O‘zbekiston-Iroq o‘yini vaqtida jurnalist va tasvirchini organ xodimlari do‘pposlagani ma’lum bo‘ldi
Jamiyat
−
12 iyun 2022
36689Avvalroq, U-23 Osiyo kubogining chorak finali doirasidagi O‘zbekiston-Iroq o‘yinini yoritishga borgan “Sevimli” telekanali tasvirchisi kaltaklangani haqida xabar bergan edik. Telekanalning “Zamon” informatsion dasturi holat bo‘yicha ma’lumot berdi.
Unda qayd etilishicha, telekanal jurnalisti va tasvirchini ichki ishlar hamda Milliy gvardiya xodimlari kaltaklagan. Yetmaganiga ulardan bu voqeani unutib yuborishni so‘ragan.
“Kecha 23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasida O‘zbekiston mezbonlik qilayotgan Osiyo chempionati pley-off bosqichi bo‘lib o‘tdi. Chempionatning chorak final bahslarini yoritish “Sevimli” telekanali “Zamon” informatsion dasturining ham ijodiy rejasida bo‘lgan. AFC bahslarni yoritish uchun akkreditatsiyadan o‘tkazgan. Bunga qadar bo‘lgan o‘yinlar ham sport muxbiri va uning tasvirchisi tomonidan yoritib kelingan. Biroq kechagi o‘yin hamkasblarimiz uchun qimmatga tushdi.
21:00 lar atrofida (intervyu olish maqsadida) ikki xodim “Paxtakor” stadioniga borib organ xodimlarining qarshiligiga uchragan.
Futbolni yoritish uchun berilgan maxsus ruxsatnomani ko‘rsatishlariga qaramay: “press bo‘lsang, bizga n***y. Biz topshiriqni bajaramiz...”, degan javobni olgan”, deyiladi “Zamon” dasturi xabarida.
Ta’kidlanishicha, shundan so‘ng ijodiy guruh o‘zining e’tirozlarini bildirgan va stadion oldidagi holatni tasvirga olishni boshlagan. Organ xodimlari esa tasvirchining ruxsatnomasiga chang solgan. Kamerasini tortib olgan. Tasvirchining qo‘lini orqaga qayirib, jurnalistdan uzoqlashtirgan.
“Ko‘z oldida tasvirchini jinoyatchilardek olib ketayotganini ko‘rgan jurnalist organ xodimlaridan qo‘yib yuborishni talab qilgan. Xodimlar esa uning ham qo‘llarini qayirib, mikrofon va ruxsatnomasini tortib olgan.
Jurnalistning rasmi tushirilgan ruxsatnomani esa oyoqlari bilan bosib tashlagan”, deyiladi xabarda.
Jurnalist “Paxtakor” stadioni oldida sodir bo‘lgan voqeani so‘zlarkan, tasvirchisi, bir guruh organ xodimlari tomonidan ayovsiz do‘pposlanganini urg‘ulagan.
“Faoliyatim davomida birinchi marta shunday holatga duch keldim. Chunki konfliktga boradigan odam emasman. Buni meni yaqindan taniganlar yaxshi bilishadi. Ochig‘i, o‘sha mahalda o‘zimni jinoyatchidek his qildim. Organ xodimlaridan biri dabdurustdan mikrofonimga tashlandi va uni kimgadir uloqtirda, qo‘limni orqaga qayirdi. Ikkinchisi esa kamarimdan mahkam ushlab oldi.
Bir mikrofonimga qarayman, bir tasvirchimga. Shu payt tasvirchimni yerda yotgan holatda zarbdan baqirayotganiga ko‘zim tushdi. 6-7 nafar ichki ishlar xodimlari va bir nafar Milliy gvardiya xodimi tepkilayotgandi. Xodimlarning biri oyog‘iga dubinka bilan urdi. Qolgani qorin va bosh qismiga tepdi. Qo‘llarim ushlangan, imkonsiz qoldim. Faqat “urmanglar” deb baqira oldim, xolos.
Bu jarayon soniyalar ichida sodir bo‘ldi-ki, nima bo‘layotganini anglab-anglolmasdim. Odamlar OAV xodimlari tepkilanayotganini tasvirga olayotgandi. Ko‘pchilik oldida izza bo‘lganimiz, qoldi. Qo‘llarimizni qayirib, Shayxontohur tuman IIB binosiga olib borib, navbatchilik qismiga topshirishdi.
