O‘zbekistonda kambag‘allikka qarshi qanday kurashilmoqda?
Jamiyat
−
24 dekabr 2020
11297Mahallalarda “Temir daftar”ga kiritilganlar bilan ishlash, daftarlardagi ma’lumotlarni yangilab borish hamda kambag‘al oilalarni ro‘yxatdan chiqarish masalalari O‘zbekiston siyosiy hayotida ham, ijtimoiy hayotida ham birinchi planga ko‘tarildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 24 yanvardagi Murojaatnomasida O‘zbekistonda kambag‘allikni qisqartirish masalasiga alohida to‘xtalib, bu bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar bergan edi.
“Kambag‘allikni kamaytirish – bu aholida tadbirkorlik ruhini uyg‘otish, insonning ichki kuch-quvvati va salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish, yangi ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha kompleks iqtisodiy va ijtimoiy siyosatni amalga oshirish, demakdir”, degan edi Prezident.
Kambag‘allikni qisqartirish siyosatini yuritish departament direktori Ilhom Mamatqulov yuqoridagi masalalar yuzasidan joriy yilda qilingan ishlar to‘g‘risida hisobot berdi.
Departament direktori, avvalo kambag‘allik tushunchasi nima ekani va kambag‘al kishini qanday aniqlash kerakligi haqida tushuncha berib o‘tdi:
“Darhaqiqat, kambag‘allik yo‘nalishi bugungi kunning dolzarb masalalaridan biri hisoblanadi. Kambag‘allik tushunchasiga xalqaro tashkilotlar tomonidan bir qator ta’riflar berilgan. Ularning ichida BMT tomonidan taklif etilgan ta’rif keng qamrovli bo‘lib, unga ko‘ra kambag‘allik – bu insonning asosiy ehtiyojlarini, yani shu jumladan oziq-ovqat, toza ichimlik suvi, sanitariya inshootlari, sog‘liqni saqlash, turar joy, ta’lim xizmatlari bilan bog‘liq ehtiyojlarini to‘laqonli qondira olmaslik holati hisoblanadi. Ya’ni kambag‘allik nafaqat daromad yoki iste’mol, balki insonning ijtimoiy xizmatlardan foydalanish imkoniyati, moddiy ahvoli, sog‘ligi va hayot tarzidan mamnunligi bilan ifodalaniladi”, deydi u.
Ilhom Mamatqulovga ko‘ra, hozirgi kunda, Respublikada kambag‘allikni qisqartirish borasida qisqa va uzoq muddatlarga mo‘ljallangan strategik chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Qisqa muddatli chora-tadbirlar asosan, aholini kambag‘allik holatidan qashshoqlik holatiga o‘tish riskini to‘liq bartaraf etishga qaratilgan.
Bunda jahon tajribasida keng qo‘llaniladigan kambag‘al oilalarning doimiy daromad manbaini yaratish, inson kapitali sifatini oshirish hamda to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llab-quvvatlash kabi 3 vositadan foydalanilmoqda.
Birinchi vosita – kambag‘al aholining doimiy daromad manbai yaratilishi
Ma’lum qilinishichaushbu vosita orqali kambag‘allikni qisqartirish borasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan:
- “Oilaviy tadbirkorlik” dasturlarini qamrov darajasi oshirilmoqda;
- aholi tomorqalarini rivojlantirishga, qishloq xo‘jaligi, hunarmandchilik va boshqa sohalarda kooperativlarga jalb qilinadigan shaxslarning a’zolik badaliga, mehnat organlari yo‘llanmasi bilan ishga oladigan ish beruvchilarga subsidiyalar ajratilmoqda;
- Namangan viloyatida ijtimoiy himoyaga muhtoj, ishsiz, kam ta’minlangan oilalar bandligini ta’minlash orqali doimiy daromad manbalariga ega bo‘lishlariga ko‘maklashish maqsadida “Bir joyda – ming oila issiqxonasi” loyihasi amalga oshirilmoqda;
- Ushbu loyiha orqali Namangan tumanida 38 ming xonadonning 1,5 ming gektar ekin maydonlarida issiqxonalar tashkil etish uchun 50 mlrd. so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan.
Loyiha doirasida “Bir mahalla - bir mahsulot” tamoyili asosida bir joyda eksportbop sifatli mahsulot yetishtirilib, kambag‘al oilalar doimiy daromad manbalariga ega bo‘lmoqda. Hozirda mazkur loyiha doirasida Chortoq tumanidagi 800 ta kambag‘al oilalar a’zolarining bandligi ta’minlangan.
Ikkinchi vosita – inson kapitali sifatining oshirilishi
Kambag‘al aholini qo‘llab-quvvatlashda dastlabki bosqichlarda asosan imtiyozli kreditlar va to‘g‘ridan-to‘g‘ri moliyaviy yordam berish mexanizmiga urg‘u berilgan. Ya’ni kambag‘al aholining tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish va kasb-hunarga o‘qitish keyingi bosqichdagi ishlarning muhim yo‘nalishi sifatida belgilab olingan. Unda quyidagilarga alohida e’tibor berilgan:
- kasb va hunarga o‘qitishda monomarkazlarni tashkil etish, ustoz-shogird an’anasini tiklash va kengayishini rag‘batlantirish, “World skills” standartlarini amaliyotga joriy etish;
- o‘qitish ishlariga nodavlat va notijorat tashkilotlari hamda xususiy sektorni keng jalb etish.
Joriy yilning birinchi yarim yilligida hududlarda ishsiz kambag‘al aholini kasb-hunar va tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirishga yo‘naltirilgan o‘quv kurslari tashkil etish uchun 35,5 mlrd. so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan.
Uchinchi vosita – kambag‘al oilalarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri moddiy va nomoddiy yordam ko‘rsatilishi
Aholining muhtoj qatlamini moddiy va nomoddiy qo‘llab-quvvatlashni tizimli amalga oshirish maqsadida joylardagi 4 ta sektor (hokim, prokuror, ichkish ishlar va soliq), mahalla organlari, keng jamoatchilik vakillari hamda mahalliy kengash deputatlari bilan birgalikda ehtiyojmand, moddiy yordam va ko‘makka muhtoj oilalar ro‘yxati “Temir daftar” tashkil etilgan.
Ta’kidlanishicha, mazkur tizimning shaffofligini ta’minlash, ijtimoiy ahvoli va turmush sharoiti og‘irlashgan va sektor rahbarlari tomonidan alohida nazoratga olingan oilalarni qayd etishga mo‘ljallangan saxovat.argos.uz dasturi ishga tushirilib, oilalarning mehnatga layoqatli ishsizlari bandligini ta’minlash orqali ularga daromad manbai yaratishning “Vaqtinchalik tartibi” tasdiqlangan.
“Temir daftar”ga 592 ming oila va ularning 2,5 mln. nafar a’zosi, shundan 602,7 ming nafar mehnatga layoqatli ishsiz oila a’zolari kiritilib, “vaqtinchalik tartib” asosida, joriy yil 1 dekabr holatiga 527,4 ming nafar (jamiga nisbatan 87 %) mehnatga layoqatli a’zolar bandligi ta’minlangan. Shu bilan birga, bandligi ta’minlanib, daromad manbai yaratilgan 386,4 mingta (65%) oila “temir daftar” ro‘yxatidan chiqarilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 30 iyul kungi “Koronavirus pandemiyasi davrida ijtimoiy himoyaga va yordamga muhtoj aholi qatlamlarini moddiy qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni bilan “temir daftar” haqiqatda muhtoj, nochor va ehtiyojmand oilalarni moddiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida:
- dastlab, Qurbon Hayiti bayrami arafasida 182 mingdan ortiq oilaga 154 mlrd.so‘m moddiy yordam ajratilgan;
- keyingi bosqichda, avgust oyida jon boshiga 220 ming so‘mdan 280 ming oilaga 260 mlrd.so‘m bir martalik moddiy yordam ajratilgan;
- tez tibbiy yordam brigadalarining 41 mingdan ortiq xodimlariga xodimlarining bir martalik pul mukofotlari uchun 141 mlrd.so‘m mablag‘ ajratilgan;
- O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Vaqf” hayriya jamoat fondiga jamiyatimizda tinchlik, do‘stlik mehr-oqibat va hamjihatlik g‘oyalarini keng targ‘ib etib kelayotgan diniy soha vakillarini qo‘llab quvvatlash uchun 150 mlrd .so‘m mablag‘ ajratilgan;
- ijtimoiy nafaqa oluvchi oilalar sonini dekabr oyiga kelib, yil boshiga nisbatan 2 barobarga ko‘paytirib ular sonini 1,2 millionga yetkazish va mazkur maqsadlar uchun respublika byudjetidan qo‘shimcha 426 mlrd. so‘m ajratiladi.
Ilhom Mamatqulovga ko‘ra, bunda Respublikadagi jami oilalarning qariyb 14 foizi yoki kambag‘al oilalarning to‘liq qismi qamrab olinadi. Shu bilan birga, keksa yoshdagi hamda nogironligi bor shaxslarni moddiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2020 yil 1 sentyabrdan boshlab pensiyalar, bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslarga, zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nafaqalar miqdori 10 foizga oshirilgan.
