O‘zbekiston maktablarida gastrabayterlik fanini kiritish taklif qilindi
Jamiyat
−
10 fevral 2020
7279Ijtimoiy tarmoqda “Maktablarda gastarbayterlik fanini kiritish kerak. Har yili maktabni 700 ming o‘quvchi bitirib, ularning deyarli yarmi mardikorchilikka mahkum!” mazmunidagi post e’lon qilindi.
O‘zbekistonda 2018 yilda 11 yillik ta’lim tizimiga qayta o‘tildi. Xalq ta’limi vazirligi Matbuot kotibi mazkur postga bildirgan munosabatida yangi tizimga o‘tilganidan so‘ng o‘tgan yili maktabni 200 mingda ziyod o‘quvchi bitirdi. Joriy yilda ham bitiruvchilar soni 200 mingdan ziyod bo‘ladi.
“Yoshlarni kasbga o‘rgatish masalasiga kelsak, xalqimizda “Yigit kishiga 40 hunar oz” naqli bor. Mazkur naqlga nafaqat o‘quv muassasalari, balki ota-onalar ham amal qilishi lozim.
Shuni ta’kidlash lozimki, joriy o‘quv yilidan boshlab, mutlaqo yangi professional ta’lim tizimi yo‘lga qo‘yilib, 340 ta kasb-hunar maktabi, 147 ta kollej va 143 ta texnikum tashkil etiladi. Mazkur o‘quv maskanlarida yoshlarning kasb o‘rganishi ko‘zda tutilgan.
Xalq ta’limi tizimiga kelsak, hozirda o‘quv dasturlari qayta ko‘rib chiqilmoqda. Unda zamonaviy kompetensiyalarni rivojlantirishga katta ahamiyat beriladi.
Mamlakatimizda dengizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish imkoni bo‘lmagani uchun tovarlarni eksporti qimmatga tushadi. Bu holat inobatga olinib, yurtimizda “1 million milliy dasturchi” loyihasi amalga oshirilmoqda”, deydi XTV mas’uli.
Ta’kidlanishicha, Xalq ta’limi vazirligi AQSHlik hamkorlar bilan IT-Nation loyihasini amalga oshirmoqda. Loyiha doirasida maktablarda axborot texnologiyalari va informatika fanlari dasturi hamda darsliklari qaytadan yaratiladi.
Bundan tashqari, AQSH va Buyuk Britaniya tashkilotlari bilan English Speaking Nation loyihasi amalga oshirilmoqda. Loyiha doirasida maktablarda ingliz tilini o‘qitish takomillashtiriladi. Buning natijasida bitiruvchilar o‘z bilimlari yordamida mehnat bozorida o‘z o‘rinlarini topishlari uchun imkoniyat yaratiladi.
LiveBarchasi