-tadbirlar butun mamlakat aholisiga bir martalik naqd pul to‘lashdan ko‘ra ko‘proq iqtisodiy samara beradi.


Maqola muallifi

Teglar

Koronavirus O'zbekistonda pandemiya

Baholaganlar

58

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing