Ispaniya terma jamoasini Madridda 2 milliondan ortiq muxlis kutib oldi
Sport
−
21 iyul 1047 2 daqiqa
2026 yilgi Jahon chempionati g‘olibi bo‘lgan Ispaniya terma jamoasini kutib olish uchun Madrid ko‘chalariga 2 milliondan ortiq muxlis chiqdi. Bu haqda “El Mundo” nashri xabar berdi.
Ispaniya terma jamoasi mundial finalida Argentinani qo‘shimcha vaqtda Ferran Torresning 106-daqiqada kiritgan goli evaziga 1:0 hisobida mag‘lub etib, jahon chempioniga aylangan edi.
Jahon chempionlarini olib kelgan samolyot mahalliy vaqt bilan soat 14:30 da Madriddagi Baraxas aeroportiga qo‘ngan. Samolyotdan birinchi bo‘lib bosh murabbiy Luis de la Fuente, jamoa sardori Rodri, shuningdek, Ispaniya Qirollik futbol federatsiyasi (RFEF) prezidenti Rafael Lusan tushgan.
Shundan so‘ng, terma jamoa Zarsuela saroyiga yo‘l olgan. U yerda futbolchilarni Ispaniya qiroli Filipp VI, qirolicha Letisiya, taxt vorisi malika Leonor hamda Infanta Sofiya kutib olgan. Keyin jamoa Ispaniya Bosh vaziri Pedro Sanches qarorgohida qabul qilingan.
Rasmiy marosimlardan keyin ochiq avtobusdagi chempionlar Madrid markazi bo‘ylab g‘alaba paradini o‘tkazdi. Yo‘nalish Monkloa saroyidan boshlanib, Ispaniya terma jamoasining yirik g‘alabalari an’anaviy nishonlanadigan Sibeles maydonigacha davom etgan.
Madrid hokimiyati ma’lumotiga ko‘ra, o‘z qahramonlarini qarshi olish uchun poytaxt ko‘chalariga taxminan 2 million nafar muxlis chiqqan. Bayramning asosiy qismi bo‘lib o‘tgan Sibeles maydonida esa qariyb 120 ming nafar ishqiboz to‘plangan.
Ma’lumot uchun, Ispaniya o‘z tarixida ikkinchi marta Jahon chempionligini qo‘lga kiritdi. Bundan avval ispaniyaliklar 2010 yilgi mundialda ham chempion bo‘lib, finalda Niderlandiyani 1:0 hisobida mag‘lub etgan edi.