O‘zbekiston muftiysi “Tolibon” taklifi bilan Qobulga bordi

Olam

image

Joriy yilning 23 oktyabr kuni Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumatining Hidoyat, haj va vaqflar vazirligining rasmiy taklifiga binoan O‘zbekiston diniy ulamolari delegatsiyasi Qobulga bordi. Bu haqda TOLO News xabar berdi.

Qayd etilishicha, tashrif davomida o‘zbekistonlik ulamolar, jumladan, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy shayx Nuriddin Xoliqnazarov “Tolibon” rasmiylari bilan ikki tomonlama munosabatlar, diniy va ta’lim masalalarini muhokama qilgan. Shuningdek, delegatsiya Afg‘onistonning muqaddas va tarixiy joylarini ziyorat qilgan.

Bundan tashqari, uchrashuvda turli masalalar, jumladan, Qobul va Toshkent o‘rtasidagi munosabatlarni kengaytirish masalalari ko‘tarilgan.

“Ular (O‘zbekiston delegatsiyasi) O‘zbekistonda madaniy, diniy va ta’lim sohalaridagi yutuqlar haqida ma’lumot berishdi”, dedi “Tolibon” vakili Zabihulloh Mujohid.

Qayd etilishicha, muvaqqat hukumat bosh vazirning ma’muriy o‘rinbosari Abdul Salom Hanafiy O‘zbekiston diniy ulamolarining Afg‘onistonga safari ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik, yaqin qo‘shnichilik va umumiy manfaatlar belgisi ekanini ta’kidlab, bu tashrif mavjud umumiy asoslar doirasida ikki davlat o‘rtasida yangi hamkorlik imkoniyatlarini yaratishini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, mart oyida Toshkentda Afg‘onistondagi muvaqqat hukumatning Haj va diniy ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Nur Muhammad Soqib O‘zbekiston muftiysi shayx Nuriddin Xoliqnazarov bilan uchrashgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

“Tolibon” O'zbekiston muftiysi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing