“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” vakolatlari qisqartirilishi mumkin
Jamiyat
−
23 iyun 2022
8572Bugun, 23 iyun kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev elektr energetikasi korxonalari faoliyatini transformatsiya qilish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Yig‘ilishda “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatining elektr energiyasini yagona xarid qilish va magistral tarmoqlarni boshqarish vakolatlarini ajratish taklifi bildirildi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, elektr energetikasi sohasida raqobatni yaratish, energiya ta’minotining hajmi va sifatini oshirish bo‘yicha hali qilinadigan ishlar ko‘p. Jumladan, energetika tizimini modernizatsiya qilish, iqtisodiyot tarmoqlari va aholi ehtiyojlarini to‘liq qondirish uchun kelgusi yillarda 20 milliard dollarga yaqin investitsiya talab etiladi. Buning uchun sohada raqobatli bozorni shakllantirish va xususiy investorlarga sharoitlarni kengaytirish zarur.
Shu bois yig‘ilishda energetika bozorini boshqarish bo‘yicha yangi tizim yaratish masalalari muhokama etilgan.
Xususiy generatsiya korxonalari ulanishi uchun teng sharoit yaratish maqsadida “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatining elektr energiyasini yagona xarid qilish va magistral tarmoqlarni boshqarish vakolatlarini ajratish taklifi bildirilgan. Bunda, yagona xarid qiluvchi kompaniya barcha elektr stansiyalaridan elektr energiyasini shartnoma asosida sotib olib, yirik korxona va hududiy elektr tarmoqlari korxonalariga sotadi. Magistral tarmoq operatori esa elektr energiyasini yetkazib berish, yo‘qotishlarni kamaytirish va energotizimni texnik boshqarish bilan shug‘ullanadi.
Kelgusi yilda 14 ta tuman va shaharda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJga muqobil tarzda, iste’molchilarga elektr energiyasini sotadigan xususiy chakana elektr savdo kompaniyalari tashkil etiladi.
“Shuningdek, tarmoq rahbarlariga transformatsiya jarayonini jadallashtirish, korxonalarni moliyaviy sog‘lomlashtirish va to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jalb qila oladigan kompaniyalarga aylantirish kerakligi ta’kidlandi. Soha korxonalarining operatsion xarajatlarini optimallashtirish, elektr uzatish tarmoqlarini yangilash bo‘yicha ham topshiriqlar berildi”, deyiladi xabarda.
Yig‘ilishda Hukumat va soha rahbarlariga ushbu islohotlarni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan yuqori malakali kadrlarni tayyorlash bo‘yicha dastur ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.
LiveBarchasi