Bundan tashqari, uchinchi bosqichda, moddiy yordam va ko‘makka muhtoj “temir daftar” kiritilgan oilalarning 16 yoshga to‘lmagan bolalariga, nogiron va boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi yoki nafaqasini oluvchi oilalarning 16 yoshga to‘lmagan jami 845 ming nafardan ortiq bolalarning har biriga 500 ming so‘mdan jami 422 mlrd. so‘m bir martalik yordam to‘lovlari to‘lab berilgan.
Kambag‘allik – global muammo
Ilhom Mamatqulov kambag‘allik global muammo ekanini ta’kidlab, bu borada xalqaro hamkorlik qay darajada yo‘lga qo‘yilgani haqida gapirdi. Unga ko‘ra, vazirlik tomonidan BMT Taraqqiyot Dasturi, Jahon banki va Osiyo taraqqiyot banki bilan doimiy hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
“Hozirgi kunda O‘zbekistonda Xitoy Xalq Respublikasining ilg‘or tajribasini inobatga olgan holda Jahon banki, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot dasturi va boshqa xalqaro tashkilotlar ekspertlari hamda mahalliy mutaxassislar bilan birgalikda “Yaqin va o‘rta muddatli istiqbolga mo‘ljallangan kambag‘allikni qisqartirish dasturi va konsepsiyasi”ni ishlab chiqish yakunlanmoqda. Shu bilan birgalikda, 2030 yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida kambag‘allikni qisqartirish strategiyasi ishlab chiqilmoqda”, deydi departament direktori.
Shuningdek, Mamatqulov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan BMT va SHHTning oliy darajadagi yig‘ilishlarida ilgari surilgan bir qator tashabbuslar bo‘yicha vazirlik tomonidan qanday ishlar amalga oshirilayotgani haqida gapirdi.
Ilhom Mamatqulovning ta’kidlashicha, Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan kambag‘allikni qisqartirish masalasini global miqiyosda olib chiqilishini quyidagi sabablar bilan izohlasa bo‘ladi:
Birinchidan, BMT tashkiloti, Jahon banki kabi boshqa xalqaro tashkilotlarining so‘nggi 30 yildan oshiq davr davomida global miqiyosda kambag‘allikni qisqartirish borasida ijobiy natija ega bo‘ldilar hamda ushbu tashkilotlarda yetarli darajada tajriba va yo‘nalishlar bazasi shakllangan.
Kambag‘allikni qisqartirish muammosi aynan iqtisodiy va moliyaviy imkoniyatlari nisbatan cheklangan hamda ushbu sohada institutsional bazasi yetarli darajada rivojlanmagan mamlakatlarda kuzatiladi.
Shu sababli, mazkur xalqaro tashkilotlar tomonidan rivojlanayotgan mamlakatlarga ko‘rsatilayotgan moliyaviy va amaliy ko‘mak kambag‘llikni qisqartirishda muhim o‘ringa ega.
Ikkinchidan, global tus olgan koronavirus pandemiyasi butun dunyoda nafaqat kambag‘allik balki qashshoqlik darajasining oshib ketishi xavflarini kuchaytirmoqda.
Umuman olganda butun dunyoda kambag‘allik darajasining oshib ketishi:
- birinchidan, yangi turdagi (yoki boshqa) yuqumli kasalliklarning avj olishi va keng tarqalishiga;
- ikkinchidan, odamlarning moddiy ahvoli yoki inson kapitalining yomonlashuvi oqibatida qator mamlakatlarda rivojlanish istiqbollarining salbiy tomonga o‘zgarishi, ularda nobarqarorlik xatarlarining kuchayishi va ushbu muammolarning global tus olishiga olib kelishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning xalqaro sammitlarda ilgari surgan tashabbuslaridan kelib chiqib, vazirlik tomonidan tegishli ishlar olib borilayotgani ma’lum qilindi.
“Hususan, 2021 yilda SHHTga a’zo mamlakatlar doirasida kambag‘allikka qarshi kurashish konferensiyasini yuqori darajada o‘tkazish, uning aniq muddati va o‘tkazish joyini belgilaydigan konsepsiyani ishlab chiqish uchun idoralararo Ishchi guruh shakllantirildi. Xozirgi kunda, mazkur konsepsiya loyihasining birlamchi loyihasi ishlab chiqilgan bo‘lib Ishchi guruh tomonidan kelishilmoqda. Konsepsiya loyihasining maqsadi - SHHTga a’zo davlatlar o‘rtasidagi hamkorlik hamda kambag‘allikka qarshi kurashish yo‘nalishidagi muammolar va istiqbollarni muhokama qilish uchun qulay platforma yaratish hisoblanadi”, deydi Ilhom Mamatqulov.
LiveBarchasi