O‘zbekiston Belarus bilan 25 million dollarlik shartnomalar imzoladi

Olam

image

Belarus va O‘zbekiston vakillari respublika hukumat delegatsiyasining Toshkentga tashrifi doirasida umumiy qiymati 25 million dollar bo‘lgan shartnomalar imzoladi. Bu haqda Belarus Bosh vaziri Roman Golovchenko ma’lum qildi. 

“Delegatsiyaning Toshkentga tashrifi yakunlariga ko‘ra, 25 million dollardan ortiq mablag‘ga tijorat shartnomalari imzolandi, ularning aksariyati mashinasozlik sohasiga to‘g‘ri keladi”, deydi u OAV bilan muloqotda. 

Hukumat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, MAZ shassisiga talab katta edi.

"Bu o‘t o‘chirish-qutqaruv texnikasi, suv, neft mahsulotlari va boshqalarni tashish uchun rezervuarlarni o‘z ichiga oladi. O‘ylaymanki, biz hamkorlik hajmini, xususan, O‘zbekistonda to‘liq yig‘ilgan uskunalar ishlab chiqarish uchun shassi yetkazib berish bo‘yicha ko‘paytiramiz", deya qo‘shimcha qilgan Golovchenko. 

Uning fikricha, mahsulotlarni o‘zaro yetkazib berishda keraksiz vositachilikka yo‘l qo‘ymaslik uchun har ikki tomon ham transport-logistika sxemalarini yakunlashi zarur.  

"Hozir o‘zbek karami savdomizda paydo bo‘lmoqda. Lekin uning narxi qimmat, chunki u to‘g‘ridan-to‘g‘ri emas,  balki uchinchi davlatlar, ya’ni Rossiya Federatsiyasidagi yuk tashish bazalari orqali yetkazib beriladi. Agar biz mol go‘shtini O‘zbekiston bozoriga yetkazib bersak, nega mashinalar o‘zbek karamini, qalampirini, pomidorini va hokazolarni ortib qaytib ketmasligi kerak?” deydi Golovchenko.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 25 aprel kuni Golovchenko O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov bilan uchrashib, O‘zbekistondan AQSH va G‘arb sanksiyalari ro‘yxatiga kirgan tovarlar o‘rnini bosishi mumkin bo‘lgan mahsulotni yetkazib berish hajmini oshirishni so‘radi. 

Shuningdek, u O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev qabulida ham bo‘ldi

Belarus tomoni ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yilda mamlakatlar o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 301,9 million dollarni tashkil etib, 2020 yilga nisbatan 7,8 foizga oshgan. Belarus eksporti 245,4 million dollarni tashkil etdi.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekistn-Belarus'

Baholaganlar

197

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar