O‘zbekiston elchisi Ispaniya Qiroliga ishonch yorliqlarini topshirdi
Jamiyat
−
09 aprel
3707O‘zbekistonning Ispaniyaga yangi tayinlangan elchisi Farrux Tursunov Madrid shahrida mamlakat Qiroli Filipp VI ga ishonch yorliqlarini topshirdi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi ma’lum qildi.
Rasmiy marosimdan so‘ng bo‘lib o‘tgan suhbat chog‘ida O‘zbekiston va Ispaniya o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari, shuningdek, xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalar muhokama qilingan.
“Qirol Filipp VI O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni yuksak baholab, Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida Respublikada kuchli fuqarolik jamiyati barpo etish, ochiq tashqi siyosatni amalga oshirish, barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash borasida salmoqli yutuqlarga erishilganini ta’kidladi”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, uchrashuvda O‘zbekiston Prezidentining siyosiy tashabbuslari, mamlakat farovonligi, butun Markaziy Osiyo mintaqasidagi jarayonlar, ayniqsa, qo‘shni Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirishga qo‘shayotgan hissasi alohida qayd etilgan.
Ispaniya Qiroli ikki tomonlama munosabatlarni barcha jabhalarda mustahkamlash va rivojlantirish borasidagi sa’y-harakatlarga hissa qo‘shishga tayyorligini bildirgan.
Uchrashuv yakunida Qirol Filipp VI O‘zbekiston elchisiga ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarni mustahkamlash borasidagi mas’uliyatli ishlariga muvaffaqiyat tilagan.
Ma’lumot uchun, Farrux Tursunov 2023 yil 7 dekabr kuni Toshkentdan Madridga yetib borgan. Bungacha u Tashqi ishlar vazirligining Strategik tahlil va prognozlash bosh boshqarmasi, shuningdek, Yig‘ma axborot-tahlil departamentini boshqarib kelgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonning Hindistondagi elchisi Sardor Rustamboyev Dehlidagi "Rashtrapati Bhavan" saroyida Hindiston Prezidenti Draupadi Murmuga ishonch yorliqlarini topshirgan edi.
LiveBarchasi