O‘zbekiston Qahramoni Ibrohim Fayzullayev vafot etdi
Jamiyat
−
26 fevral 2022 8697 2 daqiqa
Butun hayoti va mehnat faoliyatini qishloq xo‘jaligi rivojiga bag‘ishlagan taniqli agronom va tashkilotchi rahbar, O‘zbekiston Qahramoni, mehnat faxriysi Ibrohim Fayzullayev kecha, 25 fevral kuni 89 yoshida vafot etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Senat raisi Tanzila Norboyeva, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi raisi Nurdinjon Ismoilov, Bosh vazir Abdulla Aripov va Fanlar akademiyasi raisi Behzod Yo‘ldoshev marhumning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirdi. Unda shunday deyiladi:
Ibrohim Fayzullayev 1933 yil 25 avgustda Surxondaryo viloyatining Denov tumanida tug‘ildi. O‘rta maktabni tugatib, mehnat faoliyatini 1949 yilda jamoa xo‘jaligida oddiy ishchi sifatida boshladi. Keyinchalik Samarqand qishloq xo‘jaligi institutini agronom mutaxassisligi bo‘yicha tamomlab, Denov tumanining Sobir Rahimov nomidagi jamoa xo‘jaligida entomolog-agronom, bosh agronom hamda xo‘jalik raisi, Surxondaryo viloyati qishloq va suv xo‘jaligi boshqarmasi bosh agronomi kabi lavozimlarda fidokorona mehnat qildi.
Dehqonchilik sohasining sirlarini chuqur egallagan, boy bilim va hayotiy tajribasi, bor kuch-g‘ayratini el-yurt ishiga bag‘ishlagan mirishkor inson umrining oxirigacha o‘z kasbiga sodiq qolib, so‘nggi yillarda ham Denov tumanida g‘alla-urug‘chilik xo‘jaligi boshlig‘i lavozimida samarali ishlab, ko‘pchilikka ibrat va namuna bo‘ldi.
I.Fayzullayev ko‘p yillik mehnat faoliyati davomida o‘zini yer ilmining haqiqiy bilimdoni, zamonaviy agrotexnologiyalar va xo‘jalik yuritish usullarini puxta egallagan tashkilotchi rahbar, mehnatsevar, kamtarin va vatanparvar inson sifatida namoyon etib, butun mamlakatimizga tanildi.
U respublikamizda qishloq xo‘jaligi sohasidagi keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirish, fermerlik harakatini rivojlantirishga o‘zining halol mehnati, amaliy tashabbuslari bilan munosib hissa qo‘shdi.
Xususan, Denov tumanining ijtimoiy-iqtisodiy rivojini ta’minlash, aholining turmush sharoitlarini yaxshilash, ta’lim, tibbiyot va madaniyat maskanlari qurish va obod qilish, yangi bog‘ va xiyobonlar barpo etish, yoshlarni ona yurtga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashda jonbozlik ko‘rsatdi.
Ibrohim Fayzullayev mamlakatimizning siyosiy-ijtimoiy hayotida ham faol ishtirok etib, O‘zbekiston Oliy Majlisi deputati sifatida ham samarali faoliyat olib bordi.
Ibrohim Fayzullayevning davlatimiz va xalqimiz oldidagi ulkan xizmatlari yuksak darajada e’tirof etilib, u 1993 yili “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan qishloq xo‘jalik xodimi” hamda 1996 yilda “O‘zbekiston Qahramoni” faxriy unvonlari bilan taqdirlangan edi.
Mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi sohasining ulkan namoyandasi, mehribon ustoz, samimiy va kamtarin inson Ibrohim Fayzullayevning yorqin xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.