O‘zbekiston bolalarini eplab boqolmaydimi?
Tahlil
−
12 iyun 2023
18167Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bolalar jamg‘armasi (UNICEF)ning bolalar mehnatiga oid rasmiy statistikasiga ko‘ra, O‘zbekistonda o‘tgan 2022 yilda 5 yoshdan 17 yoshgacha bo‘lgan bolalarning 20% potensial zararli ishlar bilan shug‘ullanadi.
Bu bolalar mehnatining eng katta ulushi kuzatiladigan Sahroi Kabir, janubiy Afrikadagi ko‘rsatkichlardan atigi 6 foizga kam degani.
2022 yilning birinchi choragida O‘zbekistonda bolalar uchun zararli bo‘lgan ishlarga jalb etilgan 5 yoshdan 17 yoshgacha bo‘lganlarning 14 foizi qizlar bo‘lsa, 21 foizi o‘g‘il bolalardir. 2022 yilning ikkinchi choragida esa O‘zbekistondagi 5 yoshdan 17 yoshgacha bo‘lgan bolalarning 18 % qiz, 22 % o‘g‘il bolalar potensial zararli mehnatga qo‘l urgan.
Darhaqiqat, bolalar ko‘chada tilanchilik qiladi, adirlarda mol boqadi, dalada ketmon chopadi, bozorda arava sudraydi, suv tashiydi, o‘zlari o‘ynashi kerak bo‘lgan ko‘ngilochar bog‘lar atrofida hali nam sochiqchalar, hali turli taqvimlar, oziq-ovqat mahsulotlari va boshqa narsalar sotadi. Bu voqealarning hammasi bolajon yurt deb ataladigan, bolali uy – bozor, bolasiz uy – mozor, bola ko‘ngli – poshsho, bir bolaga yetti mahalla ota-ona, deb hisoblaydigan yo yangi yo eski O‘zbekistonda sodir bo‘lmoqda.
Nima, bu yurt o‘z bolalarini eplab boqolmaydimi? 12 iyun ─ Butunjahon bolalar mehnatiga qarshi kurashish kuni. Xo‘sh, O‘zbekiston o‘z ichida bolalar mehnatiga qarshi qay darajada kurash olib boryapti? O‘zi umuman, bolalarning mehnat qilishi yaxshimi yo yomon? Bolalarni kichikligidan mehnat qilishga o‘rgatib borish uchun ham ularni mehnatga jalb qilish kerakdir, balki? QALAMPIR.UZ mazkur savollarga javob topish uchun bolalar, ota-onalar, keksalar, bolaligida mehnat qilgan tadbirkor, bolalar psixologi hamda huquqshunos bilan suhbatlashdi.
Bolalar mehnati masalasi uchta asosiy xalqaro konvensiyaga asoslanadi:
• Xalqaro Mehnat Tashkilotining (XMT) ishga qabul qilishning eng kam yoshi to‘g‘risidagi 138-sonli Konvensiyasi va 146-sonli Tavsiya (1973);
• Bolalar mehnatining eng yomon shakllarini taqiqlash va ularga barham berish bo‘yicha zudlik bilan chora ko‘rish to‘g‘risida XMTning 182-sonli Konvensiyasi va 190-sonli Tavsiya (1999);
• Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi.
Ushbu konvensiyalar bolalar mehnati konsepsiyasini o‘z ichiga oladi va imzolagan mamlakatlar tomonidan qabul qilingan bolalar mehnati to‘g‘risidagi qonun hujjatlari uchun asos bo‘ladi. Shunday bo‘lsada, O‘zbekistonda haligacha bolalar ko‘chada tilanchilik bilan shug‘ullanmoqda. Hukumat esa bunga qarshi qay usulda kurashayotgani noma’lum. Mas’ul tashkilotlar ba’zan bolalarni tilanchilik qildirayotgan ota-onalarni javobgarlikka tortsa, ba’zan tilanchilik qilayotgan bolalarning videolari ijtimoiy tarmoqlarni “portlatsa” ham o‘zidan kar va soqovni yasab, jim o‘tiraveradi.
Tahririyat O‘zbekistonda tilanchilik bilan shug‘ullanayotgan bolalar haqida ham ijtimoiy tarmoq orqali kichik so‘rovnoma o‘tkazdi. Unda ishtirok etgan 2 500 nafar ovoz beruvchilarning 79% “Siz tilanchilik bilan shug‘ullanayotgan bolalarga hech duch kelganmisiz?” degan savolga, “Ha, ko‘p duch kelaman”, deb javob bergan.
18% ovoz beruvchilar esa, bunday bolalarni ko‘rgani, lekin, ko‘p emasligini aytgan. Ishtirokchilarning atigi 3 foizi esa tilanchilik bilan shug‘ullanayotgan bolalarni uchratmagan.
Izohlarda esa ko‘plab ishtirokchilar, tilanchilik bolalar uchun tarki odat ekani, bu oilaviy an’analari bo‘lib, shuning uchun tilanchi bolalarni ko‘rsa hayron bo‘lmasligini, muammoga chek qo‘yish imkonsiz ekanini yozgan.
Bolalar mehnatiga oid tahliliy videoning to‘liq shaklini yuqoridagi videopleyerda yoki QALAMPIR.UZ’ning Youtube sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.
LiveBarchasi