O‘zbekiston qaysi holatda kuchaytirilgan karantinga qaytishi aytildi

Intervyu

O‘zbekistonda epidemilogik holat izdan chiqsa, karantin talablari kuchaytirilishi mumkinmi? Bu gal karantinni kuchaytirishni kim hal qiladi? O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishini oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasi qaysi holatda karantinni kuchaytirish haqida qaror qabul qilishi mumkin? Ushbu savollar bilan QALAMPIR.UZ O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i Nurmat Otabekovga mikrofon tutdi. Amaldorning fikricha, karantin va shunga o‘xshash choralarning qabul qilinishiga odamlar orasida tarqalayotgan gap-so‘zlar ham sabab bo‘lib qolishi mumkin. 

“Keling, shu safar karantin tadbirlarini kuchaytirish haqidagi fikrni berishni mutaxassislarga, qaror qabul qilishni esa Respublika maxsus komissiyasiga qo‘yib beraylik. Negaki, odamlar gap-so‘zlar bilan ba’zan u yoki bu holatlarni yaqinlashtirib yuboryapti”, deydi Otabekov. 

Ma’lumki, joriy yilning 10 iyul kuni O‘zbekistonda kuchaytitirilgan karantin cheklovlari e’lon qilindi va u 15 avgustgacha davom etdi. Bu bilan O‘zbekiston pandemiyaning o‘tgan 4 oylik davrida kuchaytirilgan karantin cheklovlarini joriy qilgan ikkinchi mamlakat bo‘ldi. Xuddi shunday choralar bundan avval qo‘shni Qozog‘istonda ham qo‘llanilgan edi. Nurmat Otabekov so‘zida davom etarkan, karantin cheklovlaridan maqsad nima bo‘lishiga ham e’tibor qaratdi. 

“Bizning asosiy maqsadimiz karantin va cheklov tadbirlarini kuchaytirish emas. Xalqimizni sergaklikka, xushyorlikka, mas’uliyatini oshirishga chaqirish orqali karantin va cheklov tadbirlari yumshatilgan davrda, aynan shu kasallik avj olgan paytda yashash va ishlashga o‘rgatish – bu bizning asosiy maqsadimiz”, deydi Nurmat Otabekov. 

Ayni kunlarda O‘zbekistonda koronavirusga chalinish bilan bog‘liq holatlarning yana ortishi mamlakatda kuchaytirilgan karantin choralari qo‘llanilishi bilan bog‘liq gap-so‘zlarni keltirib chiqarmoqda. Jumladan odamlar orasida “oktyabrdan yana kuchaytarilgan karantin joriy etilarmish” degan gaplar tarqalgan. Xo‘sh, O‘zbekiston uchinchi bor kuchaytirilgan karantinga qaysi holatda qaytishi mumkin? Bu savolga javoban Nurmat Otabekov shunday deydi: 

“Bu haqda hozircha hech qanday gap yo‘q. Agar biz haqiqatan ham vaziyatning jilovini qo‘ldan chiqarsak va vaziyatning murakkablashishiga sababchi bo‘lsak, Respublika maxsus komissiyasi bu qarorni qabul qilishga majbur bo‘ladi. Hozirgacha karantinni qaysi sanadan va qanday tarzda, qaysi hududlarda kuchaytirish haqida biror fikr paydo bo‘lganini eshitmadim”. 

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda so‘nggi bor kuchaytirilgan karantin cheklovlari 10 iyuldan 15 avgustgacha davom etdi. Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan birin-ketin o‘rnatilgan cheklovlar olib tashlandi. Ayni vaqtda niqob taqish, qo‘llarni yuvish va dezinfeksiya vositalaridan foydalanish, ijtimoiy masofa saqlash, ko‘pchilik bo‘lib to‘planmaslik, 30 kishidan ortiq oilaviy tadbirlar o‘tkazmaslik asosiy karantin qoidasi bo‘lib qolmoqda.

Ahrorbek Xayrullayev


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

karantin Nurmat Otabekov

Baholaganlar

1373

Reyting

4

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing