O‘zbekiston Orxus konvensiyasiga rasman qo‘shildi
Jamiyat
−
13 mart
36432025 yil 11 mart kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Orxus konvensiyasiga O‘zbekistonning qo‘shilishi to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, konvensiya fuqarolarga atrof-muhit holati bilan bog‘liq ma’lumotlardan foydalanish huquqini kafolatlaydi. Xalqaro hujjat fuqarolarga axborot olish huquqlari buzilgan taqdirda sudga murojaat qilish imkoniyatini ham beradi.
“O‘zbekistonda atrof-muhitni muhofaza qilish va uning holati to‘g‘risida ishonchli axborot bilan ta’minlash bo‘yicha milliy darajada chora-tadbirlar kuchaytirilmoqda. Bu O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 49-moddasida mustahkamlab qo‘yilgan. Shu nuqtai nazardan, “Atrof-muhit bilan bog‘liq bo‘lgan masalalar bo‘yicha qarorlar qabul qilish jarayonida jamoatchilikning axborot olish imkoniyati, ishtirok etishi va odil sudlovga erishish imkoniyati to‘g‘risidagi Konvensiya (Orxus, 1998 yil 25 iyun)ga qo‘shilish to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi”, deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, mazkur Qonun Qonunchilik palatasi tomonidan o‘tgan yil 11 dekabrda qabul qilingan va Senat tomonidan 22 fevralda ma’qullangan.
Konvensiyaning maqsadi ekologiya, atrof-muhit va fuqarolarning sog‘lig‘iga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan qarorlarni qabul qilishda jamoatchilik ishtirokini ta’minlash, shuningdek, odil sudlovdan foydalanish imkoniyatini yaratishdan iborat. U davlat organlari va tashkilotlari tomonidan atrof-muhitning havo, atmosfera, suv va tuproq kabi unsurlari to‘g‘risida zarur axborotni keng jamoatchilik talabiga binoan taqdim etishni, sohani rivojlantirishga qaratilgan dastur va rejalarni ishlab chiqishda jamoatchilik ishtirokini ta’minlashni belgilaydi.
O‘zbekiston Respublikasining mazkur Konvensiyaga qo‘shilishi ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida inson huquq va erkinliklarini munosib himoya qilishni ta’minlash, ekologik xavfsizlikka erishish bo‘yicha xorijiy hamkor davlatlar bilan birgalikdagi sa’y-harakatlarni amalga oshirish, shuningdek, mamlakatimizning xalqaro maydondagi nufuzini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.
Ma’lumot uchun, Orxus konvensiyasi – BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyasi tomonidan qabul qilingan “Atrof-muhitga oid masalalar bo‘yicha axborotga ega bo‘lish, qarorlar qabul qilish jarayonida jamoatchilik ishtirokini ta’minlash va odil sudlovga kirish imkoniyati to‘g‘risida”gi konvensiyadir. Konvensiya 1998 yil 25 iyunda Daniyaning Orxus shahrida imzolangan.
LiveBarchasi