O‘zbekiston Birinchi xonimi Serbiyaning madaniy merosi bilan tanishdi
Jamiyat
−
21:01 775 1 daqiqa
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Serbiya Respublikasiga rasmiy tashrifi doirasida mamlakat Birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyeva Serbiya Birinchi xonimi Tamara Vuchich hamrohligida Belgraddagi qator madaniy ob’ektlarga tashrif buyurdi. Bu haqda Ziroat Mirziyoyevaning Telegram-kanalida xabar berildi.
Qayd etilishicha, dasturning ilk manzili Serbiya Milliy muzeyi bo‘lgan. Birinchi xonimlar muzey ekspozitsiyasi bilan tanishib, unda mamlakat tarixiga oid arxeologik topilmalar, shuningdek, serb va jahon san’ati asarlarini ko‘zdan kechirgan. Shu bilan birga, oliy martabali mehmonlar “Etno-mreja” an’anaviy hunarmandchilik ko‘rgazmasi bilan ham tanishgan.



Mamlakatning eng muhim milliy yodgorliklaridan biri – serb kirill yozuvining eng qadimiy namunasi hisoblangan Miroslav Injiliga alohida e’tibor qaratilgan. XII asrga oid ushbu noyob qo‘lyozma yuksak badiiy qiymatga ega bo‘lib, uning miniatyuralari mahorat bilan bezatilgan. 2005 yilda Miroslav Injili UNESCO’ning “Jahon xotirasi” xalqaro reyestriga kiritilgan.




Shundan so‘ng, Birinchi xonimlar dunyodagi eng yirik pravoslav ibodatxonalaridan biri va Serbiyaning muhim ma’naviy ramzi bo‘lgan Avliyo Savva cherkoviga tashrif buyurgan.


Samimiy muloqot chog‘ida Ziroat Mirziyoyeva va Tamara Vuchich O‘zbekiston va Serbiya o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni yanada rivojlantirish muhimligini ta’kidlagan.