O‘zbekiston do‘st orttirishda davom etmoqda: navbat Fransiyaga
Tahlil
−
13 mart 5649 7 daqiqa
O‘zbekiston va so‘nggi vaqtlarda Yevropa lideriga aylanayotgan Fransiya strategik sheriklarga aylandi. Kechadan buyon OAVda Prezident Shavkat Mirziyoyevning Fransiyaga tashrifi keng yoritilib, muhokamalar mavzusi bo‘lib turibdi. Rossiya-Ukraina mojarolari borasida AQSH o‘z siyosatini o‘zgartirayotgan bir davrda Yevropa Ittifoqiga “bosh-qosh bo‘layotgan” Emmanuel Makron O‘zbekiston bilan hamkorlikni izchil davom ettirmoqchi. Xo‘sh, ikki davlat rahbarlari nimaga kelishib oldi va avvalgi munosabatlar qanday edi? Fransiya O‘zbekistonni o‘z uran yetkazib beruvchisiga aylantiryaptimi? O‘zi O‘zbekiston dunyo sahnida kimlar bilan do‘st? Maqolada shular haqida so‘z boradi.
O‘zbekiston kimlar bilan do‘st?
Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, bugunga kelib, respublika dunyoning 160 ga yaqin davlati bilan diplomatik aloqalar o‘rnatgan. Toshkentda 46 ta chet el elchixonalari, 3 ta bosh konsullik, 13 nafar faxriy konsullar, 24 ta xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari, 26 ta xorijiy xalqaro hukumatlararo va hukumat tashkilotlari vakolatxonalari, 1 ta savdo vakolatxonasi faoliyat ko‘rsatmoqda.
Bundan tashqari, respublikaning 4 ittifoqchisi (Rossiya, Qozog‘iston, Tojikiston va Ozarbayjon) hamda 20 dan ortiq strategik sheriklari bor. AQSH (2002 yil), Yaponiya (2002 yil), Ozarbayjon (2004 yil), Rossiya (2004 yil), Janubiy Koreya (2006 yil), Hindiston (2011 yil), Xitoy (2012 yil), Qozog‘iston (2013 yil), Turkmaniston (2017 yil), Turkiya (2017 yil), Qirg‘iziston (2017 yil), Tojikiston (2018 yil), Pokiston (2021 yil), Vengriya (2022 yil), Italiya (2023 yil), Qatar (2025 yil), BAA (2025 yil), Fransiya (2025 yil) kabilar shular jumlasidan.
Fransiya Yevropaga yo‘l(mi?)
Xo‘sh, o‘zi davlatlararo qanday munosabatlar mavjud va ular qay tariqa shakllanadi? Buni O‘zbekiston va Fransiya misolida atroflicha ko‘rib chiqamiz. Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti yetakchi ilmiy xodimi Fazliddin Jamolovning aytishicha, davlatlar o‘rtasidagi munosabatlar darajasi oddiy “tan olish”dan to‘liq “ittifoqchilik”gacha bo‘lishi mumkin. Hammasi ishonch darajasi va hamkorlikning chuqurligiga bog‘liq.
Masalan, birinchi daraja – davlatni tan olish. Fransiya O‘zbekiston mustaqilligini 1992 yil 3 yanvarda tan olgan. Biroq bu bosqichda har doim ham diplomatik munosabatlar o‘rnatilmaydi.
Keyingi qadam diplomatik munosabatlarni o‘rnatish bo‘lib, u Diplomatik aloqalar to‘g‘risidagi Vena konvensiyasi bilan tartibga solinadi. Fransiya va O‘zbekiston misolida bu 1992 yil 1 martda sodir bo‘ldi.

Keyin mamlakatlar do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnomani imzolashga o‘tishlari mumkin. Bu odatda tinchliksevar maqsadlar va tarixiy hamkorlikni mustahkamlashni nazarda tutadi. 1993 yil 27 oktyabrda O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasida shu kabi shartnoma ham tuzilgan.
Demak, bu mantiqan keyingi bosqich muayyan sohadagi hamkorlik to‘g‘risidagi shartnomalar yoki ko‘p qirrali hamkorlik bo‘lishi mumkin, degan fikrga olib keladi. Xususan, Makronning O‘zbekistonga 2023 yilgi tashrifi doirasida uch yillik dastur va uning doirasida o‘zaro Madaniyat kunlarini o‘tkazish, Madaniy meros sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi deklaratsiya va boshqa bitimlar qabul qilindi.
Keyingi bosqich ba’zida “keng qamrovli” deb ataladigan strategik sheriklik shartnomasini imzolash deb taxmin qilish mantiqan to‘g‘ri bo‘ladi. Hamkorlikning ushbu darajasi iqtisodiyot, energetika, xavfsizlik va texnologiyalar kabi sohalardagi umumiy manfaatlarga asoslanadi. U moslashuvchan va pragmatik xususiyatga ega bo‘lib, qat’iy majburiyatlarni o‘z ichiga olmaydi va hozirgi geosiyosiy vaziyatga bog‘liq.
Shu bilan birga, ittifoqchilik munosabatlari davlatlar o‘rtasidagi eng yuqori darajadagi ishonchni ifodalaydi va inqiroz holatida bir-birini himoya qilish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha shartnoma majburiyatlarini o‘z ichiga oladi.
Shuningdek, ilmiy xodim Jamolovning fikricha, O‘zbekiston va Fransiya strategik sherikchiligi O‘zbekiston uchun Yevropaga “ko‘prik” vazifasini o‘taydi.
“Ishonchim komilki, O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasida strategik sheriklik o‘rnatilishi ikki tomonlama aloqalarni yanada rivojlantirishga kuchli turtki beradi va O‘zbekiston uchun Yevropaga “ko‘prik” vazifasini o‘taydi, Yevropa Ittifoqining boshqa davlatlari bilan sheriklikni mustahkamlashga xizmat qiladi. “Yevropa Ittifoqi - Markaziy Osiyo” birinchi sammiti arafasida ushbu hujjatning imzolanishi O‘zbekistonning ko‘p vektorli siyosat yuritish va Yevropa Ittifoqi bilan o‘zaro manfaatli munosabatlarni rivojlantirishga intilishi ramzidir”, deydi u.
O‘zbekiston va Fransiya: strategik sheriklik doirasida nimalar qilinadi?
Kecha, 12 mart kuni Prezident Mirziyoyev Makron taklifiga binoan davlat tashrifi bilan Parijga bordi va Fransiya Prezidentining qarorgohi – Yelisey saroyida ikki mamlakat o‘rtasida strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risida tarixiy qarorga kelindi. Makron juda iliqlik, o‘zbekona tayyorgarliklar bilan mezbonlik qilgan mazkur muzokaralar natijasida Fransiya kompaniyalari bilan O‘zbekistonda 6,5 milliard yevrolik kooperatsiya loyihalarini amalga oshirishni nazarda tutuvchi Investitsiya va innovatsiya sohalaridagi hamkorlik dasturi almashildi.

Yevropaning oldi mamlakati Prezidenti Makronni tom ma’noda yaxshi siyosatchi deyish mumkin. U Mirziyoyevning rasmiy tashrifiga yetarlicha tayyorgarlik ko‘rganga o‘xshaydi. Makronning o‘zbekcha so‘zlashi, shiori va postlaridan tashqari, O‘zbekiston Prezidentini mamlakatdagi muhim orden bilan mukofotlagani ham alohida ta’kidlanmoqda. U Mirziyoyevni Napoleon ta’sis etgan orden – Faxriy legion bilan taqdirladi.
Ta’kidlash kerakki, bugungacha Rossiya Prezidenti Putin, Germaniyaning sobiq federal kansleri Angela Merkel, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy kabilar shu orden bilan mukofotlangan.
Fransiya nima demoqda?
Bunday iltifotlar bejizga emas, albatta. Dunyodagi to‘rtinchi yirik yadroviy kuch hisoblangan Fransiyaga uran qazib olish va zaxirasi bo‘yicha dunyoning yetakchi o‘rinlarida turgan O‘zbekistondek mamlakat bilan mustahkam aloqa o‘rnatish katta manfaat demakdir. Fransiyaning “afriquex” nashrida yozilishicha, yadroviy arsenal – mamlakat mudofaa strategiyasining asosiy ustuni. Agar uning yadro quroli bo‘lmagan taqdirda, Fransiya jahon siyosatida hozirgidek nufuzga ega bo‘la olmasdi.
Fuqarolik iste’moli, qolaversa harbiy mudofaa uchun ham mamlakatda uranga talab yuqori va 1950 yillardan beri Parij asosan Niger uranidan import qilib kelgan. 2023 yil iyulida G‘arbiy Afrikada joylashgan bu davlatda harbiy to‘ntarish sodir bo‘lib, Fransiyaning ittifoqchisi, prezident Muhammad Bazoum ag‘darilgach, Makron uchun “erkin uran” cheklanib qolgan.
Shuningdek, nashrga ko‘ra, bugungi kunda Kanada, Avstraliya, O‘zbekiston va Namibiya kabi davlatlar yangi asosiy yetkazib beruvchilarga aylangan. Ammo Orano (Fransiyaning yirik uran qazib oluvchi va qayta ishlovchi kompaniyasi) Niger uraniga hanuz qaramligicha qolmoqda.

“Rfi” nashrida e’lon qilingan maqolada esa ikki davlatning bir-biri uchun asosiy savdo hamkorlari emasligi ta’kidlanadi. Shunga qaramay, 2023 yilda O‘zbekistonga 621 million yevrolik mahsulot eksport qilingan, bu esa 2019 yilga nisbatan besh baravar ko‘p. O‘zbekiston esa Fransiyaga nisbatan kam eksport qiladi va uning 90 foizi uran birikmalari yetkazib berishdan iborat.
Shu nuqtada Parij uchun masala qiziq tus oladi. Yelisey saroyi bu tashrifning asosiy maqsadlaridan biri “kam uchraydigan va strategik metallar bo‘yicha hamkorlikni mustahkamlash” ekanini ochiq tan oladi. Uran, albatta, shular jumlasiga kiradi va Fransiyaning energetik mustaqilligi uchun juda muhim, chunki u mamlakatning atom elektr stansiyalarini ishga tushirishga xizmat qiladi. Parij hozir Niger uraniga muqobil variant qidirmoqda.
Shuningdek, maqolada sobiq sovet davlati bo‘lgan O‘zbekiston Fransiyani o‘zining transformatsiyasi uchun ideal hamkor sifatida ko‘rayotgani aytiladi. Mamlakatning iqtisodiy o‘sishi yiliga taxminan 6% atrofida bo‘lib, demografiya juda tez o‘smoqda. Toshkent Rossiyaga energetik qaramlikni kamaytirishni maqsad qilgan. Bu borada Fransiya qulay yechim sifatida ko‘rilmoqda, chunki u bu muammolarni hal qilish uchun zarur texnologiya va tajribaga ega. Masalan, O‘zbekistonni yashil energiyaga o‘tkazish bo‘yicha rejalar uchun fransuz kompaniyalari muhim rol o‘ynashi mumkin. Hozirda O‘zbekistonda Fransiyaning 50 ga yaqin kompaniyasi faoliyat yuritmoqda.
Bundan tashqari, nashrga ko‘ra, O‘zbekistonga qiziqish bildirayotgan yagona davlat Fransiya emas. Umuman olganda, Markaziy Osiyo Fransiya va G‘arb davlatlari uchun jozibador bo‘lib bormoqda. Germaniya kansleri Olaf Shols ham shu kabi sabablarga ko‘ra o‘tgan yilning sentyabr oyida mintaqaga tashrif buyurgan edi.
Ko‘p takrorlanayotganidek, O‘zbekistonning ham, Fransiyaning ham strategik sheriklikdagi o‘zaro manfaatdorligini inkor etib bo‘lmaydi. Fransiya O‘zbekiston uchun texnologiya va investitsiyalar borasida muhim sherik bo‘lsa, O‘zbekiston Fransiya uchun strategik xomashyo, jumladan, uran va boshqa kamyob metallar yetkazib beruvchi mamlakat sifatida gavdalanmoqda.
Xulosa qilib aytganda, ushbu hamkorlik nafaqat iqtisodiy, balki geosiyosiy jihatdan ham muhim. O‘zbekiston global bozorlarga integratsiyalashish va o‘z energetik xavfsizligini ta’minlashni maqsad qilgan bo‘lsa, Fransiya Markaziy Osiyoda o‘z ta’sirini mustahkamlashni istaydi.
Boshqa mamlakatlar bilan hamkorlikni rivojlantirish esa O‘zbekiston uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochishi mumkin.
Live
Barchasi