O‘zbekiston biz borgan o‘ninchi postsovet mamlakati
Jamiyat
−
07 aprel 2022
27241Avvalroq, amerikalik yozuvchi va jurnalist, ommaviy axborot vositalari, matbuot va so‘z erkinligi bo‘yicha xalqaro tadqiqotchi Sheril L. Rid QALAMPIR.UZ internet nashrida ish boshlagani haqida xabar bergan edik. Sheril L. Rid allaqachon ishga kirishib, birinchi maqolasini ham yozishga ulgurdi. Uning ilk maqolasida O‘zbekistonga safari, ilk haftalarida yodda qolgan xotiralar, O‘zbekiston, uning poytaxti Toshkent va toshkentliklar xususida shakllangan ilk xulosalar haqida so‘z boradi.
O‘zbekiston biz borgan o‘ninchi postsovet mamlakati
Ko‘zlarimiz horg‘in boqqancha tungi soat 2:00 da Toshkentga yetib keldik va bu haqida xabar berdik. Aeroport biz uchgan boshqa ko‘plab postsovet aeroportlariga o‘xshaydi. Oltita sumkamiz bilan aeroport chiqish yo‘lagidan o‘tib borar ekanmiz, Sharqiy Yevropadagi son-sanoqsiz temir yo‘l vokzallari va aeroportlaridan tashqarida uchratganimiz kabi shovqin soluvchi va mehmonxonamizgacha bo‘lgan yo‘l haqining ikki yoki besh baravarini undirishga tayyor taksi haydovchilari tomonidan kutib olindik. Ammo biz siz o‘ylagandek Shimoliy Amerikadan tashqariga sayohatga chiqib, London, Parij yoki Rim kabi joylarga boradigan oddiy amerikaliklar emasmiz.
O‘zbekiston biz borgan o‘ninchi postsovet mamlakatidir. Erim va men bu yerda AQSH Davlat departamentining Fulbrayt granti doirasida bo‘lib turibmiz. Hukumatim matbuot erkinligi hali murg‘aklik pallasida bo‘lgan yoki ayrimlarida umuman mavjud bo‘lmagan postsovet mamlakatlaridagi mustaqil ommaviy axborot vositalari bo‘yicha tadqiqotimni qo‘llab-quvvatlamoqda. Men bu yerga O‘zbekiston bu spektrda aynan qaysi kategoriyaga tushishini ko‘rish uchun keldim.
Turli universitetlarda jurnalistik surishtiruvdan dars berish va sobiq Sovet Ittifoqi bo‘ylab jurnalistik surishtiruv sohasidagi jurnalistlar bilan ular haqiqatni oshkor qilishda duch kelayotgan qiyinchiliklar haqida izlanish asnosida erim va men, Ukrainada deyarli ikki yil yashaganimizdan so‘ng, mazkur maqola navbati yetib keldi. O‘sha jurnalistlarning ba’zilari hozir Ukrainadagi urushdan reportajlar qilmoqda, boshqalari Belarusdagi qamoqxonalarda, bir qanchasi esa Gruziya va Ozarbayjonda yashirinib yuribdi.
Hozir Toshkentda turmush o‘rtog‘im bilan Ukrainadagi to‘qnashuvlar haqidagi xabarlarni tomosha qilib boryapmiz. Bizning fikr-u xayolimizda Kiyev. Ukraina va Belarusda erimning urushda qatnashgan qarindoshlari istiqomat qiladi. Men Ukrainadagi sobiq talabalarimni kuzatib boraman va ikkalamiz ham sobiq qo‘shnilarimiz, do‘stlarimiz va bombada uxlab, kunlarini askarlarga ovqat pishirish bilan o‘tkazadigan yoki tibbiy buyumlarni yetkazib berish uchun o‘qlardan qochishiga to‘g‘ri kelayotgan oilalar bilan xabarlashib turamiz.
Toshkent menga ko‘p tarafdan Kiyevni eslatadi – sovet arxitekturasi, keng ko‘chalar va yer osti yo‘laklari, turli etnik guruhlar hamohangligi, rus va ingliz tillaridagi belgilar va ochiqko‘ngil odamlar.
Men Toshkentda Lenin haykallari buzib tashlanganini va O‘zbekiston Prezidenti mamlakatni modernizatsiya qilishga intilayotganini oldingi izlanishlarimdan bilardim. Shahar ozoda va yaxshi e’tibor qaratilgan. Men barcha daraxtlarni yoqtiraman. Lekin Shevchenko ko‘chasidagi rang-barang sovet davri mozaikasi oldidagi ukrain shoiri Taras Shevchenko haykaliga duch kelganda, hayratda qolaman. Yaqindagi Zulfiya bog‘ida esa Toshkentda bor-yo‘g‘i uch yil yashagan belarus shoiri Yakub Kolasning haykali o‘rnatilgan. Uning siymosi bog‘ga nomi berilgan o‘zbek shoirasi va jurnalisti Zulfiya haykalining o‘rnini egallaganini bilaman. Ko‘plab davlatlar tarixida sharaflagulik hurmatga sazovor ayollarni topishga qiynalayotgan bir paytda, nega bu ayol haykali olib tashlanishi kerak? Nega ukrain va belarus shoirlari Toshkentda sharaflanmoqda? Ajablanarli!
“Bu hali ham eski sovet shahri”, tushuntirdi mahalliy muxbir.
Ukraina, Belarus, Qozog‘iston va boshqa mamlakatlarda biz guvoh bo‘lgan byurokratik tizimlarga bu yerda qayta duch kelganimizda, muxbirning so‘zlari quloqlarim ostida yangrardi. Ko‘plab hujjatlar, ro‘yxatga olishlar, muhrlar talab qiladigan va oyna ortidan odamlar bilan gaplashib, uzoq vaqt navbatda turishni talab etadigan o‘sha tanish tizimlar. Xuddi o‘sha oldingi talablar, xususan, pochta bo‘limidagi ayol men va erimdan hech qanday tushuntirishsiz sirli sarf-xarajatlarni talab qiladi, lekin navbatdagi boshqa hech kimdan so‘ramaydi.
O‘zbeklarni xotirjamligi bilan tanilgan deb aytishgandi. Ular albatta xotirjam ko‘rinadi. Ammo o‘tgan yakshanba kuni erim va men ikki erkakning mashinadan tushib, bir-birini do‘pposlaganiga guvoh bo‘ldik, boisi haydovchilardan biri chorrahadan yetarlicha tez o‘tib ketmagan edi. Boshqa bir yigit esa chorrahaning o‘rtasida mashinasini to‘xtatib, janjalni boshlab yubordi.
Umuman olganda, Toshkentda odamlarni xushmuomala va mehnatkash deb bilaman. Ba’zan bu almashinuvlar kulgili bo‘lishi mumkin. Xuddi kapuchino bilan “koritsa” xohlamaysizmi deb so‘ragan qahvaxona ofitsianti kabi:
"Siz mendan qahva bilan tovuq xohlaysizmi, deb, so‘rayapsizmi?"
U jilmayib, bosh irg‘adi. Keyin u kumush idishni burnimga tutdi.
"Oh, dolchin", dedim men. "Ha, bu yaxshi."
Google tarjimondan foydalanib, tovuq go‘shti “kuritsa”, dolchin esa “koritsa” deb talaffuz qilinishini bilib oldim. Bilib olgan yaxshi. Endi men oziq-ovqat do‘konida tasodifan bir funt dolchin so‘rab qo‘yishimdan xavotirdaman.
Boshqa kutilmagan hayratlanarli narsalar ham bor. Sanksiyalar ortidan bu yerga qochib kelgan barcha rus va belarus muhojirlari tufayli kvartira topish, ayniqsa, qiyin bo‘ldi. Biz ijara uchun rasmiy belgilanganidan 30 foiz ko‘proq to‘lashimizga to‘g‘ri keldi. Oziq-ovqat do‘konlaridagi mahsulotlar Ukrainada bo‘lgan vaqtimdagidan uch baravar qimmat. O‘rtacha, men oziq-ovqat do‘konida haftasiga 100 dollardan ko‘proq pul sarflayapman va Qo‘shma Shtatlarda haftasiga 200 dollar sarflardim. Restoranlar ham qimmat. Mazali palov arzon va serob bo‘lsa-da, Tailand, Italiya, Koreys va boshqa millat taomlari tayyorlanadigan restoranlar g‘arbdagi bilan bir xil narx talab qiladi. Toshkentda uyali aloqa va taksilar arzon, ammo uy-ro‘zg‘or buyumlari haddan tashqari qimmat. Men shtatlarda odatda 35-50 dollar turadigan printer sotib olishga harakat qildim. Bu yerda men topgan eng arzon printer 300 dollar edi. Choyshab va qahva maydalagich kabi boshqa narsalar uchun ham xuddi shunday, ikkalasi ham Shtatlarda o‘rtacha narxdan ikki baravar yuqori.
Men o‘zbek tilini bilmaganim uchun ko‘pchilik rus tilida gaplashayotganini ko‘rib mamnun bo‘ldim. Bu yerda men kutganimdan ham ko‘proq oq sochli yevropaliklar bor edi. Shunga qaramay, men hali ham ajralib turaman. Men chor-nochor rus tilida gaplashmoqchi bo‘lganimda, yo ofitsiant yoki do‘kon xodimi, yoki qarshimda turgan yigit ko‘p marotaba nomukammal bo‘lsada, ingliz tilida javob berishga harakat qiladi.
"Qayerliksiz?" deb har doim so‘rashadi. Men Amerika deganimda, ular hayron bo‘lib, bir kun kelib u yerga borishni orzu qilishlarini aytishadi. Men buni juda ko‘p mamlakatlarda eshitganman va ularning Amerikada biz qanday farog‘atda yashayotganimiz haqidagi tasavvurlariga har doim qiziqaman. Men har doim ukrainalik talabalarimni bu tushunchadan voz kechishlari uchun harakat qildim. Men ularga Amerika 60 soatlik ish haftasi, ikki haftalik ta’til va sog‘liqni saqlash uchun to‘lovlar oylik avtomobil to‘lovidan ko‘proq bo‘lgan mamlakat ekanligini ko‘p bora aytganman.
Ammo Amerikada hayot qimmat bo‘lsa ham, mening mamlakatim so‘z erkinligi tamoyili asosida barpo etilganidan mamnunman. Ommaviy axborot vositalarimiz asrlar davomida mustaqil faoliyat olib bormoqda. Biz juda ko‘p xatolarga yo‘l qo‘ydik, lekin nimalarnidir o‘rgandik. Biz jurnalistlarni himoya qilish uchun qonunlar ishlab chiqdik va manfaatlar to‘qnashuvi yuzaga kelganda aniqlik kiritish uchun axloq qoidalari to‘plamini yaratdik.
Shuning uchun sizniki kabi mamlakatdagi yangi ommaviy axborot vositalari men uchun qiziq.
Uch hafta oldin bu yerga kelganimdan beri bir qancha mustaqil ommaviy axborot vositalari jurnalistlari bilan suhbatlashdim. Keyingi hafta men Farg‘onada bo‘lib, u yerda jurnalistlardan intervyu olaman. Vaqti bilan O‘zbekistonning ko‘pgina yirik shaharlariga sayohat qilishni umid qilaman. Men topilmalarimni shu yerda xabar qilaman. Shuning uchun bizni kuzatib boring.
Sheril L. Rid,
yozuvchi va jurnalist
LiveBarchasi
Medvedev Xitoyga bordi.
10:15