“O‘zbekiston” mehmonxonasi nega sotilmayapti?

Jamiyat

image

Avvalroq, Toshkentdagi sotuvga qo‘yilgan “O‘zbekiston” mehmonxona majmuasining narxi tushirilgani haqida xabar bergan edik. Bu mehonxonaning ikkinchi marta arzonlashishi edi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi “O‘zbekiston” mehmonxonasi sotilishi bo‘yicha rasmiy bayonot berdi.

“Vazirlar Mahkamasining zamonaviy mehmonxona xizmatlari ko‘rsatish uchun sharoitlar yaratish va ulardan samarali foydalanishni ta’minlash maqsadida 2018 yil 14 avgustda qabul qilingan “Mehmonxona sohasiga qo‘shimcha investitsiyalarni jalb etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 661-sonli qaroriga muvofiq, “Otel O`zbekiston” QK MCHJning 80,13 foiz davlat ulushi modernizatsiya va rekonstruksiya qilish majburiyati bilan ommaviy savdolarga qo‘yilishi belgilandi.

Mazkur davlat ulushi 33,0 mln dollarni tashkil etib, 3 yil muddatda bo‘lib to‘lash hamda 2 yil ichida 100,0 mlrd so‘m miqdorda investitsiya majburiyatlari kiritish sharti bilan tanlov savdolariga chiqarildi. Bugungi kunga qadar 50 dan ziyod mahalliy, xorijiy investor bilan muzokaralar olib borilganiga qaramay, hech qaysi bir investor tomonidan mazkur mehmonxona majmuasini sotib olish yuzasidan aniq takliflar berilmadi.

Shu o‘rinda haqli savol tug‘iladi. Bino sotilmayotganining asosiy sabablari nimada? Narx navo qaysi mezonlar asosida belgilangan? Investor va tadbirkorlarning talab va istagi nima?

Aytib o‘tish joizki mazkur sotish mexanizmi 2003 yildan beri qo‘llanib kelinayotgan, avvalgi qonunchilik (03.07.2014 y. PQ-2200) talablari hamda o‘sha kezdagi jamiyatning ta’sis shartnomasiga asosan, davlat ulushi 31, 6 mln. AQSH dollarini tashkil etgan va boshlang‘ich narxni ana shu qiymatdan pasaytirish imkoni bo‘lmagan. Shuning uchun savdolarning boshlang‘ich narxi 33,0 million dollar etib belgilangan edi.

Investorlar bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralarda mehmonxona joylashuvi qulay, sayyohlarni jalb etish borasida imkoniyatlari kengligiga katta qiziqish bildirilmoqda. Ammo, mazkur davlat aktivining narxi bugungi kundagi real holatiga nisbatan baland ekani, yillik daromadlar hisob kitob qilinganda ham uni qoplash uchun bir necha 10 yillar kerak bo‘lishi qolaversa, xonalar balandligi va kengligi 4 yoki 5 yulduzli mehmonxonalar talabiga to‘g‘ri kelmasligi, bino qurilishida betondan foydalanilgani bois, uni buzib qayta qurishga ham juda ko‘p mehnat va mablag‘ sarf etilishini aytishgan.

Aksariyat investorlar esa, jamiyatning to‘liq 100 foiz ulushini sotib olish istagini bildirishgan. Jamiyatning qolgan 19,87 foiz ulushi esa xususiy mulkka tegishlidir. Xususiy mulkni sotish yoki sotmaslik faqatgina jamiyat ta’sischilari tomonidan ixtiyoriy ravishda amalga oshiriladi. Chunki u davlat himoyasida.

Ana shu omillar sabab, targ‘ibot tashvig‘ot ishlari olib borilishiga qaramay, mazkur davlat aktivi sotilmayapti.

Albatta yirik mulkiy majmualar, korxonalarning sotilishi bir muncha muddat va alohida yondashuv talab qiladigan jarayondir. Boz ustiga, iqtisodiyotda bozor “talab” va “taklif” tamoyillari asosida shakllanadi. Har bir investor korxona yoki ob’ektga investitsiya kiritishidan oldin uning faoliyatini o‘rganib, moliyaviy tahlillar qiladi va to‘liq ishonch hosil qilgandan keyin sarmoya kiritishga qaror qiladi.

Davlatimiz rahbarining tegishli hujjatiga ko‘ra, oshkora savdolarda ikki oy mobaynida sotib olish bo‘yicha talabnoma tushmasa, narx bosqichma-bosqich pasaytirib boriladi. Bugungi kunda O‘zbekiston mehmonxonasi kompleksining narxi 20 foizga pasaytirilib, 26,4 mln. dollar miqdorida qayta savdolarga chiqarildi va shu narxdagi tanlov 16 sentyabrda bo‘lib o‘tadi. 

Shu o‘rinda yana bir qo‘shimcha. O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish to‘g‘risida”gi Qonuni 20-moddasiga asosan, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari hamda ommaviy axborot vositalari davlat tasarrufidan chiqarish va  xususiylashtirish to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishga haqlidir. Shu bois, Agentlik barcha xususiylashtirish jarayonlarida jamoatchilik nazoratini o‘rnatishga chorlab qoladi va bu yo‘nalishda xamkorlik qilishga tayyor ekanini ma’lum qiladi”, deyiladi bayonotda.

Eslatib o‘tamiz, “O‘zbekiston” mehmonxonasi joriy yilning fevral oyida sotuvga qo‘yilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston mehmonxonasi

Baholaganlar

37

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing