O‘zbekiston Afg‘onistonni yakkalatib qo‘ymoqchi emas (video)

Olam

image

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Afg‘oniston xalqining tinch va osuda hayotga bo‘lgan intilishini qo‘llab-quvvatlash uchun xalqaro hamjamiyatning sa’y-harakatlarini birlashtirishga chaqirib, bu davlatning yakkalanib qolishiga yo‘l qo‘ymaslik o‘ta muhimligini ta’kidladi. Bu haqda davlat rahbari kecha, 23 sentyabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasidagi nutqida aytib o‘tdi. 

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston ushbu mamlakatda katta iqtisodiy va infratuzilma loyihalarini amalga oshirmoqchi.

Shuningdek, Mirziyoyev Afg‘oniston orqali xalqaro transport va energetika koridorlarini rivojlantirish bo‘yicha BMTning alohida rezolyutsiyasini qabul qilishni taklif etgan.

Qolaversa, xavfsizlik mavzusi davomida davlat rahbari Markaziy Osiyoda Global aksilterror strategiyasini bajarish bo‘yicha samarali ishlarni qayd etgan. BMTning Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi bilan hamkorlikda tuzilgan Reabilitatsiya va qayta integratsiya masalalari bo‘yicha mintaqaviy kengashni Xalqaro kompetensiyalar markaziga aylantirish taklif etilgan. 

O‘zbekiston rahbari Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasining mintaqaviy ofisini O‘zbekistonda ochish uchun zarur sharoit yaratishga tayyorligini bildirgan.

Mamlakat yetakchisi bugungi tahdidlarga to‘la dunyoda global transport tizimining zaifligi dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan rivojlanayotgan davlatlarning barqarorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini ko‘rsatib o‘tgan.

Xalqaro tranzit koridorlarining xavfsizligini ta’minlash va samarali logistika zanjirlarini yaratish maqsadida “Barqaror rivojlanish maqsadlari uchun o‘zaro transport bog‘liqligini mustahkamlash” global mexanizmini joriy etishga chaqirgan.

Eslatib o‘tamiz, ushbu nutqi davomida Mirziyoyev Markaziy Osiyoda yopiq chegaralar, hal etilmagan bahs va nizolar davri tarixda qolganini urg‘ulagandi. Davlat rahbari so‘nggi yillarda mintaqada o‘zaro savdo, investitsiyalar va transport tashuvlari hajmi besh barobargacha ko‘payganini ham ta’kidlagan.


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston Shavkat Mirziyoev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing