O‘zbekiston hududlaridagi inflyatsiyani jilovlash tuman hokimlari zimmasiga yuklatildi
Jamiyat
−
11 avgust 2023
5364O‘zbekistonda bundan buyon tuman hokimlari o‘z hududida inflyatsiyani jilovlash uchun shaxsan javob beradi. Bu haqda bugun, 11 avgust kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Davlat rahbari takroriy ekinlar ekilishi holatiga to‘xtalib o‘tar ekan, bunday ishlar to‘g‘ri tashkil etilmagani bois ayrim hududlarda iyul oyida sabzi narxi 52 foizga oshganini, pomidor 2 baravar, bodring 1,7 baravar qimmatlashganini tanqid qilgan. Bundan tashqari, respublika bo‘yicha bor-yo‘g‘i 44 ming gektarga takroriy ekin sifatida kartoshka ekilgan.
Umuman olganda, o‘tgan oyda yillik inflyatsiya darajasi 8,9 foizni, oziq-ovqat mahsulotlarida esa 10,7 foizni tashkil etgan. Bu borada kartoshka, piyoz, un va yog‘ mahsulotlari o‘tgan yilga nisbatan arzonlashgan.
“Shu o‘rinda hokimlarni qat’iy ogohlantiraman. Narxlarni jilovlash tadbirkorlarga mahsulotini majburlab arzon narxlarda sottirish hisobidan bo‘lmasligi kerak. Bu ishlar faqat va faqat takroriy ekinlarni ko‘paytirish va mahsulot hajmini oshirish orqali ta’minlanishi shart”, deydi Prezident.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq respublikadagi 94 ta tuman va shahar o‘z aholisini kartoshka bilan ta’minlay olmayotgani aytilgandi.
.
LiveBarchasi