Amerikalik yozuvchi va jurnalist Sheril L. Rid QALAMPIR.UZ’da ish boshladi

Jamiyat

image
0:00
0:00
download

Amerikalik yozuvchi va jurnalist, ommaviy axborot vositalari, matbuot va so‘z erkinligi bo‘yicha xalqaro tadqiqotchi Sheril L. Rid QALAMPIR.UZ internet nashrida ish boshladi. 

Tadqiqotchi ayni vaqtda so‘nggi 5 yil ichida O‘zbekistonda ommaviy axborot vositalariga yaratilgan imkoniyat va sharoitlar, matbuot va so‘z erkinligining ta’minlanishi, inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyatni o‘rganish va tahlil qilish maqsadida AQSH Davlat departamentining Fulbrayt Scholar granti doirasida O‘zbekistonda bo‘lib turibdi. Ushbu davr mobaynida o‘rganishlarini e’lon qilib borish maqsadida u QALAMPIR.UZ’ning ingliz tilidagi tahririyatida ish boshladi. Albatta, u yozgan maqola va tahlillar o‘zbek tilida ham taqdim etib boriladi. 

Sheril L. Rid inson huquqlari, matbuot va so‘z erkinligi borasida QALAMPIR.UZ’da e’lon qilingan bir qator maqolalar ortidan tahririyatga tashrif buyurdi va QALAMPIR.UZ asoschisi Qamariddin Shayxov bilan uchrashdi. QALAMPIR.UZ rahbari so‘nggi yillarda O‘zbekistonda ommaviy axborot vositalari faoliyatiga qaratilayotgan e’tibor xususida ma’lumot berdi. Jurnalistikani to‘rtincha hokimiyat darajasiga olib chiqishda Prezident Shavkat Mirziyoyevning shaxsiy irodasi muhim ahamiyat kasb etayotgani ta’kidlandi. 

Sheril L. Rid O‘zbekistonga tashrifi doirasida 20 dan ortiq ommaviy axborot vositalari xodimlari bilan uchrashgani, shundan kelib chiqib, maqolalarini QALAMPIR.UZ’da e’lon qilish niyatida ekanini bildirdi. 

Sheril L. Rid – amerikalik yozuvchi va jurnalist. Uning jurnalistik surishtiruvlari ko‘plab mukofotlarga sazovor bo‘lgan, jumladan Garvard universitetining Goldsmit mukofoti va Investigative Reporters and Editors Award. U “Chicago Sun-Times” va boshqa ommaviy axborot vositalarida muxbir va muharrir sifatida faoliyat yuritgan. 

Rid xonim “Zaharli qizlar” romani va “Fosh etilgan: rohibalarning yashirin hayoti” nomli badiiy kitoblar muallifi. Uning navbatdagi romani “Qochish rejam” 2023 yil mart oyida nashrdan chiqadi. Qo‘shimcha ma’lumot olish uchun uning cherylreed.com veb-saytiga tashrif buyuring.

Tez orada QALAMPIR.UZ’da Sheril L. Ridning O‘zbekistondagi faoliyatiga oid birinchi maqolasi e’lon qilinadi. 


Maqola muallifi

Teglar

Sheril L. Rid

Baholaganlar

195

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing