O‘zbekiston maktablari qog‘oz kundaliklarga qaytyaptimi?
Jamiyat
−
04 fevral 10378 2 daqiqa
Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistondagi maktablarda an’anaviy (qog‘oz) kundaliklar, sinf jurnallari joriy etilayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ushbu xabarlar yuzasidan munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, qog‘oz kundaliklarga oid ma’lumotlar huquqiy asosga ega emas. O‘zbekiston Prezidentining 2018 yil 5 sentyabrdagi “Maktabgacha va maktab ta’limi tizimiga boshqaruvning yangi tamoyillarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori hamda 2019 yil 29 apreldagi “O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoniga asosan ayni vaqtda mamlakatdagi mavjud barcha umumta’lim maktablari o‘quvchilarining davomati va fanlarni o‘zlashtirish baholari eMaktab elektron jurnal tizimi orqali amalga oshirilib kelinmoqda.
Bundan ko‘zlangan maqsad o‘qituvchilardagi ish yuklamasini kamaytirish, o‘quv jarayonini tashkil etishda zamonaviy axborot-komunikatsiya texnologiyalarini joriy etishdan iborat. Ushbu jarayon xalqaro tajribada ham o‘zini oqlagan.
Bildirilishicha, mazkur tizim joriy etilishi natijasida ota-onalarning o‘z farzandlarining darslarni o‘zlashtirish darajasini masofaviy kuzatish imkoniyati yaratilib, o‘quvchilarni baholashda shaffoflik ta’minlanib kelinmoqda. Shuningdek, pedagoglar faoliyatiga doir turli qog‘ozbozliklarning kamayishiga erishilgan.
“Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan mamlakatimiz maktablariga an’anaviy kundalik va sinf jurnallariga qaytish bo‘yicha topshiriq berilmaganini ma’lum qilib, yurtimizda amalga oshirilayotgan raqamlashtirish jarayonlari ortga qaytmas tus olganligini alohida ta’kidlab o‘tamiz”, deyiladi xabarda.
Live
Barchasi