“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi yangilandi (video)

Jamiyat

image

Bugun, 30 dekabr kuni OAV uchun kontent tayyorlash markazida Prezident Shavkat Mirziyoyevning Murojaatnomasida belgilab berilgan vazifalarga muvofiq “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining qayta ko‘rib chiqilgan loyihasi yuzasidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Ma’lumki, 2023 yilda qabul qilingan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida belgilangan vazifalarning aksariyati 2026 yilga kelib muddatidan oldin bajarilgani sababli ushbu hujjatni yangilash zarurati yuzaga kelgan.

Xususan, Prezident Shavkat Mirziyoyevning 26 dekabr kuni Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida belgilangan vazifa va ko‘rsatmalarga asosan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining yangilangan talqini ishlab chiqilmoqda.

2026–2030 yillarga mo‘ljallangan yangilangan strategiyada 451 ta maqsadli ko‘rsatkich belgilangan. Jumladan, 132 ta ko‘rsatkich yangi tahrirda va yangi mezonlar asosida, 191 tasi yangi ko‘rsatkichlar bilan yangilanmoqda, 184 ta ko‘rsatkich esa bajarilgani sababli strategiyadan chiqarib tashlanmoqda. Shuningdek, 40 ta mas’ul idora bo‘yicha o‘zgarishlar kiritilmoqda.

Strategiya maqsadlarining samaradorlik ko‘rsatkichlariga erishish holati yashil, sariq va qizil toifalarga ajratiladi. Bunda yashil rang yuqori samaradorlikni, qizil rang esa past samaradorlikni anglatadi.

Bundan tashqari, aholining umr ko‘rish davomiyligini oshirish, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, farmatsevtika sohasini rivojlantirish, oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash kabi ustuvor yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratilgan.

Ekologiya sohasida ham e’tibor kuchaytiriladi. Xususan, balandligi 3 metr bo‘lgan daraxtlardan iborat ko‘kalamzorlashtirish ishlari amalga oshiriladi. Shuningdek, ishlab chiqarish, sanoat va urbanizatsiya jarayonlarini yanada rivojlantirish ko‘zda tutilgan.

Strategiya doirasida 54 ta yangi yirik strategiya va konsepsiya ishlab chiqilishi rejalashtirilgan. Bundan tashqari, har bir hudud uchun alohida strategik rivojlanish konsepsiyalari ishlab chiqilib, ularda kambag‘allikni qisqartirish, avtomobilsozlikni rivojlantirish, ishsizlikni kamaytirish kabi yo‘nalishlar o‘rin oladi.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasi har yarim yilda Strategik rivojlanish va islohotlar agentligining axboroti asosida “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi ijrosi yuzasidan hisobot kiritib boradi.

Yangilangan strategiya bo‘yicha barcha ma’lumotlar uzbekistan2030.uz hamda regulation.gov.uz platformalarida e’lon qilib boriladi.

Voqea tafsilotlari bilan batafsil tanishish uchun QALAMPIR.UZ’ning YouTube’dagi sahifasidagi ushbu videoreportajni tomosha qiling.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston – 2030 strategiyasi Shavkat Mirziyoevn

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing