Putin O‘zbekistonga yangi elchisini jo‘natdi

Jamiyat

image

Rossiyaning O‘zbekistondagi yangi tayinlangan elchisi Aleksey Yerxov O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidovga ishonch yorliqlari nusxalarini topshirdi. Bu haqda Saidov o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.

Vazirning bildirishicha, ular mamlakatlar o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalari yuzasidan fikr almashishgan.

“Ikki tomonlama kun tartibimizni ilgari surish va barcha sohalarda hamkorligimizni kengaytirishda yaqindan hamkorlik qilamiz. Elchi janoblariga mamlakatimizdagi diplomatik faoliyatida yuksak muvaffaqiyatlar tilab qolamiz”, deb yozdi Saidov.

Ma’lumot uchun, Aleksey Yerxov 1960 yil 28 oktyabrda Moskvada tug‘ilgan. U 1983 yilda Moskva xalqaro munosabatlar institutini tamomlagan va shu yildan boshlab diplomatik xizmatni boshlagan. Yerxov 1983-2000 yillarda Marokash, Misr va Isroildagi Rossiya elchixonalarida faoliyat yuritgan. 2000-2003 yillarda Rossiya Prezidenti ma’muriyatida Tashqi siyosat tadbirlarini tayyorlash bo‘limi boshlig‘i va o‘rinbosari bo‘lib ishlagan. Keyinchalik u 2003-2006 yillarda Suriya elchixonasida maslahatchi, 2006-2009 yillarda Tashqi ishlar vazirligi kotibiyati departamenti direktori o‘rinbosari lavozimida xizmat qilgan. 2009-2015 yillarda Istanbulda Rossiya Bosh konsuli sifatida faoliyat olib borgan. 2015-2017 yillarda Rossiya TIV huzuridagi Situatsion-krizis markaziga rahbarlik qilgan, 2017 yildan 2025 yilgacha Rossiyaning Turkiyadagi elchisi bo‘lib ishlagan va bu davrda “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlangan. 

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning iyun oyida Rossiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Oleg Malginov o‘z faoliyatini yakunlagani haqida xabar berilgan edi. 5 sentyabr kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Rossiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi etib Aleksey Yerxov tayinladi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya elchi Baxtiyor Saidov ishonch yorliqlari Aleksey Erxov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing