O‘zbekiston aholisining qanchasi kambag‘al ekani ochiq aytildi
Jamiyat
−
28 fevral 2020
1712034 millionlik O‘zbekiston aholisining qanchasi yoki necha foizi kambag‘al ekani rasman aytildi. Bu haqda mamlakat Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kecha, 27 fevral kuni tadbirkorlikni rivojlantirish orqali kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan chora-tadbirlar bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida so‘z ochgan.
Prezidentning qayd etishicha, mamlakat aholisining 12-15 foiz yoki 4-5 millioni kambag‘al. Bu dastlabki hisob-kitoblar natijasi, xolos. Prezident bu haqda gapirarkan, kambag‘al deya ta’riflangan aholi daromadlariga to‘xtaladi.
“Bu ularning bir kunlik daromadi 10-13 ming so‘mdan oshmayapti, degani. Yoki bir oilada mashina ham, chorva ham bo‘lishi mumkin, lekin bir kishi og‘ir kasal bo‘lsa, oila daromadining kamida 70 foizi uni davolatishga ketadi. Xo‘sh, bunday oilani o‘ziga to‘q deyish mumkinmi? Prezident sifatida meni odamlarimizning ovqatlanishi, davolanishi, bolalarini o‘qitishi, kiyintirishi kabi hayotiy ehtiyojlari nima bo‘layapti, degan savol har kuni qiynaydi”, deydi Shavkat Mirziyoyev.
Qayd etish o‘rinliki, kambag‘allik O‘zbekistonda ko‘p yillar “yopiq mavzu” bo‘lib keldi. Joriy yil 24 yanvar kuni Oliy Majlisga Murojaatnomada davlat rahbari bu haqda ochiq-oydin gapirdi va O‘zbekiston tarixida birinchi marta kambag‘allikni qisqartirish ustuvor vazifa sifatida belgilandi.
LiveBarchasi