O‘zbekiston fuqarolari Gonkongga vizasiz borishi mumkin
Jamiyat
−
09:13 900 2 daqiqa
O‘zbekiston va Gonkong o‘rtasida o‘zaro vizasiz tartib joriy etilishi kutilmoqda. Tomonlar hukumatlararo vizasiz rejim to‘g‘risidagi bitimni tuzish niyatini tasdiqlovchi verbal notalar bilan almashdi. Bu haqda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, vazir Toshkent shahrida Gonkong maxsus ma’muriy hududi administratsiyasi rahbari Jon Li Ka-chiu bilan uchrashgan.
Muzokaralar davomida investitsiyalar, moliya, raqamlashtirish, sun’iy intellekt, transport va logistika sohalaridagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilingan. Tomonlar Gonkongning yirik xalqaro moliya va biznes markazi sifatidagi tajribasi O‘zbekiston iqtisodiyotini modernizatsiya qilish va ilg‘or loyihalarni amalga oshirishda muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidlagan.
Shuningdek, hududlararo hamkorlikni rivojlantirish, ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni kengaytirish hamda yangi qo‘shma tashabbuslarni ilgari surish masalalari yuzasidan fikr almashilgan.
Uchrashuv davomida o‘zaro vizasiz rejimni o‘rnatish to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimni tuzish niyati bo‘yicha verbal notalar almashilgan. Qayd etilishicha, mazkur bitim imzolanishi fuqarolar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish, sayyohlik, biznes va gumanitar almashinuvlarni faollashtirishga xizmat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 20 may kuni Tailand hukumati xorijliklar bilan bog‘liq jinoyatlar soni ortayotgani sabab 90 dan ortiq davlat fuqarolari uchun amal qilgan vizasiz muddatni qisqartirgandi.
Yangi tartiblarga ko‘ra, avval 93 davlat, jumladan AQSH, Buyuk Britaniya, Yevropaning Shengen hududi davlatlari hamda Avstraliya fuqarolari uchun amal qilgan 60 kunlik vizasiz rejim bekor qilinadi. Bu ro‘yxat orasida O‘zbekiston ham bor. Endilikda sayyohlar Tailandda vizasiz faqat 30 kungacha qolishi mumkin.
Live
Barchasi