O‘zbekiston orqali tamaki tranziti bo‘yicha talablar belgilanmoqda
Jamiyat
−
02 noyabr
1505O‘zbekistonda tamaki mahsulotlarining tranzit tartibi belgilanmoqda. Bu haqda joriy yilning 30 oktyabr kuni Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi hududi orqali tamaki mahsulotlarini tranzit olib o‘tishda bojxona nazoratini amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarorida so‘z boradi.
Nizomga ko‘ra, tamaki mahsulotlarini tranzit olib o‘tishda vakolatli shaxs tovarlar va transport vositalari to‘g‘risidagi dastlabki elektron ma’lumotlarni taqdim etishda belgilangan ma’lumotlar bilan birga quyidagilar ko‘rsatilgan holda murojaat qiladi:
- tovar ishlab chiqarilgan mamlakat sertifikati va uning elektron nusxasi;
- yetkazib berish shartnomasining (bitimining) elektron nusxasi;
- tovarlar bir nechta qismga ajratilib, tranzit yo‘li bilan tashilgan taqdirda, ularni olib o‘tish jadvalining elektron nusxasi;
- tovarlar tranziti bo‘yicha bojxona to‘lovlari summasi bojxona organlarining depozit hisobvarag‘iga o‘tkazilganligini tasdiqlovchi ma’lumotlar;
- tovarlarning qabul qiluvchi davlatning aksiz markasi bilan markalangani to‘g‘risidagi ma’lumotlar, qonunchilikka muvofiq aksiz markasi talab etilmaydigan holatlar bundan mustasno.
Bunda dastlabki ma’lumotlar faqat transport vositalarining inspeksion ko‘rik majmualari bilan jihozlangan chegara bojxona postlari orqali taqdim etiladi.
Tranzit uchun bojxona to‘lovlari summasi milliy valyutada yoki AQSH dollarida bojxona organining depozit hisobvarag‘iga o‘tkaziladi. Depozit hisobvarag‘i to‘g‘risidagi ma’lumotlar Bojxona qo‘mitasining rasmiy veb-sayti hamda chegara o‘tkazish punktlariga joylashtiriladi.
Tovarlar bojxona nazoratidan yechilgandan so‘ng 5 ish kuni ichida to‘langan bojxona to‘lovlari to‘lovchiga qaytariladi.
Hujjat joriy yilning 31 oktyabr kunidan kuchga kirgan.
LiveBarchasi