O‘zbekiston Afg‘onistonga insonparvarlik yordami yubordi

Jamiyat

image

Bugun, 10 oktyabr kuni O‘zbekiston zilziladan jabr chekkan Afg‘oniston xalqiga qariyb 100 tonna insonparvarlik yordami yubordi. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
 
Aytilishicha, insonparvarlik yordami O‘zbekiston Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatilla Irgashev boshchiligida yetkazilgan.

“Yuborilgan yordam yuki tarkibida oziq-ovqat mahsulotlari: un, bug‘doy, yog‘, makaron, go‘sht mahsulotlari, guruch, shakar; chodir va odeyallar, shuningdek birlamchi tibbiy yordam uchun zaruriy barcha vositalar bor”, deyiladi vazirlik bayonotida.

Bildirilishicha, yordam yuki My Freighter aviakompaniyasining  Boeing-747 yuk samolyotida Hirot shahriga yetkazib berilgan.

TIVning xabar berdishicha, O‘zbekiston delegatsiyasini Afg‘onistondagi muvaqqat hukumat tomonidan tuzilgan zilzila oqibatlarini bartaraf qilish bo‘yicha komissiya raisi Mavlaviy Sharofiddin Muslim, rais o‘rinbosari Ahmadullo Muttaqiy hamda transport va fuqaro aviatsiyasi vaziri o‘rinbosari Abdul Sattor Gurvollar kutib olgan.

Yuborilgan insonparvarlik yordami uchun Mavlaviy Sharofiddin Afg‘onistondagi muvaqqat hukumat va mamlakat xalqi nomidan minnatdorlik bildirgan. 

“O‘zbekiston bizga har doim birinchilardan bo‘lib yordam qo‘lini cho‘zib kelgan birodar mamlakat. Men o‘zim bir necha bor mamlakatingizdan keladigan ko‘makni qabul qilib, jabr ko‘rgan xalqimiz o‘rtasida taqsimlashda ishtirok etganman. Biz Afg‘oniston Islom Amirligi hukumati va xalqi nomidan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va xalqiga chuqur minnatdorligimizni bildiramiz”, degan  Mavlaviy Sharofiddin.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 7 oktyabr kuni Afg‘oniston g‘arbida 6,2 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi. Zilzila aholisi 272 ming kishi bo‘lgan Hirot shahridan 40 kilometr uzoqlikda sodir bo‘lgan. Uning o‘chog‘i 10 kilometr chuqurlikda joylashgan. Tabiiy ofat kuchi dastlab 6,1 ball deb hisoblangan. Kuchli zilzila oqibatida 2400 dan ortiq odam halok bo‘lgan.


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston O'zbekiston zilzila insonparvarlik yordami

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing