O‘zbekiston Kaspiy dengizidagi “Shah-degiz” loyihasiga kirishni rejalashtirmoqda
Jamiyat
−
21 may
8357O‘zbekistonning “O‘zbekneftgaz” kompaniyasi Kaspiy dengizining Ozarbayjon sektoridagi “Shah-degiz” gaz koni loyihasining ishtirokchisi bo‘lishni rejalashtirmoqda. Bu haqda bugun, 21 may kuni O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov ma’lum qildi.
Qudratov shu kunlarda Quba shahrida bo‘lib o‘tayotgan Ozarbayjon-O‘zbekiston mintaqalararo II forumi doirasida “O‘zbekneftgaz” va SOCAR (Ozarbayjon davlat neft kompaniyasi) yaqin oylarda O‘zbekiston kompaniyasining “Shah-degiz” loyihasiga kirishi bo‘yicha kelishuv imzolashi mumkinligini aytdi.
“Biz hozirda SOCAR bilan uning O‘zbekistondagi neft va gaz qazib olish loyihalarida ishtirok etishi haqida gaplashmoqdamiz. Shuningdek, “O‘zbekneftgaz”ning Ozarbayjondagi gaz ishlab chiqarish korxonalariga kirishi masalasi ham muhokama qilinmoqda va bu yakuniy bosqichda”, deydi vazir.
Qudratov loyihaning murakkabligi, huquqiy ekspertiza talab etilishi, bu jarayonga xorijlik maslahatchilar jalb etilishini ta’kidladi.
"Ammo biz istiqbollarga optimistik qaraymiz", deydi u.
Shu bilan birga, Laziz Qudratov Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning O‘zbekistonga davlat tashrifiga tayyorgarlik ko‘rilayotganini qo‘shimcha qildi.
“Albatta, biz ushbu tashrifning aniq mazmun bilan to‘ldirilishini ta’minlashni maqsad qilganmiz. Shu bilan birga, tashrif davomida kelishuv ham imzolanadi”, deya qo‘shimcha qildi vazir.
Ma’lumot uchun, "Shah-degiz" Ozarbayjondagi eng yirik gaz koni hisoblanib, uni o‘zlashtirish bo‘yicha shartnoma 1996 yilda imzolangan. Shartnomada tomonlarning ulushi hozircha quyidagicha: Britaniyaning BP plc (loyiha operatori - 29,99%), Rossiyaning “LUKOYL” (19,99%), Turkiyaning TPAO (19%), Ozarbayjonning Cenub Qaz Dehlizi (21,02%), Eronning NICO ( 10%).
“Shah-degiz” konidan gaz va kondensat qazib olish 2006 yilning dekabr oyida boshlangan va hozirda Alfa platformasidan 1-bosqich doirasida va Bravo platformasidan 2-bosqich doirasida amalga oshirilmoqda.
Ozarbayjon hozirda Gruziya, Turkiya va oltita Yevropa davlati (Italiya, Gretsiya, Bolgariya, Ruminiya, Vengriya va Serbiya) bilan “Shah-degiz” konidan gaz yetkazib berish bo‘yicha shartnomalarga ega.
“O‘zbekneftgaz” esa 50 dan ortiq ixtisoslashtirilgan tashkilotlarni, xususan, 13 ta qo‘shma korxona, uglevodorodlarni qazib olish va qayta ishlash bo‘yicha 10 ta bo‘linma, shuningdek, bir qator muvofiqlashtirilgan noishlab chiqarish va ilmiy-texnikaviy bo‘linmalarni birlashtirgan integratsiyalashgan korxona hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, bugun, 21 may kuni Laziz Qudratov Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevning qabulida bo‘lib, unga O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning salomi va ezgu tilaklarini davlat rahbariga yetkazgandi.