Tasvirchim og‘riqqa chidolmay, ichki ishlar binosi koridorida yerda o‘tirib qoldi. Meni esa tashqariga chiqarib yuborishdi. Operatorimning sog‘ligi yomonlashayotganini ko‘rib, tez tibbiy yordamga qo‘ng‘iroq qilishga majbur bo‘ldim. Tibbiyot xodimi ichki ishlar bo‘limida qoldirish xavfli ekanini, zudlik bilan shifoxonaga olib ketish lozimligini aytdi. Shundan so‘ng sherigimni Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga olib ketishdi”, deydi jurnalist.
Tasvirchi bo‘lgan voqea haqida gapirar ekan, do‘pposlash vaqtida organ xodimlari unga elektroshoker qo‘llaganini, agar nimjonroq odam bo‘lsa, buncha kaltaklashdan keyin o‘lib qolishi ham hech gap emasligini ta’kidlagan.
“Urib qo‘limdagi kamerani tortib oldi. Har tomonimdan musht tushirdi lekin yiqilmadim. 6-7 kishi bir vaqtning o‘zida tepkilardi. Shu payt ulardan biri ikki marta ko‘krak qismimga elektroshoker tekkazdi. Men yiqildim. Qolganini aniq eslolmayman. Tanamdagi og‘riq zo‘ridan ko‘zim oldi dam qorong‘ilashib, dam xiralashib... xullas... Ma’lum vaqt hushimni yo‘qotdim.
Meni shifoxonaga olib borganda hamkasblarim 102 ga xabar berib, holatni tushuntirgan. Ammo mana bir sutkaki, ulardan darak yo‘q. Meniku, jonim omon qoldi. Biroq o‘rnimda boshqa “slabiyroq” odam bo‘lganda, u zarblarga dosh berolmay, o‘lib ham qolishi mumkin edi. Bir odamning taqdiriga shu qadar befarq qaraladimi?”, deydi tasvirchi.
Shifokorlar unga jag‘-tish sinishi tashxisini qo‘ygan.
Qayd etilishicha, tasvirchi kasalxonaga olib ketilgandan keyin jurnalist kamera, shtativ, mikrofon va ruxsatnomalarini qaytarib berishni so‘ragan. Uning ko‘z oldida fleshkani Toshkent shahar IIBBga yuborishgan va “o‘zing o‘sha yerdan olasan” deyishgan. Bu orada futbol allaqachon tugab ham bo‘lgan. Soat tungi 02:10 larda muxbir shikastlangan kamera va shtativni olgan. Biroq mikrofon va ruxsatnomalar hamon qaytarilmagan.
Eng qizig‘i, bo‘lar ish bo‘lgandan so‘ng muxbirdan ichki ishlar xodimlari kechirim so‘rab, ortiqcha gap qilmasligi va biron joyda gapirib yurmasligini aytgan.
“Davlatimiz rahbari OAVni to‘rtinchi hokimiyat darajasiga ko‘targan, ochiqlik, oshkoralik va shaffoflik deya bong urilayotgan paytda jurnalistlar kaltaklanib, ularning ish qurollari chilparchin qilinsa, hujjatlari dimog‘dor IIO xodimi oyoqlari ostida xor bo‘lsa... buni qanday izohlash mumkin? Bugungi JURNALISTIKAning asl holati shundaymi? Jurnalistlar qachongacha xor bo‘ladi? Chinakam jurnalist haqiqatni yozadigan, insonlar taqdiriga befarq qaramaydigan, har qadamda daxldorlik hisini tuyadigan, qalami o‘tkir bo‘lishi kerak. Dimog‘dor kimsalarning xo‘rliklaridan so‘ng “jurnalist og‘zingni yum” qabilidagi gaplariga ham Chidab yuraversa JURNALISTIKAning o‘lgani shu, aslida!”, deya yakunlangan bayonot.
Eslatib o‘tamiz, QALAMPIR.UZ mazkur holat bo‘yicha IIVdan aniqlik kiritishini so‘ragandi. Vazirlik matbuot kotibi Shohruh G‘iyosov OAV xodimlari odamlarning janjali orasida qolgan bo‘lishi mumkinligini, IIO xodimlari ularni urishi uchun hech qanday sabab yo‘qligini aytgandi. Shuningdek, G‘iyosov holat bo‘yicha surishtiruv boshlanganini qo‘shimcha qilgandi.
LiveBarchasi