O‘zbekiston Ozarbayjon bilan strategik sheriklikni mustahkamlamoqchi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev ikki mamlakat delegatsiyalari ishtirokida kengaytirilgan tarkibda muzokara o‘tkazdi.

O‘zbekiston rahbari yig‘ilishni ochar ekan, Ozarbayjon O‘zbekistonning yaqin do‘sti va vaqt bilan sinalgan, ishonchli strategik sherigi ekanini ta’kidlagan. Mamlakatlarni din, ma’naviy qadriyatlar mushtarakligi, an’analar, til va madaniyat o‘xshashligi bog‘lab turadi.

Shavkat Mirziyoyev o‘zaro manfaatli hamkorlik yuksak darajaga chiqqani, mamlakatlar o‘rtasidagi do‘stlik rishtalari va o‘zaro anglashuv mustahkamlanib borayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etgan. Prezident O‘zbekiston-Ozarbayjon strategik sherikligini yanada kengaytirish va uni yangi amaliy mazmun bilan boyitishga intilish qat’iy ekanini tasdiqlagan.

Shuningdek, hamkorlik uchun mavjud ulkan salohiyatni ishga solish, ikki mamlakat iqtisodiyotini to‘ldirib turuvchi omillardan foydalanish zarurligini urg‘ulagan.

Xususan, Mirziyoyev o‘zaro savdo hajmini oshirish, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, mashinasozlik, elektrotexnika, to‘qimachilik, vinochilik, oziq-ovqat, qurilish, neft-gaz, gaz-kimyo, farmatsevtika, agrosanoat va boshqa tarmoqlarda qator loyihalarni amalga oshirishni taklif etgan. Ikki mamlakatda istiqbolli kooperatsiya loyihalarini ishlab chiqish va ilgari surish maqsadida qo‘shma Investitsiya fondini tashkil etishga kelishib olingan.

Shuningdek, mahsulotlarni uchinchi mamlakatlar bozoriga eksport qilish uchun O‘zbekiston va Ozarbayjon hududidagi erkin iqtisodiy zonalarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish muhim ahamiyatga ega ekani ta’kidlangan.

Shu ma’noda, transport kommunikatsiyalari tizimidan, shu jumladan “Baku – Tbilisi – Qars” temir yo‘lidan foydalangan holda bu boradagi ishlar samaradorligini oshirish chora-tadbirlari kelishib olingan. Ikki tomonlama savdo va tovarlar tranziti yo‘lidagi to‘siqlarni o‘z vaqtida bartaraf etish uchun transport vazirlari rahbarligidagi maxsus ishchi guruh tashkil etiladi.

Hamkorlikning yana bir istiqbolli yo‘nalishi – qishloq xo‘jaligi. Bu boradagi imkoniyatlar qayd etilar ekan, mutasaddi vazirlarga ipakchilik klasterini tashkil etish, g‘o‘zachilikdagi loyihalarni ilgari surish, innovatsion ishlanmalarni joriy qilish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni kelishib olish topshirilgan.

Tomonlar yaqin fursatda mamlakatlarimiz poytaxtlari va yirik shaharlari o‘zaro hamkorlik munosabatlarini yo‘lga qo‘yishiga kelishib olgan. O‘zbekiston rahbari joriy yilda Toshkent shahrida birinchi Hududlar forumi va ularning sanoat salohiyatiga bag‘ishlangan ko‘rgazmani o‘tkazish taklifini ilgari surgan.

Turizm sohasidagi hamkorlikni kengaytirish ham ishbilarmonlik va gumanitar aloqalarning yanada mustahkamlanishiga xizmat qilishi qayd etilgan. Prezidentlar bu borada alohida dastur qabul qilish va qo‘shma turizm yarmarkasini o‘tkazish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlaganlar.

Muzokaralar chog‘ida madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash, jumladan, Madaniyat va kino kunlarini o‘tkazish, oliy ta’lim dargohlari, ilmiy muassasalar, sport va yoshlar tashkilotlari o‘rtasidagi aloqalarni kuchaytirish yuzasidan  qator boshqa kelishuvlarga ham erishilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Ilhom Aliev

Baholaganlar

30

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing