O‘zbekiston nega o‘zida yo‘q maktabni qo‘shnilariga qurib beryapti?

Jamiyat

image

Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston Qirg‘izistonning Botken viloyatida 3,5 mln dollarlik maktab qurib bergani ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi. O‘zbekiston o‘zida maktab yetishmayotgan bir vaqtda, qo‘shni davlatlarga ham maktab qurib berayotgani tanqid qilindi. Holat yuzasidan bugun, 8 aprel kuni Xalq ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Usmon Sharifxo‘jayev matbuot anjumanida munosabat bildirdi.

“Biz nafaqat Qirg‘izistonda, balki Tojikistonda ham maktab barpo etdik. Maktablar u yerda yashayotgan millatdoshlarimizga ham sharoit qilib berish nuqtai nazaridan qurildi. Lekin o‘z navbatida u mamlakatlar ham O‘zbekistonda ijtimoiy ob’ektlarning bir nechtasini barpo etgan. Xususan, Qirg‘iziston hukumati Rishtonda maktabgacha ta’lim muassasasini qurib bergan. Tojikiston Urgut tumanida 1,5 ming o‘rinli maktab barpo qilgan. Qayergadir mehmonga borsangiz ular qilgan narsaga javob berasiz. Men bu yerda hech qanaqa yomon narsa ko‘rmayapman. Bu faqat qo‘shnilarning o‘rtasidagi hamkorlik. Qo‘shni davlatlarning imkoniyati bo‘lsa, ular ham O‘zbekistonda ijtimoiy ob’ektlar qurib beryapti”, deydi Usmon Sharifxo‘jayev.

Uning ta’kidlashicha, O‘zbekistonda rosa muammolar ko‘p va ular hal bo‘lyapti. Oxirgi 2-3 yil ichida oldinga nisbatan 3-4 marta ko‘proq maktab qurilgan.

“O‘quvchi o‘rniga ehtiyoj borligini hammamiz bilamiz. 1,2 mln o‘quvchi o‘rnini yaratish bo‘yicha alohida dastur qabul qilinishi belgilangan. U yaqin kunlarda imzolanadi. Oxirgi 2-3 yil ichida oldinga nisbatan 3-4 marta ko‘proq maktab qurilayotganini aytsam, kimdir bu yolg‘on desa bilmadim… Statistikani ko‘tarib, oldin nima bo‘lgani, hozir nima bo‘lganini ko‘rish kerak. Davlat 2-3 yil ichida juda ko‘p maktab qurayapti. Lekin 10-15 yillab maktab qurilmaganidan keyin uni yetkazib olishni ham inobatga olinglar. Avval ko‘proq kollej va litseylar qurilgan”, deydi XTV mas’uli.

Sharifxo‘jayevga ko‘ra, davlat hozir hamma ishni to‘xtatib, maktab qurishga pul bergan taqdirda kutilgan natijaga erishilmaydi. Chunki  juda ko‘p pul quruvchilarga ketadi.

“Davlat hozir hamma ishni to‘xtatib, maktab qurishga pul bergan taqdirda ham juda ko‘p pul quruvchiga yetarli bo‘lishi kerak, baribir o‘zining talablari bor. Shuning uchun davlat bosqichma-bosqich byudjetdan (mablag‘ ajratishni — tahr.) oshirib bormoqda. Hozir aniq so‘mmani ayta olmayman”, deydi XTV rahbari o‘rinbosari.

Eslatib o‘tamiz, 1 aprel kuni Abdulla Aripov amaliy tashrif bilan Qirg‘izistonga borgandi. Tashrif davomida Bosh vazir Qirg‘izistonda O‘zbekiston ajratgan 3,5 mln dollarga qurilgan maktab ochilishida qatnashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

1411

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing