O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Ozarbayjon Birinchi xonimlari Issiqko‘ldagi reabilitatsiya markaziga bordi

Jamiyat

image

Bugun, 31 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasining Birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyeva Qirg‘iz Respublikasi Birinchi xonimi Aygul Japarova hamda Ozarbayjon Respublikasi Birinchi xonimi Mehribon Aliyeva bilan birgalikda “Altin balalik” reabilitatsiya markaziga tashrif buyurdi. Bu haqda Ziroat Mirziyoyeva o‘zining Telegram-kanalida yozib qoldirdi.

Tashrif davomida Birinchi xonimlar markaz faoliyati bilan tanishib, bu yerda tarbiyalanuvchilar uchun tashkil etilgan mahorat darslarini kuzatgan hamda bolalar bilan samimiy suhbatlashgan.

Shuningdek, mehmonlar sharafiga “Shattik” milliy raqs ansambli va yosh komuzchilar ansamblining badiiy chiqishlari namoyish etilgan. Shuningdek, “Aqilman” iqtidorli bolalar prezident litseyi tarbiyalanuvchilari tomonidan loy va kiygizdan tayyorlangan buyumlar ko‘rgazmasi taqdim etilgan.

Shundan so‘ng, mehmonlar markazning sohil hududi va san’at galereyasini ko‘zdan kechirgan. Galereyada Qirg‘iz Respublikasida o‘tkaziladigan bolalar ijodiyoti bo‘yicha xalqaro tanlovlar g‘oliblarining, jumladan, o‘zbekistonlik yosh rassomlarning ijod namunalari namoyish qilingan.

Shu bilan birga, tashrif dasturidan O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Ozarbayjon xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik ramzi hisoblangan “Do‘stlik daraxti” nomli kiygiz pannosiga yakuniy bezak elementini tushirish marosimi ham o‘rin olgan.

Tashrif yakunida Qirg‘iz Respublikasi Birinchi xonimi O‘zbekiston Respublikasi Birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyevaga an’anaviy qirg‘iz milliy musiqa asbobi – changqo‘biz tuhfa qilgan.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 30 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev davlat tashrifi bilan rafiqasi Ziroat Mirziyoyeva bilan birgalikda Qirg‘izistonning Issiqko‘l viloyatidagi Cho‘lponota shahriga borgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing