O‘zbekiston Afg‘onistonga elektr energiyasi yetkazib berishni ko‘paytirdi
Olam
−
12 yanvar 2021
10127O‘zbekiston Afg‘onistonga eksport qilayotgan elektr energiyasi hajmi 400 megavattga yetkazildi. Bu haqda “Tolonews” Da Afghanistan Breshna Sherkat (DABS) ga tayanib xabar berdi.
Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, mamlakatda elektr ta’minotini yaxshilash uchun import qilinayotgan elektr energiyasini 450 megavattga yetkazish bo‘yicha choralar ko‘rilyapti.
Bir muddat O‘zbekistondan kelayotgan elektr energiya hajmi 150 megavattga tushib qolgan. Natijada so‘nggi kunlarda poytaxt Kobulning ba’zi tumanlarida faqatgina 20 daqiqa davomida elektr energiyasi bilan ta’minlangan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi 18 yilda xalqaro hamjamiyat Afg‘onistonda infratuzilmani yaxshilash uchun 4 mlrd dollar ajratgan. Shuningdek, DABS har yili O‘zbekistonga elektr energiyasi uchun 100 mln dollar to‘laydi. Ammo tarmoqda qachon uzilish bo‘lishi va u qachon bartaraf etilishini aniq bilib bo‘lmaydi.
O‘chirishga qadar Afg‘oniston O‘zbekistondan 450 megavatt elektr energiyasi import qilgan. Hozirda rasmiy Kobul o‘z ichki imkoniyatlari bilan 160 megavatt elektr energiya yetkazib bera oladi.
So‘nggi 18 yilda Afg‘oniston Eron, O‘zbekiston, Tojikiston va Turkmanistondan elektr sotib olgan, ammo o‘z ichki resurslariga investitsiya kiritmagan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, har yili Afg‘oniston xorijdan elektr energiyasi sotib olish uchun 300 mln dollar ajratgan.
LiveBarchasi