O‘zbekiston 3 yilda Tojikistondan qancha elektr energiyasi sotib olgani ma’lum bo‘ldi
Jamiyat
−
11 iyun 2021
4954O‘zbekiston 2018 – 2020 yillarda Tojikistondan 3,5 mln kVt soatga yaqin elektr energiyasini import qilgan. Bu haqda “O‘zbekiston Milliy elektr tarmoqlari” AJ ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston energetika hamda suv resurslari muvozanatini saqlash, iste’molchilarini elektr energiyasi bilan uzluksiz ta’minlash maqsadida 2018 yildan boshlab Tojikiston Respublikasidan elektr energiyasi mavsumiy import amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan.
2018 yil aprel-sentyabr oylarida 1 480,9 mln kVt soat elektr energiyasi import qilingan. 2019 yil aprel-oktyabr oylarida 1 425,1 mln kVt soat elektr energiyasi import qilingan. 2020 yil may-sentyabr oylarida 566,7 mln kVt soat elektr energiyasi import qilingan.
Asilda 2020 yilda 1 255,0 mln. kVt soat elektr energiyasini import qilish belgilangan, lekin Vaxsh daryosining suvi 50 foiz kamaygani natijasida “Nurek GES” suv omborida suv sathi pasaygan va Tojikiston tomon murojaatiga asosan elektr energiyasi yetkazib berish qisman to‘xtatilgan.
Shuningdek, joriy yil may-sentyabr oylarida jami 1 430,0 mln kVt soat elektr energiyasi import qilinishi rejalashtirilgan.
Ma’lumot uchun, Tojikiston Respublikasidan yozgi mavsumda, ya’ni qishloq xo‘jaligida sug‘orish ishlari jadal olib borayotgan paytda (melioratsiya davrida) elektr energiyasi import amaliyoti O‘zbekistonda suv resurslari muvozanatini saqlash uchun muhim bo‘lib, kecha-yu kunduz — to‘xtovsiz ishlaydigan issiqlik elektr stansiyalarida sozlash va ta’mirlash ishlarini olib borishga sharoit yaratadi. Bunday mavsumda O‘zbekistonda mavjud gidroinshootlarda ham elektr energiyasi ishlab chiqarish hamji birmuncha oshadi.
LiveBarchasi