O‘zbekiston Eron bilan o‘yinga tayyormi?

Sport

Azaliy raqib Eron bilan o‘yinga qiziqish har doimgidan-da baland. Buni milliy terma jamoaning mashg‘ulotlariga kelgan OAV sonidan ham bilish mumkin. “Oq bo‘rilar”ning birinchi kungi mashg‘ulotlarida ko‘pgina legioner futbolchilar tarkibda yo‘q edi, ikkinchi mashg‘ulotlar kunida esa barcha xorijda o‘ynaydigan terma jamoa a’zolari jamoa safida ko‘rinish berdi. Jumladan, Rossiya chempionatini yondirayotgan Abbosbek Fayzullayev, Fransiyada top hujumchilarga kun bermayotgan Abduqodir Husanov, Turkiya chempionatida to‘p tepadigan Aziz Turg‘unboyev hamda Husniddin Aliqulov va boshqa legioner futbolchilar ham mashg‘ulotlarga yetib keldi.

Xabaringiz bor, terma ustozi sloveniyalik mutaxassis Srechko Katanets sog‘ligidagi muammolar sababli shogirdlarini bo‘lajak bahsga shaxsan o‘zi tayyorlay olmayapti. Futbolchilarga Erondek kuchli raqibga Katanetssiz tayyorgarlik ko‘rish qiyinchilik tug‘dirmaydimi? Bu borada terma jamoa sardori va Italiyaning “Roma” klubi futbolchisi Eldor Shomurodovning fikrlari qiziq bo‘ldi.

“Albatta, Katanetsning biz bilan birga emasligi noxush xabar, biroq yordamchi murabbiylar Katanetsning kerakli ko‘rsatmalarini yetkazib turibdi. Katanets bilan birinchi yil ishlamayapmiz, anchadan beri uning qo‘l ostida o‘ynab kelyapmiz, shuning uchun Srechko bizdan nima talab qilishini yaxshi bilamiz”, deydi Shomurodov.

Ma’lumki, O‘zbekiston Eronga qarshi yaxshi statistikaga ega emas. Jamoalar shu vaqtga qadar 12 marta to‘qnash kelgan, bahslardan 9 tasida Eron, atigi 1 tasida O‘zbekiston g‘alaba qozongan. Yana 2 ta uchrashuvda durang qayd etilgan. Shuningdek, O‘zbekiston terma jamoasi shu vaqtga qadar o‘z uyida forslarni mag‘lub etmagan. Yagona g‘alaba 2014 yilda “Ozodi” stadionida qo‘lga kiritilgan.

Demak, O‘zbekiston terma jamoasini doimgidek o‘ta muhim bahs kutib turibdi. Hozirda A guruhida aynan O‘zbekiston va Eron peshqadamlik qilmoqda. 10 oktyabr kuni bo‘ladigan bahs g‘olibi guruh peshqadamiga aylanadi. Forslar ustidan qozonilgan g‘alaba O‘zbekiston milliy terma jamoasini Amerika mundialiga anchagina yaqinlashtiradi. Yuqorida aytganimizdek, bu uchrashuvga qiziqish har qachongidan-da baland. Chunki allaqachon o‘yin uchun chiqarilgan chiptalar sotib bo‘lingan. Ko‘ramiz, “oq bo‘rilar” forslar bilan o‘z uyidagi salbiy an’anasiga barham bera olarmikan. 10 oktyabr kuni soat 20:00 da “Bunyodkor” stadionida savolimizga javob topamiz.


Maqola muallifi

Teglar

Eldor Shomurodov Srechko Katanets O'zbekiston-Eron uchrashuvi Azaliy raqib “Oq bo'rilar”

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing