O‘zbekiston nega dezinfeksion tunnellardan voz kechayotgani sababi aytildi
Bu qiziq
−
18 Sentabr 2020
9460Avvalroq, O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishini oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasi bayoniga ko‘ra, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyasiga asoslanib mamlakatda dezinfeksiya tunnellari taqiqlanayotgani haqida xabar bergan edik. Xo‘sh, nega? Dezinfeksion tunnellar samarasizmi, unga sarflangan mablag‘lar endi nima bo‘ladi? Ushbu savollar bilan QALAMPIR.UZ O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i Nurmat Otabekovga murojaat qilindi.
“Dezinfeksion tunnellar AQSH, Rossiya, Fransiya davlatlari singari ko‘plab davlatlar qatorida O‘zbekistonda ham uzoq muddat davomida qo‘llanib kelindi. Ushbu vosita havo, odamlar ustki kiyim-boshlari, kichkina gabaritli transportlarni dezinfeksiya qilish uchun mo‘ljallangan.
Dezinfeksion tunnellarda viruslar, jumladan koronavirus va boshqa mikroorganizmlarni nobud qiladigan dezinfeksiya vositalari ishlatiladi.
Respublika maxsus komissiya qaroriga ko‘ra hozirgi kunda binolar va boshqa ob’ektlarga kiraverishda dezinfeksion tunellar o‘rnatish to‘xtatildi. Ushbu qaror Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining tavsiyasiga ko‘ra qabul qilindi.
Olimlar, virusologlar tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotlar asosida dezinfeksion tunnellari orqali dezinfeksiya o‘rtacha 5-30 sekundni tashkil etib, viruslarni inaktivatsiya qilish uchun bu vaqt yetarli emas degan xulosaga kelindi”, deydi respublika bosh sanitariya inspektori.
Otabekovning ta’kidlashicha, hozir ham ba’zi davlatlarda xususan Italiya, Singapur, Malayziyada ham dezinfeksion tunnellardan foydalanishga ruxsat berilgan.
Unga ko‘ra, ayni vaqtda koronavirus kasalligi tashxisi, davolash usullari va profilaktikasi qaratilgan tadbirlar takomillashib bormoqda.
“Shu paytgacha JSSTning ham aniq takliflari yo‘q edi. Hatto, koronavirus kasalligiga chalinganlarni davolash bo‘yicha protokollar ham muntazam o‘zgarib bordi va O‘zbekistonda shu kunga qadar 6 ta davolash protokoli amaliyotga kiritildi”, deydi Nurmat Otabekov.
Eslatib o‘tamiz, JSST kecha, 17 sentyabr kuni butun dunyo mamlakatlari hukumatlarini tibbiyot xodimlariga sharoit yaratish va ularning tahdidlardan himoya qilish choralarini ko‘rishga chaqirgandi.
LiveBarchasi