O‘zbekiston elchisi Litva Prezidentiga ishonch yorliqlarini topshirdi
Jamiyat
−
13 fevral
1452Joriy yilning 11 fevral kuni O‘zbekistonning Litvadagi Favqulodda va muxtor elchisi etib tayinlangan Temur Rahmonov Litva Prezidenti Gitanas Nausedaga ishonch yorliqlarini topshirdi. Bu haqda “Dunyo” xabar berdi.
Qayd etilishicha, rasmiy marosimdan so‘ng ikki o‘rtada do‘stona muloqot bo‘lib o‘tgan.
“Muloqot chog‘ida O‘zbekiston va Litva o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, Litva Prezidenti rasmiy Vilnyus va Toshkent o‘rtasidagi siyosiy muloqot va ikki tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikning rivojlanib borayotganini yuqori baholagan.
Prezident Gitanas Nauseda, shuningdek, Litva tomoni O‘zbekistonning YeI doirasidagi tashabbuslarini va Jahon savdo tashkilotiga kirish masalasini qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.
Ma’lumot uchun, Temur Rahmonov 46 yoshda. Diplomat rus, ingliz, polyak va ispan tillarini mukammal biladi. U Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetini tamomlagan. TIV tizimidagi faoliyatini 1999 yilda boshlagan. O‘tgan yillar davomida u vazirlik markaziy apparatida, shuningdek, O‘zbekistonning Polsha, Italiya va Ispaniyadagi elchixonalarida turli lavozimlarda ishlagan. 2017–2018 yillarda Tashqi ishlar vazirligining Urganch shahri hududiy boshqarmasi boshlig‘i, Xorazm viloyati hokimining investitsiyalar, innovatsiyalar, xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari sifatida faoliyat olib borgan. Temur Rahmonov 2021 yildan 2024 yil martgacha O‘zbekistonning Novosibirsk shahridagi Bosh konsul lavozimida ishlagan. Uning konsullik okrugiga Rossiyaning Sibir federal okrugi kirgan. O‘tgan yili u O‘zbekistonning Latviyadagi Favqulodda va muxtor elchisi etib tayinlangan va 13 mart kuni Rigaga yetib borgan.
Eslatib o‘tamiz, 7 fevral kuni Ravshan Usmonov Islandiya Prezidenti Xalla Tomasdottirga ishonch yorliqlarini topshirgandi.