O‘zbekiston energetika tizimini “noldan qurish” rejalashtirilmoqda (video)

Jamiyat

image

“Hududiy elektr tarmoqlari”ning yangi boshqaruv raisi Sardor Isoqulov elektr ta’minoti sifati va uzilishlar bilan bog‘liq vaziyat “ayanchli ahvolda” ekanini aytib, Prezident sohani amalda qaytadan barpo etish vazifasini qo‘yganini ma’lum qildi. Bu haqda u kecha, 27 iyul kuni “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida so‘z ochdi.

“Elektr energiyasini iste’molchilarga yetkazib olib borishda uzilishlar va sifat ko‘rsatkichlari judayam ayanchli ahvolda. Bugun muhtaram Prezidentimiz aytib o‘tdilar – noldan isloh qilamiz, energetika sohasini noldan qurib boramiz. Energetika sohasiga qanday yordam kerak bo‘ladigan bo‘lsa, o‘sha yordamlar hammasi berilgan holda xonadonga kirib borguncha bo‘lgan infratuzilmani joyida, manzilli dastur asosida ishlab, sifat ko‘rsatkichini yanada yaxshilash bo‘yicha bir qator topshiriqlar berdi”, deydi Isoqulov.

Bundan tashqari, uning aytishicha, yig‘ilishda bugungi kunda transformatorlar, havo elektr uzatish tarmoqlari yuklama markazidan qochgan holda va nomutanosib o‘rnatilgani keskin tanqid qilingan. Prezident debitor qarzdorligi og‘ir bo‘lgan, uzilishlar ko‘rsatkichi yuqori bo‘lgan tumanlarga energetika vazirligi tizimi korxonalarining rahbarlari shaxsan biriktirilib, u joyda transformatorbay ishlash yoki bo‘lmasam gaz sohasida bo‘ladigan bo‘lsa, GRPbay ishlash yo‘nalishlari bo‘yicha aniq-aniq topshiriq bergan.

“Bu topshiriqlarning ijrosi so‘zsiz ta’minlanadi va sentyabr oyiga qadar kuz-qishga tayyorgarlik mavsumi, undan tashqari, qishga kirishda hali bizga to‘rt oy vaqtimiz bor. To‘rt oy vaqt ichida bir qancha ishlar amalga oshirishimiz mumkin. O‘shaning uchun har bir rahbar ko‘zini ochishi va bugungi kunda respublikamizdagi elektr ta’minotidagi uzilishlarga barham berilishi va kelgusida bunday uzilishlar bo‘lmasligi uchun omillari bilan kurashishi bo‘yicha aniq topshiriq berdilar”, deydi Sardor Isoqulov.

Shu bilan birga, “Hududgazta’minot” boshqaruvi raisi Ma’rufxon Xo‘jayevning aytishicha, gaz sohasidagi birinchi galdagi vazifalar qilib suyultirilgan gaz yetkazib berishga xususiy sektorni jalb qilish bo‘yicha eksperimentni yo‘lga qo‘yish, gaz hisobidagi tafovutlar va debitorlik qarzdorligini kamaytirish, shuningdek, jarayonlarni raqamlashtirish va xodimlarni qayta tayyorlash belgilangan.

“Gazdagi tafovutlarni va debitor qarzlarni qisqa ravishda pasaytirish, bundan tashqari, ish yuritadigan xodimlarni, albatta, boshqatdan o‘qitish va ularni raqamlashtirish va sun’iy intellektga yanada o‘qitish bilan bog‘liq topshiriqlar berilgan. Albatta, bu topshiriqlar o‘z vaqtida bajariladi. Sohaning oldida asosiy vazifa bu kuz-qishga tayyorgarlik. Ya’ni gaz ta’minotida bir me’yorda aholiga va tadbirkorlarga yetkazib berish. Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik dasturida bu turbalarni o‘zgartirish, bundan tashqari, ma’nan eskirgan gaz taqsimot punktlarini biz yangi modernizatsiya qilingan gaz taqsimot punktlariga almashtirish”, deydi Ma’rufxon Xo‘jayev.

Bundan tashqari, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” rahbari Abdumalik Nazirovning bildirishicha, davlat kompaniyasiga magistral tarmoqlar orqali uzatishda elektr energiyasi yo‘qotishlarini kamaytirish, avariyaviy o‘chirishlar sonini keskin qisqartirish va xodimlar samaradorligini baholashning o‘nta asosiy KPI tizimini joriy etish topshirilgan.

“Joylarda aholi, oddiy xalq va tadbirkorlar qilinayotgan ishlarning samaradorligini sezishi kerak, degan topshiriq bo‘ldi. Umuman, hududlarning iste’molidan kelib chiqqan holatda tarmoqlarni rivojlantirishga ham yetarli darajada e’tibor bermaganimiz ko‘rsatib o‘tildi. Xususan, Yangiyo‘l misolida barcha yo‘nalishlar ochib berildi. Ya’ni Yangiyo‘l tumanida elektr energiya iste’moli ikki barobar oshgan bo‘lsa ham, tarmoqlar ushbu talabga mos rivojlanmaganligi ko‘rsatib berildi. Demak, biz respublikadagi barcha hududlarda ana shu iste’mol balansidan kelib chiqqan holatda tarmoqlarni rivojlantirish ishlarini amalga oshirishimiz shart”, deydi Abdumalik Nazirov.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 27 iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida yoqilg‘i-energetika tarmog‘ining ustuvor vazifalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Yig‘ilishda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ rahbari Asrorjon Asqarov lavozimidan ozod etildi va Sardor Isoqulov uning o‘rnini egalladi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing