Germaniya, Fransiya va Britaniya G‘azoga yordam yetkazishni qayta tiklashga chaqirdi

Olam

image

Germaniya, Fransiya va Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vazirlari qo‘shma bayonotda Isroilni zudlik bilan blokadani bekor qilishga va G‘azoga gumanitar yordam yetkazib berishni qayta tiklashga chaqirdi. Bu haqda “Al Arabiya” xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, ushbu bayonot Isroilning HAMAS bilan kelishuvi buzilgani sababli mintaqaga yordam olib kirishni butunlay to‘xtatganidan 50 kun o‘tib e’lon qilingan.

“Gumanitar yordam hech qachon siyosiy vosita sifatida ishlatilmasligi kerak. Isroil BMT va gumanitar tashkilotlarga G‘azoning butun hududida xavfsiz ishlash uchun to‘siqsiz kirishni ta’minlashi kerak”, deyiladi bayonotda.

Yevropa diplomatlari, shuningdek, HAMASni o‘z maqsadlari yo‘lida gumanitar yordamdan foydalanganligi uchun qoralagan.

“HAMAS o‘z moliyaviy manfaati uchun yordamni qayta yo‘naltirmasligi yoki fuqarolik infratuzilmasidan harbiy maqsadlarda foydalanmasligi kerak”, deya qo‘shimcha qilingan bayonotda.

Vazirlar Isroilni G‘azodagi tinch aholini himoya qilishni kuchaytirishga, HAMASni esa garovga olingan 59 kishini zudlik bilan ozod qilishga chaqirgan. Ular, shuningdek, ikkala tomonni ham yarashuv stoliga qaytishga chorlagan.

Bayonotda Isroil Mudofaa vaziri Isroil Kats urushdan keyin G‘azoda qolish rejalari haqidagi fikrlari uchun tanqid qilingan.

Ma’lumot uchun, Kats Isroil HAMAS nazoratini istisno qiladigan mexanizm yaratilmaguncha yordamni o‘tkazib yubormasligini aytgan edi. Shuningdek, u harbiy kuch Isroil jamoalarini himoya qilish uchun G‘azoning bufer hududlarida qolishini ta’kidlagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroil va Falastinning HAMAS harakati o‘rtasidagi muzokaralarda vositachilik qilayotgan Misr va Qatar o‘t ochishni to‘xtatish va G‘azo sektorida garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha yangi taklifni ilgari surgandi. Ushbu reja besh yildan yetti yilgacha sulh tuzishni, barcha isroillik garovga olinganlarni falastinlik mahbuslar evaziga ozod qilishni nazarda tutadi. Shuningdek, rejaga ko‘ra, urush rasman to‘xtatiladi va Isroil anklavdan to‘liq chiqadi. Qolaversa, Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron iyun oyida o‘zi hamraislik qiladigan ikki davlat yechimi bo‘yicha xalqaro konferensiya doirasida Fransiya Falastin davlatini tan olishi mumkinligini aytgandi. Prezidentning aytishicha, konferensiya Falastinni tan olish masalasini hal qilishni rejalashtirmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Germaniya Frantsiya Buyuk Britaniya Isroil G'azo

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing