O‘zbekiston muftiysi Xalqaro musulmon ulamolar kengashi a’zosi bo‘ldi
Jamiyat
−
23 iyun 2023
6713O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarov Qatardagi Xalqaro musulmon ulamolar kengashi a’zosiga aylandi. Bu haqda idoraning Matbuot xizmati xabar qildi.
Ushbu yangilikni prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev ham Surxondaryodagi uchrashuv paytida aytib o‘tgan.
“Mana, kuni kecha O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy hazratlari Qatardagi Xalqaro musulmon ulamolar kengashiga a’zo bo‘lganlari, barchamizga mamnuniyat bag‘ishlaydi. Buyam o‘tgan davrda diniy-ma’rifiy sohada olib borgan islohotlarimizning xalqaro e’tirofi, xalqimizning Islom dini rivojiga qo‘shayotgan hissasiga berilgan yana bir yuksak baho, desak to‘g‘ri bo‘ladi”, degan Mirziyoyev.
Ma’lumot uchun, Nuriddin Xoliqnazarov 1968 yilda Andijon viloyati Asaka shahrida tug‘ilgan. 1992 yilda Buxoro viloyatidagi Mir Arab madrasasi, 1998 yilda Imom Buxoriy nomli Toshkent islom institutini, 2007 yilda esa Farg‘ona davlat universitetini tamomlagan. U 2021 yilning 19 oktyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy lavozimiga saylangan edi. Nuriddin Xoliqnazarovga joriy yilning 4 iyun kuni “Faxriy doktor” ilmiy unvoni ham berilgan.
Muhsinjon Umurzoqov
LiveBarchasi