O‘zbekiston ilk marta Qo‘shilmaslik harakatiga raislik qiladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston 2027-2029 yillarda Qo‘shilmaslik harakatiga ilk marotaba raislik qiladi. Bu haqda bugun, 28 avgust kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirda ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, keyingi yillarda amalga oshiriladigan yettinchi milliy dastur O‘zbekistonning tinchlik va do‘stlik diyori, bag‘rikeng o‘lka sifatidagi nufuzini har tomonlama yuksaltirishga qaratiladi.

Mamlakatda 130 dan ortiq millat va elat vakillari, 16 ta diniy konfessiya a’zolari bir oila farzandlaridek ahil va inoq yashayotgani qayd etilgan. 

“Bugungi notinch zamonda millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik xalqimizning oltin fondi, bebaho boyligidir”, deydi Prezident.

Qayd etilishicha, O‘zbekistonning ochiq, pragmatik va tinchlikparvar siyosati uzoq muddatli taraqqiyotni ta’minlashga qaratilgan. Markaziy Osiyoda ahil qo‘shnichilik, strategik sheriklik va do‘stlik aloqalarini kengaytirishda tarixiy yutuqlarga erishilgan.

Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Yevropa Ittifoqi, Amerika, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi va arab-musulmon dunyosi davlatlari bilan munosabatlar yanada mustahkamlangan.

Sharqiy Yevropa, Afrika va Lotin Amerikasida yangi hamkorlik yo‘nalishlari ochildi. O‘zbekiston bilan diplomatik munosabat o‘rnatgan davlatlarning soni qariyb 170 taga yetdi.

“O‘zbekistonni xalqaro diplomatiyaning muhim markaziga aylantirish uchun ko‘p qirrali, vazmin va muvozanatli tashqi siyosatni davom ettiramiz”, deydi davlat rahbari.

Iqtisodiy diplomatiya tashqi siyosatimizning ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qoladi. O‘zbekiston 2027-2029 yillarda Qo‘shilmaslik harakatiga ilk marotaba raislik qiladi.

Dunyodagi 120 dan ortiq davlatni birlashtirgan ushbu global tuzilma samaradorligini oshirishga qaratilgan tashabbuslar faol ilgari suriladi.

Yon qo‘shni Afg‘oniston bo‘yicha konstruktiv siyosat qat’iy davom ettiriladi.

Prezident tantanada ishtirok etgan diplomatik korpus vakillari, xorijiy ommaviy axborot vositalari xodimlari hamda AQSH, Turkiya va Singapurdan kelgan yuqori martabali mehmonlarga samarali hamkorlik uchun minnatdorlik bildirgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing