G‘azodagi bemorlar evakuatsiya kechikishi tufayli vafot etmoqda – BMT
Olam
−
26 Oktabr
1358Birlashgan Millatlar Tashkiloti urushdan vayron bo‘lgan G‘azo sektorida bolalar va nogironlar tobora dahshatli sharoitlarga duch kelayotgani, shifoxonadagi bemorlar evakuatsiya kechikishi tufayli vafot etayotganini ma’lum qildi. Bu haqda kecha, 25 oktyabr kuni tashkilot matbuot xizmati xabar berdi.
BMT rasmiylari va inson huquqlari bo‘yicha ekspertlarning ma’lum qilishicha, G‘azoda bolalar va nogironlar tobora dahshatli sharoitlarga duch kelmoqda, ba’zilari tibbiy evakuatsiya kutilayotganda halok bo‘lmoqda.
Shuningdek, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Folker Tyurkning aytishicha, G‘azo mojarosining eng qorong‘i lahzasi Isroil armiyasi butun aholini bombardimon qilish, qamal qilish va ochlikdan o‘lim xavfiga duchor qilish, shuningdek, ikkitadan birini tanlashga majbur bo‘layotgan sektor shimolida sodir bo‘lmoqda.
“G‘azo shimolidagi portlashlar to‘xtovsiz davom etmoqda. Isroil harbiylari yuz minglab odamlarga qaytish kafolatisiz ko‘chib o‘tishni buyurdi. Biroq ketishning xavfsiz usuli yo‘q. Bombalar tushishda davom etmoqda, isroillik harbiylar oilalarni ajratmoqda, ko‘plab odamlarni hibsga olmoqda, qochayotgan odamlar esa o‘qqa tutilgan”, deydi Tyurk.
Jahon yetakchilarini harakat qilishga chaqirar ekan, BMTning inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari davlatlar Jeneva konvensiyalari bo‘yicha xalqaro gumanitar huquqqa hurmatni ta’minlashga majbur ekanini aytdi.
“Tasavvur qilib bo‘lmaydigan ushbu vaziyat kundan-kunga yomonlashmoqda. Isroil hukumatining G‘azo shimolidagi siyosati va amaliyoti barcha falastinliklar hududini bo‘shatish xavfini tug‘diradi. Biz vahshiylik jinoyatlariga, shu jumladan insoniyatga qarshi jinoyatlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan narsalarga duch kelyapmiz”, deb ta’kidlaydi u.
Shu bilan birga, tashkilotning Bolalar jamg‘armasi – UNICEF’ning matbuot kotibi Jeyms Elder G‘azo bo‘ylab bolalar tibbiy yordam zarurati tufayli evakuatsiya qilinayotgani, ularning ko‘plari bosh jarohati, amputatsiyalar, kuyish, saraton, to‘yib ovqatlanmaslik kabi jiddiy kasallik va muammolardan aziyat chekayotganini ma’lum qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, agar Yaqin Sharqda Isroil tajovuzi davom etadigan va kundan-kunga kuchayadigan bo‘lsa, agar bu halokatli darajada sekin sur’atda davom etsa, shoshilinch tibbiy yordamga muhtoj bo‘lgan 2500 dan ortiq bolani evakuatsiya qilish uchun 7 yildan ko‘proq vaqt kerak bo‘ladi.
Ma’lumot uchun, 2024 yil 1 yanvardan 7 maygacha har oyda o‘rtacha 296 nafar bola tibbiy yo‘l bilan evakuatsiya qilingan. 7 may kuni Isroilning quruqlikdagi hujumi tufayli Rafah o‘tish joyi yopilganidan buyon tibbiy yordam ko‘rsatish orqali evakuatsiya qilingan bolalar soni oyiga 22 nafarga yoki umumiy 127 bolaga kamaygan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq BMTning Falastin hududlaridagi Jahon oziq-ovqat dasturi direktori Antuan Renar tashkilotning G‘azo sektori shimolidagi yuz minglab odamlar uchun oziq-ovqat zaxiralari bir yarim hafta ichida tugashi haqida ogohlantirgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, G‘azo aholisida bug‘doy uni bor, lekin non yo‘q. Chunki ular pechni yoqish uchun o‘tin yig‘ishdan qo‘rqadi. Tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda G‘azo sektorida taxminan 1,4 million kishi suv va oziq-ovqat yetishmasligidan aziyat chekmoqda.
LiveBarchasi