O‘zbekiston Xitoydan olib kirilayotgan yillik investitsiyani 5 mlrd dollarga yetkazmoqchi
Jamiyat
−
26 Oktabr 2020
4539Besh yilda Xitoydan O‘zbekistonga olib kirilayotgan yillik investitsiyalar miqdorini 5 mlrd dollarga yetkazish rejalashtirilyapti. Bu haqda Xitoy va Koreya Respublikasi bilan savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy-texnik, transport va logistika hamda madaniy-gumanitar hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha belgilangan vazifalar ijrosi muhokamasi davomida aytib o‘tildi.
Xitoylik va koreyalik hamkorlar bilan amalga oshirilishi rejalashtirilgan qo‘shma loyihalarni qayta ko‘rib chiqish, ularni amalga oshirish tahlil qilindi. Hozirgi vaqtda amalga oshirish jadvalidan ortda qolayotgan bir qator loyihalar batafsil ko‘rib chiqildi, muammolarni bartaraf etishning aniq muddatlari hamda tegishli vazirlik va idoralar rahbarlariga shaxsiy javobgarlik belgilangan holda mavjud masalalarni hal qilish algoritmlari ishlab chiqildi.
Davlat rahbari tomonidan belgilangan vazifalarni amalga oshirishda yaqin idoralararo kooperatsiyani tashkil etish zarurligi ta’kidlandi. Shu munosabat bilan tegishli vazirlik va idoralarning tarkibiy bo‘linmalari rahbarlaridan iborat maxsus ishchi guruhini tuzish to‘g‘risida topshiriq berildi. Mazkur ishchi guruhning vazifasi xitoylik va koreyalik hamkorlar bilan loyiha va tashabbuslarni implementatsiya qilishni jadallashtirish bo‘yicha amaliy ishlarni olib borish bo‘ladi.
2025 yilga borib Xitoydan olib kirilayotgan yillik investitsiyalar hajmini 5 mlrd dollarga, Koreya Respublikasidan esa 1 mlrd dollarga yetkazish rejalashtirilgan. Shu bilan birga, 2025 yilga borib Xitoyga amalga oshiriladigan yillik eksport hajmi kamida 3 mlrd dollarni, Koreya Respublikasiga esa kamida 800 mln dollarni tashkil etishi kerak.
Muhokama yakunida mutasaddi rahbarlarga barcha qo‘shma loyihalarni o‘rganish, ularni jadal, sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirishga qaratilgan yangilangan “Yo‘l xaritalari”ni tayyorlash, shuningdek, kelgusi yil uchun yangi istiqbolli dasturlar ishlab chiqish bo‘yicha qo‘shimcha manzilli topshiriqlar berildi.
LiveBarchasi