O‘zbekiston G‘azodagi shifoxonaga qilingan hujumni qoraladi
Jamiyat
−
18 Oktabr 2023
7868O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi G‘azo sektoridagi Al-Ahli shifoxonasiga uyushtirilgan havo hujumini qoraladi. Bu haqda bugun, 18 oktyabr kuni TIV bayonot berdi.
“G‘azo sektoridagi Al-Ahli kasalxonasiga uyushtirilgan havo hujumi oqibatida ko‘plab insonlar halok bo‘lgani haqidagi xabarni chuqur qayg‘u bilan qabul qildik. Bu dahshatli zo‘ravonlik harakatini keskin qoralaymiz va buni xalqaro gumanitar huquqning qo‘pol buzilishi deb hisoblaymiz”, deyiladi bayonotda.
O‘zbekiston TIV vafot etganlarning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildirgan holda, mojaro tomonlarini zudlik bilan harbiy harakatlarni to‘xtatishga hamda o‘t ochishdan tiyilishga chaqirgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Falastin-Isroil mojarosi hududida tinch aholi orasida ko‘plab qurbon berilishiga olib kelgan va butun Yaqin Sharqdagi vaziyatni sezilarli darajada murakkablashtirgan holat keskinlashganidan jiddiy xavotir bildirgandi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputati, “Yuksalish” umummilliy harakati raisi Bobur Bekmurodov esa Yaqin Sharqdagi vaziyatning yanada keskinlashishi katta mamlakatlarning tarafkashligi oqibati ekanini aytgandi.
Isroil-Falastin mojarosi
Joriy yilning 7 oktyabr kuni ertalab G‘azo sektoridan Isroil hududiga raketa hujumi boshlandi. Keyinchalik HAMAS Isroilga qarshi “Al-Aqso to‘foni” harbiy operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. Isroil Mudofaa kuchlari esa bunga javoban “Temir qilichlar” “aksilterror operatsiyasi”ni boshladi.
Shundan so‘ng, Bosh vazir Binyamin Netanyaxu isroilliklarga murojaat bilan chiqib, mamlakatda sodir bo‘layotgan voqealar harbiy operatsiya emas, balki to‘laqonli urush ekanini aytdi. 9 oktyabr kuni Isroil Mudofaa vaziri Yoav Galant Isroil harbiylari G‘azo sektorini keng ko‘lamli blokadaga kirishayotganini ma’lum qildi. U G‘azo sektorida elektr, oziq-ovqat, yoqilg‘i bo‘lmasligini, hamma narsa yopilishini aytdi.
Shuningdek, Isroil G‘azo sektoridagi Al-Yarmuk, Al-Emin Muhammad, Ahmad Yasin, Muhammad El-Habib, Es-Susi va Al-G‘arbi masjidlariga zarba berdi. Bu orada Amerika Qo‘shma Shtatlari G‘azo sektori atrofidagi keskinlik fonida “Eronni jilovlash uchun” Yaqin Sharqqa qo‘shimcha 20-25 ta F-35 va F-15 qiruvchi samolyotlarini yuborishi ma’lum bo‘ldi. Germaniya esa Falastin hududlaridagi gumanitar loyihalar uchun avval tasdiqlangan mablag‘larni ajratishni to‘xtatdi.
Venesuela Prezidenti Nikolas Maduro esa Isroilni Falastin xalqini qirg‘in qilishda ayblab, zudlik bilan tinchlik muzokaralarini boshlash va Falastinning hududiy huquqlarini kafolatlovchi BMT rezolyutsiyalarini amalga oshirishga chaqirdi. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ham mustaqil suveren Falastin davlatini yaratish zarurligini aytib o‘tdi. Shuningdek, u Isroil va HAMAS o‘rtasidagi qurolli to‘qnashuvlarni AQSH siyosati muvaffaqiyatsizligining yaqqol misoli deb atadi. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy esa Yaqin Sharqdagi bu mojarodan Rossiya manfaatdorligini ta’kidladi.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, qurolli to‘qnashuvlar oqibatida G‘azoda 3 ming kishi halok bo‘lgan, 13 ming kishi jarohatlangan. Isroil tomonidan qurbon bo‘lganlar soni 1,4 ming kishini tashkil etadi.
LiveBarchasi