O‘zbekiston Afg‘onistonga 26 tonnadan ortiq urug‘ yetkazib berdi
Olam
−
12 may
5752O‘zbekiston Afg‘onistonga beg‘araz ravishda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazib berdi. Bu haqda Qishloq xo‘jaligi vazirligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Afg‘oniston qishloq xo‘jaligi, irrigatsiya va chorvachilik vaziri boshchiligidagi rasmiy delegatsiya O‘zbekistonga tashrif buyurgan. Ular Toshkent va Samarqand viloyatlaridagi agrar korxonalar, agroklasterlar va ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyati bilan yaqindan tanishgan. Ular qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish, hosildor urug‘chilik, zamonaviy sug‘orish texnologiyalari hamda qayta ishlash sanoati yo‘nalishlarida erishilgan yutuqlar bilan tanishtirilgan.
Shuningdek, hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash maqsadida O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan Afg‘oniston fermerlari va agrar tuzilmalariga beg‘araz yordam tariqasida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetkazib berilgan. Jumladan, Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Urug‘chilikni rivojlantirish markazi tomonidan saralangan, yuqori sifatli va ob-havo sharoitlariga chidamli, sertifikatlangan 5 tonna chigit (200 gektar yer maydoni uchun), 20 tonna sholi (100 gektar maydon uchun), 500 kilogramm mosh (25 gektar uchun), shuningdek, 187 kilogramm sabzavot urug‘lari va 600 kilogramm poliz ekinlarning urug‘lari topshirilgan.
“Mazkur amaliy yordam Afg‘onistonda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, qishloq aholisi bandligini oshirish hamda agrar sohada innovatsiyalarni joriy etishga xizmat qilishi kutilmoqda”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga muvofiq xalqning bag‘rikenglik va qo‘llab-quvvatlash ramzi sifatida Navro‘z bayrami va Ramazon hayiti (Iyd al-Fitr) munosabati bilan Afg‘oniston aholisiga qariyb 200 tonna oziq-ovqat mahsuloti ortilgan insonparvarlik yuki qo‘shni mamlakatning Balx viloyatiga yetkazilgan edi.
LiveBarchasi